AsosiyJamiyat

TALABA BO`LOLMAGAN BO`LSANGIZ...

Kechagina talaba bo`ldimmikin,  degan hayajonda test sinovlari natijalarini intiqlik bilan kutgan, biroq talabalik baxtiga muyassar bo`la olmagan abiturientlarning ayrimlari bugun tushkunlikka tushib o`tirgan bo`lsa ajabmas. Ularning ayrimlari allaqachon yangi  maqsadlarni belgilab olg`a qadam qo`yishni boshlab yuborgan bo`lsa, ayrimlari keyingi yilgi test sinovlarigacha qanday yo`l tutishni, nima bilan shug`ullanishni aniqlab olmagan. Shularni inobatga olib biz bugun e`tiboringizga bu boradagi ayrim maslahatlarni havola etamiz.

Raqamlar

Bu yil oliy ta`lim muassasalariga  rekord natija qayd etilib, jami 605 836 nafar abiturient hujjat topshirdi hamda bir o`ringa 10.45 kishi da`vogarlik qildi. Shulardan faqat  57 957 nafari talabalik baxtiga muyassar bo`ldi. Ko`rdingizmi, abiturientlarning 10 foizigina talabalar safidan joy ololgan.  Shu sababli tushkunlikka tushmang. Bu o`zingizga nisbatan ishonchingiz so`nishiga sabab bo`lolmaydi. Qaysidir ma`noda bunda faqat bilim emas, omad ham o`ziga yarasha rol o`ynagan.

Xo`sh, qolgan yarim million abiturient yana bir yilni qanday o`tkazishi mumkin? Bugun talabalik baxtiga muyassar bo`lmagan yoshlarga o`z tavsiyalarimizni beramiz.

Imtihonlarga tayyorlaning 

Bugungi kunda deyarli barcha oliy o`quv yurtlari qoshida o`quv tayyorlov markazlari ochilgan bo`lib, unda Abiturientlarni tibbiyot, ijtimoiy, iqtisodiy, texnika kurslari buyicha davlat test sinovlariga tayyorlaydi.

Tahminiy narxlar: Bugungi kunda o`quv markazlarida tayyorlov kurslari o`rtacha 150 ming so`m bo`lsa, uchta fandan tayyorgarlik ko`rish bir oyga taxminan 450 ming so`mni tashkil etadi.

Harbiy xizmatga borib keling 

Ushbu taklif asosan kuchli jins vakillariga - yigitlarimizga tegishli bo`lib, o`z o`rnida bu oliy ta`lim muassasasiga qo`shimcha ball to`plash imkonini ham beradi. Buning ustiga harbiy xizmat hayot uchun ham ajoyib maktab sanaladi, u yoshlarning   jismoniy va ruhiy kuch-qudratini oshiradi.  (OTMda o`qish chog`ida ham bu bardosh sizga albatta asqotadi). Shu sababli vaqtni zoe ketkazmay harbiy xizmatga borib kelsangiz ham bo`ladi.

Ishga kiring

Agar universitetda o`qishni rejalashtirayotgan bo`lsangiz, bu sizga biroz xalal berishi mumkin. Biroq buning o`ziga xos foydali tomoni ham bor: aytaylik maoshlaringiz o`quv kursi yoki repetitor xarajatlarini  qoplashi mumkin, bu ota-onangizga o`ziga xos yordam bo`ladi. Bunda sizdan juda katta kuch va mehnat talab etiladi. Ham ishlab, ham o`qishga tayyorlanish faqat juda irodali insonlarnigina qo`lidan keladi. Agar siz kelajakdagi mutaxassisligingizga mos ish topsangiz, bu o`ziga xos amaliyot vazifasini ham o`tashi mumkin. Shunda universitetda o`qiyotganingizda ham osonroq kechadi.

Hunar yoki til o`rganing 

Bugun yurtimizning turli nuqtalarida yoshlarga hunar o`rgatish maqsadida turli o`quv markazlar tashkil etilgan. Unda uy hamshiraligi, massaj, elita pardalar tikish, pazandalik, chevarlik, oshpazlik, ayollar va erkaklar sartaroshligi, sun`iy gul yasash, to`quvchilik, bolalarni maktabga tayyorlash, kompyuter savodxonligi, shuningdek, rus, ingliz, koreys va boshqa chet tillarini o`rgatish bo`yicha kurslar faoliyat yuritadi. Ularda malakali mutaxassislar tomonidan yoshlarga turli kasb va hunar sirlari o`rgatiladi.  Kurslarga qatnab albatta kerakli natijalarga erishish imkoni yaratiladi.

Internet orqali ta`lim oling

Sizda masofaviy bilim olish imkoniyati ham mavjud. Bugungi kunda butunjahon internet tarmog`i kurslarda yoki istalgan xorijiy institutda o`qish imkonini bermoqda. Buning o`ziga xos ijobiy tomonlari bor. Birinchidan darslar vaqtini o`zingiz uchun mustaqil tanlaysiz, ikkinchidan bir vaqtning o`zida ishlashingiz ham mumkin.

Aytaylik, gid-yo`lko`rsatuvchi, turfirma rahbari kabi mutaxassisliklarga “O`zbekturizm” Milliy kompaniyasining Respublika ilmiy-o`quv konsalting markazida onlayn o`qish imkoniyati mavjud. O`qishning elektron shakilini juda ko`p oliy o`quv yurtlari amalga oshirmoqda, masalan, Samarqand Davlat tibbiyot instituti. Rossiya OO`Yulari – MTI (Moskva texnologiya instituti), va TyumDU (Tyumen Davlat universiteti) ham masofaviy o`qitadi.

Birinchisida iqtisodiyot, informasion texnologiyalar, qurilish, issiqlik energetikasi va boshqa fakultetlarni tanlash mumkin. Ikkinchisida mashhur soha menejment, pedagogika, sayyohlik, iqtisodiyot va huquqshunoslik sohalari mavjud. Batafsil ma`lumotni, yuqorida sanab o`tilgan muassasalarning rasmiy saytlaridan olish mumkin.

Darvoqe, o`quv materiali bilan batafsil tanishish imkonini shuningdek – Garvard, Massachusets, Boston, Berkli va boshqa ta`lim muassasalari taqdim etadi. Albatta bunday kursdan keyin sizga hech kim hech qanday hujjat bermaydi, lekin Nobel mukofotiga sazovor bo`lgan laureatlarning, mashhur o`qituvchilarning ma`ruzalarini ko`rishingiz, o`z bilimingizni oshirishingiz mumkin.

Hordiq chiqaring

Agar test sinovlariga tayyorgarlik jarayonidan kuchingiz, bardoshingiz va asablaringiz toliqqan bo`lsa, ehtimol biroz tanaffus qilish maqsadga muvofiqdir. Yil davomida juda ko`p foydali ishlar qilish mumkin: Photoshopda ishlashni o`rganish, mashhur yozuvchining asarini o`qib chiqish, yoki biror erga dam olishga borish.

Xulosa

Asosiysi – aslo xafa bo`lmang. Har qanday nomaqbul vaziyat, hatto omadsizlik bilan yakunlangan imtihon ham – bu birinchi navbatda yana bir imkoniyat. Uni qo`ldan boy bermang.

Unutmang!

Bir urinishda o`qishga kirolmagan o`z ishining mutaxassilari juda ko`p. Intilganga tole yor! Shu sababli, ruhingizni tushirmay kelajakda albatta o`zingiz istagan marraga erishishga harakat qiling.

 

    Boshqa yangiliklar