Loyihani «O`zbekengilsanoat» va Koreya Respublikasining Savdo, sanoat va energetika vazirligi amalga oshiradi.
2017 yilga borib, O`zbekistonda to`qimachilik o`quv-tadqiqot texnoparki quriladi. Loyihani «O`zbekengilsanoat» va Koreya Respublikasining Savdo, sanoat va energetika vazirligi amalga oshiradi, deb xabar beradi gazeta.uz sayti
«O`zbekengilsanoat» kompaniyasi matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, texnoparkda Toshkent To`qimachilik va engil sanoati institutida (TTESI) joriy qilish uchun o`quv va tadqiqot dasturlari ishlab chiqiladi, yuqori qo`shilgan qiymati bor (tayyor matolar, tikuv-trikotaj buyumlari) mahsulotlarni ishlab chiqarish sohasi mutaxassislari o`qitiladi, nou-hau o`rganiladi, materialshunoslik, bo`yash va pardozlash, mato va kiyim-kechak dizayni sohasida tadqiqot ishlari olib boriladi, shuningdek, istiqbolli texnologik yo`nalishlar rivojlantiriladi.
Loyihani Janubiy Koreya hukumatining qurilish-montaj ishlarini bajarish, jihozlarni sotib olish va o`rnatish, shuningdek, xodimlarni o`qitishga mo`ljallangan «Rivojlanishga rasmiy yordam» dasturining grant mablag`lari hisobiga moliyalashtirish rejalashtirilmoqda. Bugungi kunda 2015 yilda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga koreys tomonining roziligi olindi.
Texnoparkda mahsulotlarning yangi turlari va dizaynerlik ishlanmalarini ishlab chiqarishga tatbiq qilish uchun «O`zbekengilsanoat» korxonalari bilan qalin hamkorlikda ishlashi mumkin bo`lgan dizayn guruhini joylashtirish ham rejalashtirilmoqda.





