O`ta charchaganingda ko`zingga hech narsa ko`rinmay qolarkan. Ayniqsa, menga o`xshab ko`p pul ishlash ilinjida, kechayu kunduz ishlasang. Shu darajada horib kelamanki, ba`zida bolalarimning ovozi qulog`imga karnayning bemahal yangragan navosidek, xotinimniki nog`oranikidek yoqimsiz eshitiladi. Qulog`imni qomatga keltiradi.
Yana meni yomon ota va er deb o`ylamang. Agar shunday bo`lsa, ertalab soat sakkizdan kechki sakkizgacha do`konda sotuvchi, kechki o`n ikkidan ertalabki oltigacha salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi sexda oddiy ishchi bo`lib ishlarmidim?! Albatta, bu mehnatlarim oilamning yorig`ini yopish uchun-da!
Xotinim boshqalardan kam kiyinmasin, bolalarim o`rtoqlari orasida mung`aymasin, deya shirin uyqudan kechib ishlayman. Yomon tomoni, uyga kelgan paytim ko`zimga faqat yostiq ko`rinadi. Boshqa nima ham bo`lsin? Kechki sakkizda do`kondan chiqib, uyga kelib, ovqatlangunimcha soat millari yugurgilab to`qqizga borib oladi. Bunaqa paytda shunaqa tez yuradiki...
To`qqizdan o`n bir yarimgacha yota solib uxlab olaman. So`ng yarim tunda ikkinchi ishxonamga yo`l olaman. Ochig`i, salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi sexdagi yumushim u qadar mushkul emas. Elim idishlarni to`ldirish uchun ichimlik tushadigan jo`mrakka tutib tursam bo`lgani. Qancha idish to`ldirganimga qarab, maosh to`lashadi. Ko`p emas, kam emas bir oyda bu ishim uchun to`rt yuz ming so`mlar atrofida maosh olaman. Sotuvchiligim uchun esa sakkiz yuz ming so`m. Mana shu ikki joydan topgan daromadim ro`zg`or atalmish g`orga amallab etadi. Haliyam xotinim pishiq. Shu puldan ham orttirishga, yig`ishga harakat qiladi. Chunki yashayotgan uyimiz bir xonali.
- Hech bo`lmaganda ikki xonaliga almashtirsak, zo`r bo`lardi, — deydi ba`zida jamg`arganlarini sanay turib.
Biror joyda ishlamasa, uyga bir so`m olib kelmasa ham mening mehnatimni qadrlayotganidan, o`zimni avaylayotganidan xursand bo`laman.
Shukrki, ishdan kelishim bilan dasturxon yozib, ovqatimni oldimga qo`yadi. Keyin joyimni solib, bolalarni jim qiladi:
- Bo`ldi, jim o`tiringlar, dadang uxlab olsin, “smen”ga ketadi.
Biri olti, biri to`rt, keyingisi ikki yosh bo`lgan kichkintoylarimni jim qilish oson emas. Ba`zida endi ko`zim shirin uyquga ilingan payti rafiqamning shang`illagani eshitiladi:
- Men nima dedim senga? Jim o`tirsang, o`lasanmi? Dadang uxlayapti, mol!
- Bolalardan ham ko`ra sening ovozing oshib tushdi, — to`ng`illab qo`yaman.
Uyqu aralash gapirganim uchun eshitmaydi ham. Koyishda davom etayotgan odam qayoqdan ham eshitsin!
Ertalab ham shu ahvol. Kelaman, ovqatlanaman va uxlayman. Kam dam olganim sabab, ayolim g`ing etmay uy yumushlarining barchasini o`zi qiladi. Uyning hamma ikir-chikiri uning bo`ynida. Bozorlik qilishdan, jo`mrak tuzatishgacha.
Hayotimiz uzun yo`ldagi aravaning g`ildiragi kabi bir maromda aylanaveradi. Shu turmushga ko`nikib ham qoldik. Toki uyga kutilmagan mehmonlar kelguncha...
Shu desangiz, bir kuni o`lgudek horib keldim. Do`konga mol kelgani uchun tushlikkacha ularni tashishga ham ancha vaqt va kuch sarflagandik. Uyga sillam qurib keldim. Kirishim bilan eshitilayotgan shovqindan o`zimni yo`qotdim. Bolalarning g`ala-g`ovuri pod`ezdga ham eshitilib turgandi-ya!
- Dugonam kelgan, dadasi... — eshikni ocha turib shipshidi xotinim.
- Yaxshi bo`libdi-da! — dedim parvo qilmay.
