Respublikamiz bojxonachilari tomonidan bojxona chegaralari orqali naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o`tilishining oldini olish borasida muntazam chora-tadbirlar olib borilmoqda. Xususan, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan shu turdagi bir nechta bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi. Bu haqda “Toshkent-Aero” IBK Axborot xizmati xabar beradi.
Ayollarning nozikkina va bejirim sumkalari faqatgina pardoz-andoz vositalari uchun xizmat qilmaydi. Masalan, undan bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilib, naqd xorijiy valyutalarni yashirib, olib o`tishga urinib ko`rish mumkin! Har holda sirdaryolik Kim xonim (maqoladagi barcha ism-shariflari o`zgartirilgan) aynan shunday fikrga borib qonunbuzarlikka yo`l qo`ygan bo`lsa, ajab emas! Ammo, Seulga uchish oldidan bojxona nazorati vaqtida bu kabi o`ylarning barchasi havoga uchdi! Oqibatda, ayol 2500 AQSh dollari bilan “xayrlashdi”.
Krasnoyarsklik Elenaga elkasiga ortgan ryukzagi “omad” keltirmadi! Parvoz oldidan bojxona ko`rigi vaqtida nazorat-rentgen apparati ryukzakka yashirilgan 2800 AQSh dollarini bir lahzada fosh qilib qo`ydi.
Yon daftarda faqat muhim voqea-hodisalar qayd qilinadi desangiz adashasiz! Qarangki, Rossiya Federasiyasiga yo`l olgan chustlik Shavkatjon yon daftarida naqd xorijiy valyutalarni saqlar ekan. Natijada, bojxona ko`rigi davomida bojxonachilar yon daftar sahifalarini emas, aksincha unga yashirilgan 34 ta 100 dollarlik kupyuralarni “varaqlashdi”.
“Toshkent-Dehli” yo`nalishi bo`yicha o`z yurtiga otlangan Singx esa xamyonidagi 3900 AQSh dollarini bojxona bayonnomasida qayd etishni “unutib” qo`yibdi.
Mavritaniyalik Yasin ”Toshkent-Dubay” parvoziga biroz kechikdi. Bunga esa bojxona nazoratidan yashirin ravishda olib o`tishni ko`zlab, cho`ntagiga bekitgan salkam 4 ming AQSh dollari “sababchi” bo`ldi!
Moskvaga parvozi oldidan rossiyalik Natasha ham qo`l sumkasi orqali noqonuniy olib chiqishga uringan 10 ming AQSh dollari to`g`risida bojxonachilarga tushuntirish berishga harchand harakat qilmasin, barcha bahonalari endi behuda!
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
Raqamlarga ko`ra, joriy yilning o`tgan 8 oyi davomida “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda ta aniqlangan 220 dan ortiq bojxona qoidabuzarliklari natijasida 297 ming AQSh dollari, salkam 26 ming evro, 2,2 mln.dan ortiq Rossiya rubli va boshqa naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy ravishda olib o`tilishining oldi olindi.
Eslatib o`tamiz, respublikamizning chegara-bojxona postlari xodimlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali chiqib ketayotgan shaxslar valyuta nazoratidan o`tkaziladi. Amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegarasini kesib o`tayotgan jismoniy shaxslar tomonidan to`ldiriladigan yo`lovchi bojxona deklarasiyasida O`zbekiston Respublikasining naqd milliy va chet el valyutasi, boshqa valyuta boyliklari hamda qimmatbaho buyumlarning mavjudligi va miqdori ko`rsatilishi shart.
Respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutalarni yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. Bundan ortiq miqdordagi naqd valyutalarni olib chiqish uchun esa vakolatli banklar yoki Markaziy bankning o`rnatilgan tartibdagi ruxsatnomasi talab etiladi.
Norezidentlarga esa O`zbekistonga kirib kelayotganda o`zi bilan olib kelgan hamda bojxonaga taqdim etilgan yo`lovchi bojxona deklarasiyasida qayd etilgan miqdordagi xorijiy valyutani olib chiqishlariga ruxsat berilgan.





