«O`zbekkino» Milliy agentligi, O`zbekiston Respublikasining AQShdagi elchixonasi va Jorj Vashington nomidagi universitet hamkorligida 22-28 sentyabr kunlari AQShning Vashington shahrida «O`zbek kinosi haftaligi» o`tmoqda.
Kinohaftalik davomida o`zbek kinematografiyasi oltin fondidan o`rin olgan «Toshkent – non shahri» (rejissyor Shuhrat Abbosov), shuningdek, «O`zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan turli yillarda suratga olingan «Dilxiroj» (Yusuf Roziqov), «Parizod» (Ayub Shahobiddinov), «Osmondagi bolalar» (Zulfiqor Musoqov), «Ota» (Abduxalil Mignorov) filmlari namoyish etilmoqda.
Mazkur madaniy tadbir doirasida «O`zbekkino» mas`ullari hamda Shuhrat Abbosov va Ayub Shahobiddinov kabi o`zbekistonlik taniqli kinoijodkorlardan iborat O`zbekiston delegasiyasi AQShda bo`ladi.
«O`zbek kinosi haftaligi»da namoyish etiladigan barcha filmlar ingliz tilidagi subtitrlar bilan o`zbek tilida tomoshabinlar e`tiboriga havola etiladi.
Namoyishlar jadvali bilan quyida tanishishingiz mumkin:
22 sentyabr, 18:30* — «Toshkent – non shahri» (1968 y.)
23 sentyabr, 18:30 — «Parizod» (2012 y.)
24 sentyabr, 18:30 — «Dilxiroj» (2000 y.)
25 sentyabr, 17:30 — «Osmondagi bolalar» (2002 y.)
28 sentyabr, 18:30 — «Ota» (2014 y.)
* - namoyishlar Vashington vaqti bilan ko`rsatilgan.