Ammo uyga kirgach, ochig`i ayolni tanimadim. Oq-sariq, to`ladan kelgan, ikki yuzi qip-qizil, gavdali bu mehmon xotinim bilan yonma-yon tursa aslo dugonasiga o`xshamasdi.
- Hilola dugonam. Tanidingizmi? — dedi xotinim anqayib qolganimni bilib.
- Yo`-o`-o`q, — dedim rostiga ko`chib.
- Voy, ana tanimadilar, — og`zini lo`ppi kafti bilan yopib kuldi mehmon.
- Unaqa demang, xafa bo`ladi. Eng yaqin dugonam. Hilol-chi? — eslatishga urindi ayolim. — To`yimizda “sviditilim” bo`lgan. Sizning o`rtog`ingiz bilan birga, to`rtalamiz suratga tushgandik. Haligi o`rtog`ingiz to`yimizdan keyin ham Hilolni so`rab qo`ymagandi. Siz “Davay, ikkalasining boshini qo`shamiz. Keyin yuramiz, bordi-keldi qili-i-ib”, degandingiz.
- Ha, siz o`sha Hilolamisiz? — dedim eslagandek bo`lib. Chunki u qiz bilan buning orasidagi farq meni chalg`itayotgandi.
- Ha, turmushga chiqdik, ikkita bolani tug`dik. Katta xotin bo`lib ketdik-da!
“Juda kaa-a-atta xotin bo`libsiz-da”, dedim ichida va yuvingani kirib ketdim. Chiqqach, ovqatimni eya solib, uxlash uchun joy qidirdim. Odatda bunaqa paytda bolalarim “balkon”da bo`lar, o`ynab-o`ynab bo`lgach, gaz plitasi ko`chirilgani hisobiga bolalar xonasiga aylangan, aslida oshxona bo`lgan makonlariga kirib uxlab qolishardi. Men esa yagona xonamiz bo`lgan “zal”ga kirib, xotinim hozirlab qo`ygan joyga cho`zilardimu shirin uyquga ketardim. Bugun mehmon borligi sabab, ovqatni “balkon”da emas, “zal”da edim. Yotib uxlay desam, joy hozirlanmagan. Og`zimni kappa-kappa ocharkanman, xotinimga ma`noli qarab qo`ydim. U dugonasining yonginasida o`tirib olib, allaqaysi siyqasi chiqib ketgan serialni o`zgacha ishtiyoq bilan tomosha qilyapti. Xuddi yangi film ko`rayotgandek bir-biri bilan muhokama ham qilib qo`yadi.
- Bugun ish ko`p bo`ldi. Rosa charchadik, — dedim tomoq qirib olarkanman.
- Dugonam bir kelib qolibdi, picha o`tiring. Yozilib ketay deb kelgan. Eri odam emas ekan. Urmoqchi bo`libdi, uni. Oson emas unga ham. Keyin bolalarning xonasiga kirib uxlab turarsiz... — dedi ayolim televizordan ko`z uzmay.
Ikkalasining televizor tomosha qilishiga biroz termulib o`tirishga majbur bo`ldim. So`ng tag`in ming`irladim:
- Sizlar serial ko`raveringlar, men chiqdim u xonaga.
Bolalar xonasida kichkintoyimiz uxlab yotgan ekan. Uning yoniga cho`zildim. Qani uxlay olsam. “Balkon”dan to`rt bolaning baqir-chaqiri, “zal”dan serialning ovozi kelib, to`g`ri miyamga urilayotganga o`xshardi. Zo`rg`a ko`zim ilindi, deganimda bolalardan biri xonachaga yugurib kirib, hammasini barbod qilardi. Xullas, o`sha kuni dam ololmadim. Ko`zimga yostiq ko`rinib, zo`rg`a kechki ishimga ketdim. Bunaqada ishlab bo`larmidi? Bir necha marta idishni to`g`ri tuta olmay, suvni to`kib yuborgan paytlarim bo`ldi. Qanday ishlaganimni bilmayman Xullas, tongda uyga kelsam, xotinim “balkon”ga joy qilib qo`ygan ekan.
Ishga ketishda choy icharman, deya o`zimni o`ringa tashladim-u, yarim soatda qo`zg`alishga majbur bo`ldim. Chunki ayolim gaz plitasi yonida tiqir-tiqirini boshladi. Keyin dugonasi ham chiqdi. Undan keyin bolalar. Bunaqada uxlab bo`larkanmi?
To`g`risi, kunduzi do`konda og`zim ochilishdan, ko`zlarim yumilishdan charchamadi. Savdoda adashib ham ketdim.
“Bora solib, ovqat ham emay uxlayman. Hech narsa qiziqtirmaydi meni. Avvalosi, dugonasi ketgandir, ham...”
