Toshkent viloyatida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarning 2015-2016 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shahar va tumanlardagi ko`p qavatli uylar belgilangan tartibda joriy va mukammal ta`mirdan chiqarildi. Yuzlab ko`p qavatli uy-joy mavsumga tayyorlab qo`yildi, deya xabar beradi O`zA.
Viloyat hokimligining axborot xizmatidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, o`tgan yillar tajribasi va yo`l qo`yilgan kamchiliklardan kelib chiqib, viloyat hokimining qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlarini qishga tayyorlash ishlari izchil olib borilayotir. Viloyatdagi ko`p qavatli uy-joylarni mukammal ta`mirlash, aholini ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi bilan ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Umumta`lim maktablari, maktabgacha ta`lim muassasalari, Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlarni qish mavsumiga hozirlash, ta`lim maskanlarining binolari, ulardagi muhandislik-kommunikasiya tizimlari, isitish tarmoqlarini ta`mirlash va yangilash, ko`mir zaxirasini yaratish bo`yicha keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotir.
Ma`lumotlarga ko`ra, ta`lim muassasalarining bir yuz ellikka yaqini markazlashgan issiqlik tizimiga ulangan. Bir ming saksontasi lokal qozonxonalar orqali isitiladi. Ayni kunlarda ana shu tizimlarda aniqlangan nosozliklar bartaraf etilmoqda. Shuningdek, yuzdan ortiq ta`lim muassasasining tomi, ichki isitish tizimi joriy ta`mirlandi. Ulardagi singan oynalar almashtirilib, an`anaviy lampochkalar tejamkor lampalarga o`zgartirildi. Bir yuz ellikka yaqin qozon va qozonxonalarni joriy va mukammal ta`mirlash ishlari bajarildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Kuz-qish mavsumining ko`ngildagidek o`tishi tabiiy gaz va issiqlik energiyasi ta`minoti korxonalari zimmasiga, ayniqsa, jiddiy mas`uliyat yuklaydi. Zero, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashi, shuningdek, aholi ham qish-qirovli kunlarni betashvish o`tkazishi aynan yuqoridagi korxonalarning mavsumga qay darajada tayyorgarlik ko`rishiga bog`liq.
Buni yaxshi tushungan “Chirchiqshahargaz” filiali mavsum tadorigiga maxsus reja asosida barvaqt kirishib, eng asosiy va muhim vazifalarni yog`in-sochin kunlarga qoldirmay nihoyasiga etkazishga jiddiy bel bog`ladi. Natijada yillik rejaga kiritilgan 135 gaz taqsimlash nuqtasining hammasi avgust oyining oxirigacha taftishdan o`tkazildi.
– Sovuq kunlar boshlanganda, tabiiyki, gaz bosimi oshiriladi, – deydi filial bosh muhandisi Abdulla Xolmuhamedov. – Shu bois quvurlarning u er-bu erida nosozliklar yuz bermasligi uchun, ular maxsus asboblar yordamida tekshiriladi. Bu yil 16,8 kilometr uzunlikdagi quvurlar reja asosida shunday tekshiruvdan o`tkazildi. Tabiiy gaz liniyalarining ba`zi eridagi nosozliklar tufayli gaz havoga behuda chiqib ketishining oldini olish uchun 79,3 kilometrlik quvurlarning zichligi reja bo`yicha sinovdan o`tkazilib, kamchiliklar bartaraf etildi. 5,5 kilometr quvurlar bo`yab bo`lindi. Isitish mavsumi boshlanishidan oldin har yili 27 ming 643 dudburon oldindan tekshiruvdan o`tkaziladi. Hozirgacha ularning etti mingga yaqini ko`zdan kechirildi. Hademay, qolganlari ham mavsumga soz holga keltiriladi.





