AsosiyJamiyat

Koreya Eksimbanki O`zbekistondagi investision faoliyatini kengaytirmoqda

Mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimovning taklifiga binoan Toshkent shahriga tashrif buyurgan Koreya Respublikasining Eksport-import banki raisi va prezidenti janob Li Duk Xunning tashrifi doirasida O`zbekiston banklari Assosiasiyasida “Koreya Eksimbankining Koreya iqtisodiy rivojlanishidagi roli va uning O`zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga qo`shayotgan hissasi” mavzusida uchrashuv-seminar bo`lib o`tdi.

Seminarda Moliya vazirligi, Markaziy va tijorat banklari, nobank kredit tashkilotlari rahbarlari, tijorat banklarining investisiyalarni jalb qilish va ulardan foydalanish masalalariga ixtisoslashgan departamentlarining ma`sul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Janob Li Duk Xun Janubiy Koreya iqtisodiyotining tashkil topishi va rivojlanishi, mamlakatning jahon ishlab chiqarishidagi yutuqlari, shuningdek mamlakat taraqqiyotida Eksimbankning ahamiyati borasida to`plangan boy tajribasi bilan o`rtoqlashdi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob berdi.

Seminarda bu tajribalar katta qiziqish uyg`otdi va tijorat banklari investisiya faoliyatida asqotishi, shuningdek Eksimbankning O`zbekiston iqtisodiyoti va uning bank sohasi rivojlanishiga qo`shayotgan ulkan hissasi alohida ta`kidlab o`tildi.

Janob Li Duk Xun Eksimbankning, umuman Janubiy koreyalik ishbilarmonlarning O`zbekiston bilan o`zaro manfaatli va uzoq muddatli investision hamkorligini yanada kengaytirishga qiziqish kattaligini bildirdi.

Uning so`zlariga ko`ra, tashrif davomida bir qator investisiya loyihalarini moliyalashtirish masalalari muhokama etilgan. “Asaka” ATB bilan 160 mln AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ochish bo`yicha banklararo kelishuv imzolangan.

Eksimbank O`zbekistonda yirik strategik loyihalarni amalga oshirishda qatnashib keladi. Bank mablag`lari hisobiga mamlakatimizda qariyb 1 mlrd AQSh dollariga teng loyihalar moliyalashtirilgan. Bank mablag`lari telekommunikasiya va avtomobilsozlik tarmoqlarini rivojlantirish, kasb-hunar kollejlari va umumta`lim maktablarini jihozlash, kichik korxonalar imkoniyatlarini kengaytirishga  yo`naltirilgan.

Bank Ustyurt gaz-ximiya kompleksi qurilishining asosiy kreditorlaridan biri bo`lib, ushbu loyihaning amalga oshishi uchun 1 mlrd AQSh dollari ajratgan.

Hozirgi paytda 1 mlrd dollarlik loyihalar o`rganib chiqilmoqda.

Tadbir qatnashchilari har ikki mamlakat bank tizimlari o`rtasidagi samarali va istiqboli munosabatlarning rivojlanishi, o`zaro ishonchni yanada oshishi, shuningdek investisiyalar hajmlari o`sishini ta`kidlashdi.

Eslatib o`tamiz, bankning Toshkentdagi vakolatxonasi 2007 yildan buyon faoliyat ko`rsatmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar