«O`zbekiston pochtasi» AJ tomonidan tayyorlangan «O`zbekiston ne`matlari» turkumining maxsus pochta markalari O`zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 2015 yil 9 oktyabrdan muomalaga kiritildi. Bu haqda «O`zbekiston pochtasi» matbuot xizmatiga tayanib, daryo.uz xabar bermoqda.
Turkum 2 ta pochta markasidan iborat. Pochta markalarida O`zbekistonning yaxshi va qulay tabiiy-iqlim sharoitida o`sadigan mevalar tasvirlangan. Mevalarning nomlari lotin tilida berilgan.
Pochta markalari bir necha rangda ishlangan. Ofset usulida bosilgan. Ularning perforasiyasi taroqsimon, qog`ozi esa oq silliq. 40x40 mm o`lchamidagi pochta markalari 10 ming adadda ishlab chiqarilgan. Markalar rassom A.Kim tomonidan chizilgan va dizayner E.Kaneves tomonidan tayyorlangan. Behi surati tushirilgan Cydonia oblonga deb nomlangan marka 1500 so`m, anor surati tasvirlangan Punica granatum deb nomlangan markaning qiymati esa 1800 so`mga teng.





