Yurtimizda transport tarmog`i jadal rivojlanmoqda. Chunonchi, 2000 yilda mamlakatimizda yo`lovchi tashish bo`yicha ikki mingga yaqin yo`nalish mavjud bo`lgan bo`lsa, ayni paytda bu ko`rsatkich 4,3 mingdan oshdi. Joriy yilning to`qqiz oyida mamlakatimiz bo`yicha o`tkazilgan 107 ochiq tender savdosida 913 yo`lovchi yo`nalishi joylashtirildi. Shuningdek, 45 yangi yo`lovchi tashish yo`nalishi ochildi, deya xabar beradi O`zA.
Agentlik transport korxonalari parkini yangilashga ham alohida e`tibor qaratmoqda. Jumladan, joriy yilning to`qqiz oyida tashuvchilar o`z avtoparklarini 408 yuk mashinasi, 77 mikroavtobus va 430 engil avtomobil bilan to`ldirdi. Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan «Isuzu» rusumli 340 yangi avtobus xarid qilindi. Bu haqda O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig`i o`rinbosari Shoolim Shovahobov ma`lumot berdi.
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va Davlat soliq qo`mitasi bilan hamkorlikda transportda tashish sohasida noqonuniy faoliyat yuritayotgan sub`ektlarni aniqlash bo`yicha muntazam reydlar o`tkazilmoqda. Joriy yilning to`qqiz oyida hamkorlikda 3,3 mingdan ortiq reyd o`tkazildi. To`plangan barcha materiallar chora ko`rish uchun tegishli organlarga taqdim etildi.





