AsosiyShou-biznes

«Umr bekatlari» hujjatli filmi taqdimoti o`tkaziladi

Joriy yilning 9 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasida, «Keksalarni e`zozlash yili» Davlat dasturi ijrosini ta`minlash maqsadida «O`zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi tomonidan suratga olingan «Umr bekatlari» hujjatli filmi taqdimoti bo`lib o`tadi. Bu haqda 12news.uz sayti xabar bermoqda.

Hujjatli film qahramoni – asli shahrixonlik, ayni kunlarda Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan, bu yil 101 bahorni qarshilagan Halima aya Qayumovadir. Butun hayotini temiryo`l sohasiga bag`ishlagan aya 24 yoshidan boshlab nafaqaga chiqquniga qadar temiryo`l o`tkazgichi (strelochnik) sifatida ishladi.

Yosh ijodkor Lobar Qobilova ssenariysi asosida rejissyor Muzaffar Erkinov tomonidan suratga olingan filmda ayaning strelochnik sifatida mehnat qilgan ilk davrlari badiiylashgan talqinda tasvirlangan bo`lib, yosh Halimani tashqi ko`rinishi uning yoshligiga o`xshash taniqli aktrisa Nigora Karimboeva gavdalantirgan.

«Hujjatli film zerikarli asar degani emas. Unda albatta badiiylik unsurlari bo`lishi kerak», – deydi film rejissyori M.Erkinov. Ssenariy muallifining qayd etishicha, Halima ayaning ibratli umr yo`li yoshlarga o`z kasbiga sadoqat, tanlagan yo`lida sobitqadam bo`lish, mehr-muhabbat, fidoyilik jihatlari bilan namuna bo`la oladi.

    Boshqa yangiliklar