ODIL AHMEDOV BUGUNGI O`ZBEK FUTBOLINING YoRQIN YuLDUZLARIDAN BIRI HISOBLANADI. ROSSIYaNING “KRASNODAR” KLUBIDA TO`P SURAYoTGAN HAMYuRTIMIZ 3 va 8 SENTYaBR KUNI O`ZBEKISTON MILLIY TERMA JAMOASI SAFIDA JAHON ChEMPIONATI SARALASh BAHSLARIDA TO`P SURIB, TERMA JAMOAMIZNING G`ALABALARIGA O`Z HISSASINI QO`ShDI. QOLAVERSA, AHMEDOV ENDILIKDA TERMA JAMOA SARDORI SIFATIDA JAMOADOShLARINI MAYDONGA OLIB ChIQQADIGAN BO`LDI. AHMEDOVNING YuRTIMIZGA TAShRIFIDAN UNUMLI FOYDALANGAN HOLDA “DARAKChI” GAZETASIGA EKSLYuZIV INTERVYu OLDIK.
— Odil aka, Jahon chempionatiga yo`llanma olish xalqimizning azaliy orzularidan biri bo`lib kelmoqda. Har gal qandaydir omadsizlik tufayli, musobaqaga yo`l olishda muammoga duch kelmoqdamiz. Bu safargi urinishlarimiz foyda keltirishi mumkinmi?
— Bilasizmi, biz har doim jahon chempionatiga chiqish uchun kurashib kelganmiz. Chunki kim ham jahon chempionatidek musobaqada to`p surishni xohlamaydi, deysiz. Hozir saralash o`yinlaridan muvaffaqiyatli o`tish uchun kurashyapmiz va bu safargi urinishlarimiz o`z samarasini berishiga ishonaman. Jahon chempionatiga yo`llanma olish xalqimizni orzusi ekanini bilaman. Ularning orzusini ro`yobga chiqarish uchun borimizni berib, yo`llanma olmoqchimiz.
— Yaman bilan uchrashuvdan oldin terma jamoa sardorligi sizga topshirildi. Bu vazifani uzoq vaqt davomida Server Jeparov bajarib kelgandi. Umuman olganda, buni kutganmidingiz?
— O`yindan avval o`tkazilgan yig`ilish jarayonida bir ovozdan sardorlikni menga berish kerakligini aytishdi. Yodingizda bo`lsa, ilgari ham sardor vazifasida jamoadoshlarimni maydonga olib chiqqandim. Bu futbolchidan katta mas`uliyatni talab qiladi. Klubda sardor sifatida maydonga olib chiqishdan, ko`ra, terma jamoada ushbu mas`uliyatni his qilish qiyinroq kechadi.
— Yaqinda Evropa Ligasi guruh bosqichiga qur`a tashlandi. Raqiblar xususida nimalarni ayta olasiz?
— Qur`aning ko`zi ko`r deb bejiz aytishmagan. Raqiblarimiz yaxshi. O`tgan yillarga qaraganda, keyingi bosqichga chiqishimiz uchun imkoniyat borligini ayta olaman. Hozirda guruhimizda favorit so`zssiz Dortmundning “Borussiya” klubi hisoblanadi. Joriy yilda klub Germaniya Bundesligasida chempionatni yaxshi boshladi va asosiy raqibimizga aylanadi.
— Gresiyaning “Paok” klubi Dmitar Berbatovni o`z safiga jalb qildi. Ozarbayjonning «Gabala» jamoasi ham o`ziga yarasha kuchga ega hisoblanadi. Bu raqiblar ham yaxshigina qarshilik ko`rsatishi mumkin, to`g`rimi?
— Yuqoridagi fikrlarim bilan qolganlarga autsayder sifatida qaramoqchi emasman. “PAOK” va “Gabala” ham yaxshi jamoalar deb bilaman. Guruhimizdagi asosiy favorit sifatida baribir «Borussiya»ni tan olaman.
— 17 sentyabr kuni safarda shu klubga qarshi maydonga tushasizlar. Bilasiz, klub stadionga har bir o`yinda o`rtacha 80 mingdan ortiq muxlis keladi. Evropada muxlislik madaniyati yuqori hisoblanadi. Bunday bosimga tayyormisiz?
— Kechirasiz-u, men bunday stadionga, muhitga, bunday holatga birinchi marotaba duch kelishim emas. Bilsangiz, to`rtinchi yildirki, Evropa Ligasida to`p surib kelmoqdaman. Tabiiyki, turli klublarga qarshi o`ynaganman. Shu boisdan bu haqda gap-so`z bo`lishi mumkinmas.
- «Anji»dan «Krasnodar»ga o`tganingizdan so`ng, muhit borasida qandaydir o`zgarishlarga duch keldingizmi?
- Faqat, iqlim borasida biroz o`zgarish sezdim xolos. Boshqa tomondan tafovut ko`rganimcha yo`q.
- O`tgan mavsumda jamoaning eng yaxshi futbolchisi deb topildingiz. Bu sizga nima berdi?
- Yanada ko`proq ishonch taqdim qildi O`z ustimda ishlab, jamoaga foyda keltirish borasida o`ylayapman. Chunki bunday ishonch bildirilganining o`zi bir baxt hisoblanadi.
- Ikki o`g`lingiz bor. Ular kelajakda sizni izdoshingiz bo`lishni maqsad qilsa, bunga qarshilik qilmaysizmi?
- Agar ularda shunday istak va xohish bo`lsa, qarshilik qilmayman.
- Bolalar yoshligidan nimaga qiziqishi borligi ko`rinib boradi. Farzandlaringizni qiziqishi ko`zga tashlanyaptimi?
- Ularda koptokdan ko`ra, qo`shiq aytishga qiziqish yuqori.
- Odil Ahmedov qaysi jamoada bo`lishidan qat`iy nazar, doimo 25-raqam ostida to`p surib keladi. Bunda qandaydir ramziy ma`nosi bormi?
— “Paxtakor”ga kelganimda aynan shu raqamni berishgan. Shundan keyin 25 raqamida to`p surishni odatga aylantirganman. Raqam almashtirishni yoqtirmayman.
Izzatbek ABDUVAHOBOV suhbatlashdi





