Ayrim fuqarolar firibgarlarning gapiga laqqa tushib, emay-ichmay yiqqan mablag`larini ularning qo`liga qo`shqo`llab tutqazib, oxir-oqibat boshlarini qaerga urishni bilmay qoladilar...
16. 150 ga baholangan “Lasetti”
Namanganlik Bahodir O. (ismlar o`zgartirilgan) ham anchadan beri mashina minish orzusida topgan-tutganidan chegirib, pul yig`ardi. To`plagan puli mo`ljaliga etgach, akasi Bahrimurod bilan birga mashina sotib olish uchun Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan mashina bozori tomon yo`l olishdi. Ular bozor aylanib, sotilayotgan mashinalarni tomosha qilishdi. Mashina yoqsa, narxi to`g`ri kelmay, narxi to`g`ri kelganining o`zi yoqmay, ancha ovora bo`lishdi.
Shunda oq rangli “Lasetti” avtomashinasi Bahodir O.ning diqqatini tortdi. Akasiga ham mashina juda yoqqanidan unga xaridor bo`lishdi. Mashina egasi Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashovchi 22 yoshdagi Mahmud A. bilan talashib-tortishib, mashinani 16.150 AQSh dollariga narxlashdi. Ammo Bahodir O. yonida 14.000 AQSh dollari bo`lganidan, Mahmud A.ga qolgan 2150 dollarni ikki oy mobaynida olishga ko`nsagina, mashinani sotib olishi mumkinligini bildirdi.
— Onamga qo`ng`iroq qilib maslahatlashib ko`ray, agar ko`nsalar, men roziman, — deb javob berdi Mahmud.
— Mayli, bemalol maslahatlashing, biz ungacha bozor aylanib turamiz, — dedi Mahmud.
Aka-uka bozor aylanib, yana Mahmud A.ning yoniga qaytishdi. Mahmud A. ularga onasi rozi bo`lganini, faqat avtomashinani hozircha ikki oyga ijara shartnomasiga asosan hujjatlashtirib berishini, qolgan 2150 AQSh dollarini olgandan keyingina avtomashinani qonunda belgilangan oldi-sotdi shartnomasi orqali rasmiylashtirib berishi mumkinligini aytdi.
“Pulingizni oshig`i bilan qaytaraman!”
Uning shartiga rozi bo`lgan aka-ukalar Mahmud A. bilan birgalikda uning uyiga, onasining oldiga borishdi. Mahmud A. aka-ukalarni onasi bilan tanishtirdi. Onasining oldida ular yana oldi-sotdi shartlarini muhokama qilishdi. Aka-ukalar uyiga olib kelib, onasi bilan tanishtirgani uchun Mahmud.A ga ishonib, uning barcha shartlariga rozi bo`lishdi va 14.000 AQSh dollarini uning qo`liga qo`shqo`llab tutqazishdi. Ona ularni mashinalik bo`lganlari bilan tabrikladi.
Oradan ikki oy o`tgach, Bahodir A. va`da qilingan 2150 AQSh dollarini Mahmud A.ning uyiga olib kelib berdi. Shunda Mahmud A. unga:
— Aka, ko`ngilingiz to`q bo`lsin, men yolg`onchi emasman, hozir ishlarim ko`p, bir haftadan keyin mashinani sizning nomingizga rasmiylashtirib beraman, — deb va`da berdi.
Va`da qilingan bir hafta o`tgach, Bahodir yana Mahmudga qo`ng`iroq qildi, ammo u yana har xil bahonalar bilan, mashinani uning nomiga rasmiylashtirishni kechiktirdi. Mahmud A. bora-bora uning qo`ng`iroqlariga javob bermaydigan bo`ldi. Bundan xavotirga tushgan Bahodir uning oldiga kelib, avtomashinani zudlik bilan uning nomiga rasmiylashtirib berishni qat`iy talab qildi.
Uning talabidan keyin Mahmud A. o`zini bechorahollikka soldi:
— Ochig`ini aytsam, hozir oilaviy sharoitim uncha yaxshi emas, uyimda shu savil mashina sabab har kuni janjal. Mashinani arzon sotganmishman. Shuning uchun mashinani bozorga olib boramiz-da, qayta narxlatamiz. Kerak, bo`lsa, bergan pulingizni oshiqchasi bilan qaytaraman. Siz xotirjam bo`ling, aka!
Tushunarsiz iltimos
Mahmud A. yosh bo`lganligi bois, uning gaplariga ishonmagan Bahodir O. hamma gapni uning onasi bilan gaplashib olishni lozim topdi. Ona o`g`lining ishidan xabari borligini aytib, uning aytgan gaplarini tasdiqladi. Shundan keyin Bahodir O. ularning gapiga ishonib, avtomashinani narxlash uchun Sergeli tumanidagi mashina bozoriga olib borib joylashtirdi.
Kirish eshigi oldida pattaga puli yo`qligi sababli Mahmud A. garov sifatida avtomashinaning texpasportini qoldirib, ertasiga pulini to`lab, olib ketishini aytdi. Ertasi kuni Mahmud Bahodirga qo`ng`iroq qildi:
— Aka, uzr, kecha sizga telefon qilolmadim. Kecha mashgina zarur bo`lib qolgani uchun uni kechqurun bozordan olib chiqib ketgandim.
—Bu qanaqasi bo`ldi?
— Shunaqa bo`p qoldi, — dedi va bozorga borib o`tirmasligini, kechasi uni xabardor qilmasdan avtomashina eshigini buzib, uni bozordan olib chiqib ketganligini ma`lum qilib, uni Chilonzor metrosiga etib kelishini tayinladi. — Aka! Iltimos, “Chilonzor” metrosiga keling, o`sha erda hammasini batafsil gaplashamiz.
Bahodir aytilgan joyga borganda Mahmud unga avtomashina 17.000 AQSh dollariga baholanganini, uzog`i bilan to`rt oy mobaynida undan olgan 16.150 AQSh dollarini 20.000 AQSh dollari qilib qaytarib berishini aytdi.
— Men sizni umuman tushunmayapman, maqsadingiz nima o`zi? – so`radi Bahodir.
— E, aka, shu mashinani sizga sotganimdan beri janjaldan boshim chiqmaydi. Iltimos, shu mashina hozir uydagilarning ko`zi o`ngida turib tursin. Mshinaning texpasporti o`zingizda turadi. Shu janjal tinchiguncha yordam bering, iltimos!
Mahmud A. va onasining iltimoslarini inobatga olgan holda Bahodir O. avtomashinani qoldirib, texpasportni olgancha ortiga qaytdi.
“Yana ikki kun sabr qiling!...”
Belgilangan muddat o`tgach, Bahodir O. Mahmud A.ga qo`ng`iroq qilib, unga judayam pul zarurligini, va`da qilingan pullarni qaytarishni so`radi. Mahmud A. unga “Ikki kun sabr qiling, pullarni beraman”, dedi, ammo shundan keyin umuman uning qo`ng`iroqlariga javob bermadi.
Bundan xavotirlangan Bahodir O. “Qaydasan, Toshkent?” deb yana yo`lga tushdi. U Mahmud A.ning onasi bilan uchrashdi, ayol “Ko`nglingiz to`q bo`lsin, o`g`lim albatta va`da qilgan pullarni qaytaradi”, deb uni xotirjam qilgan bo`lsa-da, uning ko`ngli tinchimadi.
Mahmud A.ning o`zini tutishidan shubhalangan Bahodir O. Chilonzor tumaniga qarashli YHXB idorasiga borib, avtomashinaning taqdiri bilan qiziqdi. Idoradagi xodimlar uni Mahmud A. “Yo`qotib qo`ydim”, deb yangi texpasport olganidan, avtomashinani boshqa shaxsga sotib yuborganidan xabardor qilishdi. Shundan keyin chuv tushganini anglagan Bahodir IIB ga ariza bilan murojaat qildi.
Olib borilgan surushtiruv ishlari natijasida, Mahmud A.ning biror joyda ishlamasdan, foydali mehnat bilan shug`ullanmasdan, engil yo`llar bilan boylik orttirishni o`z oldiga maqsad qilib qo`yganligi aniqlanib, unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
«Hammasiga onam aybdor!»
Onani muqaddas zot deb ulug`laymiz, jannat — onalar oyog`i ostida, deymiz, ammo bolasining jinoyat qilayotganini ko`rib turib ham lom-mim demaydigan onalar borligiga nima deysiz?
Rivoyat qilishlaricha, bir o`g`ri yigitni jazolash uchun dorga osishmoqchi bo`lishadi, undan “Oxirgi tilaging nima?” deb so`rashadi. Yigit “Onamni ko`rmoqchiman”, deydi. Onani yigitning oldiga boshlab kelishadi. Yigit “Ona, yaqinroq kelib, tilingizni chiqaring”, deydi. Ona o`g`lining aytganini bajarib, tilini chiqaradi. Yigit onasining tilini g`archcha tishlab oladi. Atrofidagilar uning qilig`idan hayron bo`lib, “Nimaga bunday qilding?” deb so`rashadi. Yigit: “Bolalik paytimda qo`shninikidan tuxum o`g`irlab chiqdim, onam meni alqab, o`sha tuxumni pishirdi. Ertasi kuni esa qo`shnining tovug`ini o`g`irladim, onam mening ishimni ma`qullab, tovuqni pishirib berdi. Agar o`shanda onam meni urishib, bu yo`ldan qaytarganda, hozir dor tagida turmagan bo`lardim”, deb javob beribdi.
Balki Mahmud A.ning onasi ham uni firibgarlik qilishdan qaytarganda, balki u ham jazoga tortilmagan bo`larmidi? Nahotki ona birovning haqi birovga yuqmasligini unutgan bo`lsa?! Bu jinoyatda kim ko`proq aybdor: onami yo farzand?
Sud materiallari asosida Lola Shaimova tayyorladi





