AsosiyJamiyat

Bir dasturxonda etti iqlim taomlari

O`tgan haftada poytaxtimizda O`zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik va madaniy-ma`rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi tomonidan “Tasanno – 2015” milliy taomlar xalqaro festivali o`tkazildi. 

O`zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Baynalmilal madaniyat markazi, Badiiy akademiya va mamlakatimizdagi  xorijiy davlatlar elchixonalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu festivalda keng jamoatchilik vakillari, chet ellik mehmonlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma`rifiy hamkorlikni rivojlantirish, turli xalqlar tarixi, urf-odat va an`analari, san`ati va madaniyati bilan yaqindan tanishish do`stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu jihatlar 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona va ahil oiladek istiqomat qilayotgan yurtimizda yanada yorqinroq o`z ifodasini topmoqda. 

Festival doirasida mamlakatimizning turli hududlariga xos milliy liboslar namoyishi hamda yurtimizda yashab ijod qilayotgan turli millat vakillarining badiiy asarlaridan iborat ko`rgazmalar namoyish etildi. Tadbirda o`zbek, xitoy, koreys, arab, ozarbayjon, turkman, vetnam, latish, grek, italyan va boshqa xalqlar milliy taomlari tanlovi bo`lib o`tdi. Turli milliy madaniyat markazlarining badiiy jamoalari ishtirokidagi konsert barchaga zavq bag`ishladi. 

Festival bosh sovrini xitoylik oshpazlarga nasib etdi. Italiyalik pazandalar birinchi, hamyurtlarimiz ikkinchi,  misrlik oshpazlar esa, uchinchi o`rinlarga sazovor bo`ldi. G`olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg`alari topshirildi. 

    Boshqa yangiliklar