AsosiyShou-biznes

«Quduq» filmi «A» toifadagi Tallin xalqaro kinofestivalida!

«O`zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan rejissyor Mansur Abduxoliqov tomonidan suratga olingan «Quduq» badiiy filmi 13-29 noyabr kunlari XIX marotaba tashkil etiladigan Tallin (Estoniya) xalqaro kinofestivalining tanlovdan tashqari dasturiga kiritildi. Bu haqda 12news.uz sayti xabar bermoqda.

«Qora tunlar» (Black Nights) Tallin xalqaro kinofestivali 1997 yildan beri muntazam ravishda tashkil etib kelinayotgan bo`lib, 2011 yili Xalqaro kinoprodyuserlar assosiasiyalari federasiyasi tomonidan rasman tan olingan, 2014 yili esa «A» toifasidagi kinofestivallar qatoriga kiritilgan. Ma`lumot uchun, ayni vaqtda jahon bo`yicha «A» toifasidagi kinofestivallar soni 15ta bo`lib, Berlin, Kann, Venesiya, Karlovi Vari, Varshava va San-Sebastyan kabi nufuzli xalqaro kinofestivallari shular jumlasidandir.

2014 yilgi Tallin xalqaro kinofestivalida turli tanlov va tanlovdan tashqari dasturlar doirasida 500dan ortiq badiiy, qisqa metrajli va animasion filmlar qariyb 80 ming tomoshabin e`tiboriga havola etildi. Festivalni jahonning 50 mamlakatidan tashrif buyurgan 649 nafar nufuzli mehmonlar va akkreditasiyadan o`tgan jurnalistlar kuzatib bordi.

2014 yili suratga olingan «Quduq» badiiy filmi voqealari sobiq Ittifoq davrida, dasht bag`ridagi qishloqda bo`lib o`tadi. Bosh qahramon Lallay bir umr qishloq ahliga quduq qazib berish bilan shug`ullanadi. U qilgan mehnati uchun hech kimdan hech narsa ta`ma qilmaydi, hayotining mazmunini odamlarga yaxshilik qilishda, ularning og`irini engil qilishda deb biladi.

Film bosh qahramoni quduq qazish jarayonida turli voqealarga guvoh bo`ladi, turfa tabiatli kishilar bilan muloqot qiladi. Hayotda ko`rgan-kechirganlarini umumlashtirib, o`zicha muayyan xulosalar chiqaradi. Filmda aktyorlardan Muhammadiso Abulhayirov, Lola Eltoeva, Abduxalil Mignorov, Yulduz Hamidova, Farhod Xudoyberdiev, Sayfiddin Meliev kabilar suratga tushgan.

«Quduq» filmi bungacha 2014 yili Rossiyaning Anapa shahrida tashkil etilgan XXIII «Kinoshok» kinofestivali, 2015 yili esa XI Qozon xalqaro kinofestivalining asosiy tanlov dasturida qatnashgan edi.

Hozirgacha bir qator badiiy, hujjatli va multplikasion filmlarimiz, jumladan, «Quduq» filmi ham AQSh, Germaniya, Xitoy, Rossiya, Avstraliya kabi 10dan ortiq mamlakatlardagi xalqaro kinofestivallarning tashkiliy qo`mitalariga saralash bosqichi uchun yuborilgan va bu boradagi ishlar davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar