AsosiyJamiyat

“KIMGA AYTAY, DARDIMNI?!”

Tahririyat shunday maskanki, kattayu kichik, yoshu qari birdek tashrif buyuradi. Kimdir quvonchini, kimdir dardini bo`lishadi. Yana kimdir arzini tinglaydigan dardkash qidiradi. Ana shunday mehmonlar qatorida 77 yoshli onaxonning tashrifi barchamizni sergak torttirdi. Kishi bu yoshda kamdan kam holatlarda eshikma eshik najot izlab yuradi. Afsuski, Mamlakat aya keksalik gashtini surish o`rniga bizga yuragida saqlab yurgan iztiroblarini aytgani kelgan ekan...

  • Hech kim bolam menga ozor bersin, bolamdan arz qilay, deb voyaga etkazmaydi, — deya gap boshladi onaxon. — Menam farzandlarimni yaxshi niyat bilan, dunyo-dunyo orzular bilan katta qilganman. Keksaygan chog`imda ko`zimga nur, belimga quvvat bo`lishini niyat qilganman. Afsuski, unday bo`lmadi. Aslida bu haqda birovga ham aytgim kelmaydi. Axir ona uchun “Bolam yomon” degan so`zlarni aytish shunchalar og`irki.

O`zim ham bu gaplarni ayta olmay, o`n yildan buyon ichimda, yuragimda saqlayman. Oxiri bo`lmadi, sabr kosam to`ldi, bardoshim qolmadi. Garchi ko`nglim chopmasa-da, aytishga majbur bo`ldim. Zora, mening o`g`limga o`xshagan farzandlar biroz sergak tortsa, keksa ota-onalarini e`zozlab, qadriga etsa.

Keling, gapni boshidan ayta qolay. Bundan o`n yilcha avval, turmush o`rtog`im vafot etganidan so`ng o`zimcha bir xayolga bordim.

“O`zi ikkitagina bolam bo`lsa, menam keksa bo`lsam. Shu bor-yo`g`imiz ikkita uyni ikki dilbandimga vasiyat qilib qo`ysam, erta mendan keyin dilxiraliklar bo`lmasmidi?”

Shu narsalarni o`ylab, bir xonali uyni qizimning, ikki xonalisini o`g`limning nomiga “Vasiyatnoma” asosida hujjatlashtirdim. Lekin buni qarangki, o`g`lim oradan 15 kun o`tmay janjal qildi:

  • Bizga “Vasiyatnoma” kerak emas. Bizga “Hadya” qildirib bering. Bizga judayam uy zarur. Sizning o`lishingizni kutib o`tiramizmi?

Mana shu qo`pol so`zlarini eshitsam ham e`tibor qilmay uning istagini bajaribman, deng.

Bu istakning ortidan shuncha azob, iztirob, alam kelishini men bechora qayoqdan bilibman? Bilganimda uy-joyni taqsimlab ovora ham bo`lmasdim.

Xullas, o`g`limning xohishini bajarib, o`zim qizim bilan o`sha bir xonali uyda yashab yuraverdim. Ishonasizmi, bizga o`g`lim va kelinim tinchlik bermay qo`ysa...

Nima emish, ota-onaning mol-mulki o`g`ilniki emish...

Shunchalikka bordikki, qulog`imizning tinchini o`ylab, qizim ikkimiz bir tanishimizning uyida ijarada turishga majbur bo`ldik. Bir yarim yil ijarada yashabmiz. Ammo u erda ham tinchlik bo`lmadi.

  • Bu ham o`z singling-ku! Yolg`izgina qizim bo`lsa, otang bo`lmasa, qanday qilib hech narsasiz qoldiraman, buni. Erta o`lib ketsam, holi ne kechadi? Shularni o`ylab, uning o`ziga ham uy berdim. Axir seni o`g`il deb ikki xonalisini, bunga bir xonalisini berdim-ku! — tushuntirishga urinaman.

Yo`q, tushunish tugul, eshitishni ham istamaydi.

Surunkali janjallardan keyin Xudoning rahmi keldimi, qizimning to`yi bo`ldi.

“Endi qulog`im tinchisa kerak”, — deya o`yladim o`zimcha.

Qayoqda? O`g`lim va kelinim meni bir necha marta bezovta qilib, o`tirgan uyimni sotmoqchi bo`ldi.

Men so`ksa ham, eshiklarimni tepib jahl qilsa ham indamadim. Tishimni tishimga bosdim, lekin uyning sotilishiga rozi bo`lmadim.

Buni qarang, firibgarga aylangan o`g`lim va kelinim buning ham yo`lini topibdi. Qizimning oldiga boribdi. Men bexabar.

  • Singlim, mening katta qarzim bor. To`lamasam, qamalaman. Keyin meni qamoqdan chiqarish uchun onamning uyini sotishga majbur bo`lasanlar, — debdi qizimning uyiga borib.

Albatta, bunaqa gapga qaysi singil jim qarab turadi. Qizim akasining boshiga tushgan “tashvish”ni aritish uchun darhol yordam berishga kirishgan. Menga bildirmay, bir xonali uyni sotishibdi.

Lekin o`g`lim uyning pulini qarziga emas, kelinimga mashina olib berishga sarflaydi. Chunki hech qanaqa qarzi bo`lmagan-da!

Bu voqeadan so`ng o`g`lim ikkinchi uyni ham sotamanga tushdi.

  •  Hovli quryapman-ku, sizga ham o`sha erdan bir xonani ajrataman. Keling, bu uyni sotaylik. Hovlining qurilishiga ishlataylik, — avrashga tushdi o`g`lim meni.

Shuncha voqeadan keyin unga ishonib bo`ladimi? Ko`chada qolishim aniq-ku! Shuning uchun rozi bo`lmadim. Noroziligim o`g`limni quturtirib yubordi. Meni do`qlashga tushdi. Hatto kaltaklaydigan shashti ham bor edi. Qo`rqqanimdan jiyanimnikiga qochib chiqdim. Bir oydan oshiq shu erda yashashga majbur bo`ldim. Bu erdaligimdan o`g`lim mening roziligimsiz ikkinchi uyni ham sotibdi.

O`zi esa oilasi bilan qayoqqadir gumdon bo`ldi. Men ko`chada boshpanasiz qoldim. Ilojsizlikdan ishni sudga oshirishga majbur bo`ldim. Albatta, barcha kirdikorlar fosh bo`lib, ishim ijobiy hal qilindi. Hadya shartnomasi bekor qilindi, uyim o`zimga qaytdi. Chunki o`g`lim uyni sotishda ham firibgarlik qilgan, bir yigitga sotib, boshqasini uyga ro`yxatdan o`tkazgan. Uyni sotib olgani esa shumshayib qolavergan.

Bu ishlardan keyin o`g`lim darhol qaerdan paydo bo`ldi va suddan ishni qayta ko`rishni talab qildi. Mana endi o`g`lim qolib, men javob berib yuribman.

Aslida kelinim va o`g`limning qalbini shayton egallab olganini avvalroq sezganimda, bir voqea sabab a sergak tortishim  lozim ekan. Bu xunuk voqeani eslagim ham kelmaydi. Aslida u menga saboq bo`lishi kerak ekan. Men esa...

Keling, shu voqeani ham aytib ketay. Bu janjallar chiqmasdan avval “o`limligim”ga deya pul jamg`arib yurardim. Bir kuni kelinimni qizimdek ko`rib, chaqirib, atay dedim:

  • Mana bu kafanligim. Uning ichiga “o`limligim”ga deb pul solib, yig`ib yuribman. Erta menga bir nima bo`lsa, shuni ishlatasizlar. Bilib qo`yganingiz yaxshi deyapman...

Shunday deya jamg`arganim ustiga yana ozroq qo`shib, yopib qo`ydim. Oradan vaqt o`tib, yana pul qo`shish maqsadida qarasam, bir tiyin ham yo`q. Qotib qoldim. Birdan kelinimga ko`rsatganim yodimga tushib so`radim:

  • “O`limligim”ga degan pulim yo`q. Qaerga ketdi ekan?

Kelinim esa bir tuki qilt etmay nima dedi deng:

  • Pul kerak bo`lgandi, ishlatib qo`ydik.

Mana sizga tomosha. Men ne niyatda unga pullarimni ko`rsatsam-u, u darhol sarflagan bo`lsa...

Bunday odamlardan nima ham kutish mumkin?

Bundan tashqari, o`g`lim bilan bog`liq boshimdan juda ayanchli va dahshatli voqealar ham o`tdiki, ularni tilga olish tugul eslashni ham istamayman. Xuddi qo`rqinchli tushdek tuyuladi menga.

Aslida bu gaplarni ham aytmoqchi emasdim. Uydagi gaplarni tashqariga chiqarishga or qilaman. O`g`limni o`ziga kelar deb ayaganim, ona sifatidan kechirganim uchun hamma gapni qo`ni-qo`shnilardan ham, qarindosh-urug`dan ham sir saqlaganman. Or qilganman. Afsuski, buni o`g`lim tushunmadi. Andishaning otini qo`rqoq qo`yib, hamon men bilan uy talashadi. Men esa yolg`iz boshim bilan ko`chada qolishdan qo`rqaman.

O`g`lim esa zarra bo`lsa-da, meni o`ylamaydi. Salkam saksonga borib qolgan onasining sog`lig`i uchun qayg`urish, g`amxo`rlik qilish o`rniga ko`chaga quvib solishga, yashayotgan uyini tortib olishga, boshpanasiz qoldirishga shay.

Eng alam qilgani, o`g`lim va kelinim bolalariga “Buving o`pka kasal, unga yaqinlashmanglar, yuqadi. Biror nima bersa ham emanglar”, debdi.

Bu gaplar menga shunchalar og`ir botdiki...

Mehnatlarimni oyoqosti qilgan, sog`ligimga putur etkazgan, xo`rlagan, tuhmat va nalomatlarga duchor qilgan o`g`limning bu gapi hammasidan oshib tushdi. Bu gapni qaerdan oldi ekan, ular?

Qariganimda shunchalar jafo chekaman deb o`ylamagandim. O`g`limni shu niyatda voyaga etkazganmidim?

Bularni kelib sizlarga aytishimdan maqsad, biroz bo`lsa-da zardobga to`la yuragimni bo`shatish, onalarga saboq, o`g`illarga dars bo`lishini ta`kidlash.

Hech qachon bolalaringizning taltaytirmang. Ko`ngliga qaramang, degim keladi. Ammo qay ona bolasining aytganini qilgan emas! Biz onalar farzandlarimiz uchun yashaymiz-ku! Yaxshisi, o`g`illarga murojaat qila qolay.

O`g`illarim, bu o`tkinchi dunyoda aslo onangizning dilini og`irtguvchi bo`lmang. Onalar g`animat. Bugun bo`lsa, ertaga yo`q. U sizlarni aslo yomon bo`lsin, deb voyaga etkazgan emas. Kechani kecha kunduzni kunduz demay sizga umrini baxshida qilgan, oromini, halovatini, og`zidagi nonigacha sizga tutgan volidangizdan bir og`iz shirin so`zingizni ayamang.

Shirin gap kimni o`ldiribdi? So`kish ham, shirinsuxanlik ham bir og`izdan chiqadi. Onangizga bir chimdim mehringiz etadi. Shuginani ham ayamang. Men kabi zor qaqshamasin, dardini kimga aytishni bilmay hammaning yuziga bir termulmasin. Ularning dardiga malham sizsiz, sizning sog`ligingiz, sizning borligingiz, tinchingiz katta taskin va madad beradi. Mening shu gaplarimni aslo yodingizdan chiqarmang. Onangizning qadriga eting, ardoqlang!

KAMINA yozib oldi

    Boshqa yangiliklar