AsosiySport

Alibobo RAHMATULLAEV: “QAChONDIR XORIJDA TO`P SURIShIMGA IShONARDIM”

Xorijda to`p suradigan legioner futbolchilarimizning soni yana bittaga ortadigan bo`ldi. Ozarbayjonning “Ravan” klubi bilan shartnoma tuzgan Alibobo  Rahmatullaev “Darakchi” gazetasiga shu haqda intervyu berdi.

         - Alibobo, Ozarbayjon chempionati ishtirokchisi “Ravan” klubidan tushgan taklif qay tariqa ro`y berdi?

         - Bu klub mutasaddilaridan biri men bilan aloqaga chiqib, “Ravan” bosh murabbiyi o`yinlarimni kuzatib kelayotganligini hamda jamoaga taklif qilishni maqsad qilganini aytib qoldi. Shundan so`ng jamoa bilan  shartnoma tuzdim. Kelishuvimiz shu tariqa amalga oshirildi. Ochig`i, bunday taklifni kutmagandim. Negaki, men “Navbahor” bilan shartnoma tuzib bo`lgandim. Shu boisdan xorijdan taklif tushishi men uchun yangilik bo`ldi. Bu xabar bir tomondan meni quvontirib, o`zimga bo`lgan ishonchni yanada oshishiga turtki bo`ldi desam yanglishmagan bo`laman.

         - «Ravan» jamoasida sizni qanday kutib olishdi?

         - Barchasi zo`r bo`ldi. Klubdagi murabbiylar, futbolchilarni meni yaxshi kutib olishdi. Uzoq vaqt birga to`p surgan qadrdonlardek muomala qila boshlashdi.

         -  Umuman, bu jamoaning yangi mavsumdagi rejalari qanday ?

         - Klub yangi mavsumda o`z oldiga yuqori maqsad va vazifalarni qo`ygan. Shu boisdan har bir o`yinda munosib tarzda o`ynab, g`alaba qozonishimiz kerakligini uqtirishdi.

         - Mashg`ulotlar jarayoni haqida nimalarni ayta olasiz?

         - Jamoadagi muhit, mashg`ulotlar jarayoni, sharoitlarning barchasi meni to`laqonli qoniqtirdi. Evropacha uslubda futbol ko`rsatiladi. Bu esa o`yinchining yanada o`sishi va malakasini ortishiga sabab bo`ladi.  Futbolchi o`z oldiga yuqori maqsadlarni qo`yishi kerak. “Ravan”ga bejiz kelganimcha yo`q. Jamoada ko`proq o`yin amaliyotiga ega bo`lish tarafdoriman. Shuningdek, qo`yilgan vazifalarni bajarishda borimni berib, barchaning ishonchini oqlamoqchiman. Shu orqali milliy terma jamoadan taklif olishni rejalashtirganman. Axir, har bir futbolchi bosh jamoada o`ynab, xalqaro musobaqalarda Vatani sharafini himoya qilishni orzu qiladi. 

    Boshqa yangiliklar