Avval xabar berganimizdek, “Volkswagen” konserni atmosferaga zaharli moddalarni chiqarish bilan bog`liq ma`lumotlarni soxtalashtirishda ayblangandan so`ng oradan uch hafta muddat o`tsa ham,ushbu yirik avtokonsern atrofidagi shov-shuvlar tinmayapti. “Dizel mojarosi” deb nomlangan bu holat doirasida avtokonsern tijoriy firibgarlikda ham ayblanmoqda. Shu bois Verona shahar sudi kompaniyaning Italiyadagi ofislarini tintuv qilish uchun order berdi. Corriere della Sera nashrining xabar berishicha, Italiya moliyaviy gvardiyasi tomonidan Volkswagen Groupning Italiya vakolatxonasi shtab kvartirasi, shuningdek Bolonya shahridagi Lamborghini ofisida tintuv o`tkazilmoqda. Gumonlanuvchilar ro`yxatiga kompaniya menejment tizimida faoliyat yuritgan bir necha xodim kiritilgan. Qimmatbaho avtomobillar ishlab chiqaruvchi Lamborghini kompaniyasi ham Volkswagen konserni tarkibida bo`lganligi bois tintuv ikkala kompaniya ofislarida ham o`tkaziladi.
Aytib o`tish kerakki, Volkswagen Kaliforniya havo resurslari ittifoqi tomonidan atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilar hajmini noto`g`ri ko`rsatganlikda ayblagan edi. Shuningdek, AQSh hukumati kompaniyadan 2009-2015-yillarda mamlakatga sotilgan 482 ta Volkswagen va Audi avtomobillarini qaytarib olishni so`ragan. Kompaniyaga qo`yilayotgan barcha ayblar o`z tasdig`ini topsa, Volkswagen avtokonserni 18, 075 milliard AQSh dollari miqdoridagi jarima to`lashi mumkin.





