27 oktyabrda bo`lib o`tgan O`zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hay`ati yig`ilishida mobil aloqa xizmatlarini ko`rsatish sifatini ta`minlash masalasi ko`rib chiqildi, deb xabar beradi kun.uz
Vazirlik matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, yig`ilishda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo`yicha davlat inspeksiyasi “COSCOM” QK (Ucell), “O`zbektelekom” AJ (Uzmobayl), “RWC” QK (MTS) va “UNITEL” MChJ (Bilayn) mobil aloqa operatorlari ko`rsatadigan xizmatlar sifatini tahlil qilib chiqdi.
Tahlilga ko`ra, ushbu mobil aloqa operatorlari O`zbekiston Respublikasining “Telekommunikasiyalar to`g`risida”gi qonuni talablari bo`yicha qoidabuzarliklarga yo`l qo`ya boshlashgan. Xususan, ko`rsatiluvchi xizmatlar sifati qonunchilikda o`rnatilgan standart, qoida va me`yorlarga muvofiq kelishi ta`minlanmayapti.
Shu sababli, mobil aloqa mijozlaridan tushgan shikoyatlar tahlili natijalariga ko`ra, ushbu mobil aloqa operatorlariga mobil aloqa sifatini qonunchilikdagi me`yorlarga muvofiq yaxshilash bo`yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi yuklandi.





