AsosiyShou-biznes

O`zbekistonda «Koreya kinosi kunlari» bo`lib o`tadi

  Koreya Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi «O`zbekkino» Milliy agentligi ko`magida 19-24 oktyabr kunlari «Koreya kinosi kunlari» tadbirini o`tkazadi. Bu haqda  12news.uz sayti xabar bermoqda. 

Toshkent, Urganch va Nukus shaharlarida tashkil etiladigan mazkur tadbirda koreyalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan «Miss buvijon», «Mening sevgim, mening qaylig`im», «Maydakash», «Arxitekturaga kirish», «Dongmakgolga xush kelibsiz!» filmlarini namoyish etish rejalashtirilgan. Qayd etish joiz, «Koreya kinosi kunlari» «Korean Week – 2015» haftaligi doirasida o`tkaziladi. Haftalik mobaynida «Bolalar va o`smirlar uchun futbol bo`yicha mahorat mashg`ulotlari», «Koreya amaliy san`ati bo`yicha mahorat mashg`ulotlari» va boshqa shu kabi madaniy-ommabop tadbirlar o`tkazilishi ham ko`zda tutilgan. Ma`lumot uchun, joriy yil mamlakatimizda «O`zbekkino» Milliy agentligi ishtirokida xorijiy filmlar namoyishlari bilan bog`liq bir qator tadbirlar bo`lib o`tdi. Xususan, 30 aprel ­– 3 may kunlari Toshkent shahrida, 5-6 may kunlari esa Samarqand shahrida Toshkent shahridagi Gyote instituti bilan hamkorlikda II an`anaviy «Shum bola – 2015» bolalar festivali o`tkazildi, 22-31 may kunlari esa Toshkent shahrida Evropa ittifoqi delegasiyasi bilan hamkorlikda «Evropa kinosi festivali» tashkil etildi. Shuningdek, 7-10 sentyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda «Xitoy kinosi kunlari» tadbiri bo`lib o`tgan edi.

    Boshqa yangiliklar