AsosiyJamiyat

Turkmaniston prezidenti rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi

 O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2015 yil 7 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi. Bu haqda O`zA xabar beradi.

Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev kutib oldi. Qisqa suhbatdan so`ng Turkmaniston delegasiyasi Ko`ksaroy majmuida o`zi uchun ajratilgan qarorgohga yo`l oldi.

Turkmaniston Prezidentining O`zbekistonga rasmiy tashrifi doirasidagi asosiy tadbirlar 8 oktyabrga mo`ljallangan.

Oliy darajadagi uchrashuvlar chog`ida O`zbekiston va Turkmanistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport va kommunikasiyalar, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Tashrif yakunlari bo`yicha ikki davlat rahbarlarining Qo`shma bayonotini qabul qilish, iqtisodiyot, transport, bojxona, turizm, fan-texnika, sog`liqni saqlash va sport sohalaridagi o`zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolanishi mo`ljallangan.

    Boshqa yangiliklar