AsosiyJamiyat

Banka ichidagi zahar: yaqinlaringiz hayotini xavf ostiga qo`ymang!

Pishiqchilik mavsumi hamma uy bekalarimiz qishgi mavsumga tayyorgarlik ko`rish maqsadida uylarida konservalar tayyorlashni boshlaydilar. Biroq shifokorolarimiz og`ir kasalliklardan biri hisoblangan botulizmni oldini olish maqsadida uyda konserva mahsulotlarini tayyorlamaslikni va uyda tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste`mol qilmaslikni tavsiya etishmoqda.

Botulizm o`zi qanday kasallik? Uning oqibatlari qanday? Bu haqda batafsil ma`lumotni Sog`liqni saqlash vazirligi Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi Ovqatlanish gigenasi bo`limi mudiri Qamriddin BOQIEVdan oldik.

Biz mutaxassis sifatida birinchi navbatda odamlarning bu boradagi saviyasini, bilimini va gigienik madaniyatini oshirishimiz lozim. Kasallik uyda konservalangan mahsulotlardan kelib chiqadi. Buning asosiy sababi shuki,  xonadonlarda texnologik talablarga  to`liq rioya qilinmaydi va buning iloji ham yo`q. Ushbu kasallikning qo`zg`atuvchilar tashqi muhitda suvda, tuproqda keng tarqalgan. Bular noqulay sharoitda ustiga qobiq hosil  qiladi. Qachonki ular o`zi uchun qulay sharoitga, ya`ni kislorodsiz joyga tushsa ular qobig`idan chiqib, vegetativ holatga o`tib ko`paya boshlaydi, biologik toksin ishlab chiqaradi. Ushbu qobiq ichida qancha muddat bo`lsa ham turaveradi. Toksinlar inson uchun juda zaharli. Kislorodli oddiy havoda esa ular yashay olmaydi, parchalanib ketadi.

Botulizm o`zi nima?

Botulizm kasalligi ayrim hollarda o`lim bilan tugaydigan, og`ir turdagi ovqatdan zaharlanish bo`lib, uy sharoitida tayyorlangan pomidor, bodring, patisson marinadi, baqlajon ikrasi va boshqa konserva mahsulotlarini iste`mol qilish oqibatida yuzaga keladi.

Nima qilish kerak?

Kasallik sporalari o`lishi uchun +120 darajali harorat bo`lishi kerak. 20 daqiqadan oshiq qaynab turishi kerak. Bundan tashqari 2,5 atmosferadan yuqori bosimda sterillanishi kerak. Sporalar bankalarga tushib qolsa ular qobiqdan chiqib ko`payadi va o`zidan toksin ishlab chiqaradi. Buni iste`mol qilgan odam botulizm kasaliga chalinishi mumkin. Shu sababli biz uy sharoitida konserva tayyorlamaslikni tavsiya etamiz. Albatta, shuncha odam uyda tayyorlayapti-ku deyishingiz mumkin. Ha, lekin bu milliondan bitta holatda uchrasa ham bir inson uchun ayanchli natijalarga sabab bo`lishi  mumkin.

Vaqtida yordam berilsa-chi?

Kasallik yuzaga kelib u markaziy nerv tizimi neyronlarini falajlaydi. Kasallikka zudlik bilan davo choralari ko`rilmasa u o`lim bilan tugashi mumkin. Kasallikning yashirin ya`ni inkubasion davri 14 kunni tashkil qiladi. 

Eng achinarlisi...

Bu kasallikni o`z qo`llarimiz bilan keltirib chiqaramiz va o`z qo`llarimiz bilan yaqinlarimizni zaharlaymiz! Bu kasallik qo`zqatuvchisi hech bir dezinfeksion moddalarga o`lmaydi faqat ishqorli kislotali muhitda o`sishdan to`xtashi mumkin. Buni o`ldirish uchun termik obrabotkani kuchaytirish lozim.

Zaharlanish belgilari qanday?

  • Holsizlanish, ko`ngil aynishi, qayd qilish, og`iz qurishi;
  • Ko`rishning hiralashishi;
  • Buyumlarni ikkitadan ko`rinishi;
  • Ko`z qovog`ining osilishi;
  • Ovoz bo`g`ilishi.

Botulizmga chalinmaslik uchun...

  • Uy sharoitida pomidor, bodring, patisson marinadi, baqlajon ikralari kabi konserva mahsulotlarini tayyorlamaslik;
  • Belgilanmagan joylar, ko`cha-kuylarda sotilayotgan konserva mahsulotlarini harid qilmaslik;
  • Do`konlardan konserva mahsulotlarini harid qilish jarayonida mahsulot yorlig`i va unda keltirib o`tilgan ishlab chiqaruvchi korxona nomi, ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddatiga alohida e`tibor berish;
  • Har qanday konserva mahsulotlarini ochishdan oldin uni chayqamasdan yaxshilab ko`zdan kechirish, qopqog`i ko`tarilmaganligiga, suyuqligining tiniqligiga va mahsulotning ezilmaganligiga e`tiborli bo`lish lozim.

Yodda tuting!

Botulizm kasalligini davolash hamda  asoratlarini oldini olishning yagona yo`li shifokorga o`z vaqtida murojaat qilish. Bemorni uy sharoitida o`zboshimchalik bilan davolash og`ir asoratlarga, hattoki o`limga olib kelishi mumkin. Shu sababli kasallik belgilari kuzatilsa, zudlik bilan shifoxonaga murojaat qilish lozim!

Bugungi kunda tibbiyot ancha  rivojlangan. Hozirda kasallik toksiniga qarshi har bir yuqumli kasalliklar shifoxonasida anatoksin zardoblar bor. Ushbu zardob qanchalik tez va vaqtida organizmga quyilsa va neytrallansa kasallikdan shuncha tez forig` bo`lishi mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar