Yurtimizga tashqaridan tovar-moddiy boyliklarni import qilish bo`yicha aniq va samarali tartiblar ishlab chiqilgan bo`lib, bunda eng avvalo yurtdoshlarimiz salomatligi shuningdek, ichki ishlab chiqaruvchilar manfaatlari ham alohida e`tiborga olingan. Afsuski, amaldagi tartiblarga rioya qilmay, natijada ichki bozorni sifatsiz mahsulotlar bilan to`ldirishga harakat qilayotgan “ishbilarmon”lar ham yo`q emas.
Xususan, yaqinda poytaxtimiz bojxona xodimlari tomonidan katta miqdordagi tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo`yildi.
Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Keles” temir yo`l bojxona posti xodimlari tomonidan “Novosibirsk-Toshkent” yo`nalishi bo`yicha kirib kelgan yo`lovchi tashish poezdi yo`lovchilarining qo`l yuklarini bojxona nazoratidan o`tkazish natijasida fuqarolar A.Raximov hamda O.Maxmudovlar (maqoladagi barcha ism-shariflar o`zgartirilgan) umumiy qiymati 36,6 mln. so`mdan ortiq bo`lgan 70 turdagi tovar-moddiy boyliklar, shu jumladan maishiy tozalash vositalari va paryumeriya mahsulotlarini yo`lovchi bojxona deklarasiyasida va bojxonachilarning og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilmasdan turib, olib kirishga uringani fosh qilindi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati.
Shuningdek, post xodimlari “Almata-Nukus” yo`nalishi bo`yicha kirib kelgan poezdi yo`lovchisi U.Jabborov tomonidan qiymati salkam 3,4 mln. so`mlik tovar-moddiy boyliklari, xususan parfyumeriya va ayollar gigienik vositalarini noqonuniy ravishda olib kirishga uringan paytda to`xtatib qolindi.
Yuqoridagi holatlarda ushbu shaxaslar yuridik shaxs bo`lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi jismoniy shaxs sifatida davlat ro`yxatidan o`tmasdan turib, tovar-moddiy boyliklarini tijorat maqsadida olib kirishga urinishgan.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Boshpochtamt” bojxona posti xodimlari Hindistondan kelgan pochta jo`natmalarining Marg`ilon tumanidagi aynan bir ko`chada istiqomat qiluvchi bir nechta shaxslar nomiga yuborilganligidan shubhalanib qolishdi. Mazkur pochta jo`natmalari amaldagi tartiblarga muvofiq bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, ularda aynan bir turdagi tovar – ayollar uchun xina bo`yoqlari yuborilganligi ayon bo`ldi. SN-23 shaklidagi pochta deklarasiyasida ko`rsatilmagan 5500 donadan ortiq xina bo`yoqlarining umumiy qiymati 27,5 mln. so`mdan ortiq bo`lib, ular shaxsiy foydalanish uchun emas, aksincha tijorat maqsadida yuborilganligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, parfyumeriya va kosmetika vositalari Vazirlar Mahkamasining "O`zbekiston Respublikasiga iste`mol tovarlari olib kirishni takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida» 2013 yil 13 maydagi 127-sonli qaroriga muvofiq davlat tilida markalanishi shart bo`lgan iste`mol tovarlari ro`yxatiga kiritilgan.
Shuningdek, bu turdagi tovarlar Vazirlar Mahkamasining «Sertifikatlashtirish tartibotlarini va sifat menejmenti tizimlarini joriy etishni takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida» 2011 yil 28 apreldagi 122-son Qaroriga binoan, majburiy tartibda sertifikatlanadigan mahsulot turlari ro`yxatiga ham kiritilgan.
Shu o`rinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi fuqarolardan bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan 120-76-76 ishonch telefoniga qo`ng`iroq qilishlari mumkinligini eslatadi. Murojaatlar anonimligi kafolatlanadi.





