Iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularning iste`dod va mahoratlarini namoyon qilishlari uchun imkoniyat yaratish, yosh avlodning ma`naviy olamini boyitish, madaniy saviyasini yuksaltirish, san`at va go`zallikka intilishini kuchaytirish, milliy san`at an`analari va yo`nalishlarini saqlab qolish, rivojlantirish va davom ettirish maqsadida Xalq ta`limi vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamda hamkor tashkilotlar bilan birga “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivali o`tkazib kelinmoqda.
Festivalda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo`lgan o`quvchilar 6 ta yo`nalish: klassika, vokal, xalq cholg`ulari, raqs, tasviriy va amaliy san`at hamda nazm va nasrda bellashadilar. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati xabar beradi.
Ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivalining tuman (shahar) saralash bosqichi bo`lib o`tmoqda. Unda o`quvchi-yoshlar o`zlarining ijodkorlik qobiliyatlarini namoyish etib kelmoqda.
Jumladan Andijon viloyati Bo`z tumanida “Kamalak yulduzlari – 2015” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining tuman (saralash) bosqichi yuqori saviyada o`tkazildi. Festivalda tumandagi 456 nafar iqtidorli o`quvchilar 6 ta yo`nalishi bo`yicha ijodiy ishlar bilan ishtirok etdilar.
Festivalda faol ishtirok etib, g`oliblikni qo`lga kiritgan o`quvchilar tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg`alari bilan taqdirlandilar hamda festivalning hududiy bosqich yo`llanmasiga ega bo`ldilar. Festivalning hududiy bosqichi joriy yilning oktyabr oyida, respublika bosqichi esa noyabr oyida o`tkaziladi.