Shirin xayollari bilan pod`ezdimizga qadam qo`ydim-u, kayfiyatim tushdi. Hamon o`sha shovqin, o`sha to`polon ko`chagacha eshitilib turardi. O`zimni zo`rlab, jilmayishga harakat qilib uyga kirdim. Xotinim darhol ovqatni olib keldi. Lekin uxlashim yana kechikdi. Ertasiga esa ovqatim ham kech kelsa deng. Dugonasidan allanimalarni o`rganayotgan xotinim undan keyingi kun eshikni ham kechikib ochdi. Yaxshi narsalarni o`rganayotgan bo`lsa ham mayli. Tirnoq o`stirish, sochni sarg`aytirish, qoshni bir yil ketmaydigan qilib bo`yash, labni chuchchaytirish...
Xullas, oddiygina, mehnatkash, mulohazali xotinim bir hafta ichida oynaga qarashdan, pardozdan bo`shamaydigan tannoz xotinlar qatoridan joy olishiga oz qoldi. Tag`in nima deydi deng.
- Dadasi, ko`proq pul topmasangiz bo`lmaydi. Bu safar har oydagidek pul jamg`arib qola olmadim. Bolalar katta bo`lyaptimi?
“Bir haftada bolalar katta bo`lib, ko`p ovqat eb qolarmidi, ovsar? Besh jondan sakkiz jonga aylangan bo`lsak, yana sen go`zallik saloniga pulni sovurib kelayotgan bo`lsang!” — deya shunaqayam baqirgim keldi.
Afsus, xotinimning dugonasiga tegib ketmasin deb, ichimga yutdim. Ko`ngli nozikmish. Eri xafa qilaverib, injiq qilib qo`yganmish. Hech bo`lmaganda biznikida yayrab yashab tursin emish...
Shunaqa gaplar keldiki...
Oxiri bo`lmadi. Paytini poylab ayolimga shivirladim:
- Dugonang ketmaydimi? Bir xona uyda siqilib ketdik-ku!
- Ji-i-im eshitib qoladi. Arazlab kelgan. Eri urmoqchi bo`libdi...
- Nima? Biznikiga arazlab keladimi? Otasinikiga borsin...
- Otasi o`ldiradi-da! Nomus qiladi. Qaynonasi ham tinmay o`g`lining yonini olarmish. Hilolani tanballikda, epsizlikda, befarosatsizlikda ayblarmish...
- To`ppa-to`g`ri diagnoz qo`yarkan, lekin qaynonasi... — deganimni bilmay qoldim.
- Ji-i-im! “Erim izlab qon bo`lsin, tavbasiga tayansin”, deya atay biznikiga kelgan. Faqat onasi biladi, bu erdaligini...
- Eri mazza qilib o`tirgandir, bir o`zi... Xohlasa uxlaydi, xohlasa ovqat eydi. Yoniga borsam bo`larkan... — xo`rsinib oldim.
- Sabr qiling! Bir umr qolmaydi-ku, shu erda. Boshiga tashvish tushganda!
- Men-chi? — tishlanib dedim.
Bu gaplar xotinimga ta`sir ham qilmadi. Dugonajonimiz esa ketay ham demasdi. Bora-bora toqatim tugab, “uf” tortadigan, keyin bolalarga baqiradigan ham bo`ldim. Qani, ta`sir qilsa... Qizarib ham qo`ymasa deng.
Xotinimni siquvga oldim. Yo`q, uyam dugonasi kabi bezga aylangan. Mening charchayotganim, kam dam olayotganim xayoliga ham kelmaydi. Alamdan vannaxonadiga narsalarni taraq-turuq qilib ham, xotinimni koyib ham ko`rdim. Foydasi yo`q...
Ochig`i, uyga borgim kelmay qoldi. Lekin qayoqqa ham borardim?
- Ozib ketding, bolam... — dedi bir kuni sexda qorovul bo`lib ishlaydigan bobo. — Ishing og`irmi?
- E-e-e, so`ramang... — dedim dardimni tinglaydigan odam topilganidan xursand bo`lib.
- Shuniyam o`ylab yuribsanmi? — dedi bobo kulib. Buning yo`li oson. Xotiningning yonida o`sha dugonasini maqta! Qarabsanki, uning o`zi dugonasini daf qiladi...
Umrimda begona ayollarga mulozamat qilmaganim uchun bu ish qo`limdan kelishiga ishonmadim. Lekin uyga borgach, ko`zimga hech narsa ko`rinmadi. Asta xotinimga dedim:
- Dugonangga “dom” yoqdi. Chiroyi ochilib, ozib ham qoldimi-ey! Ishqilib, kelganidan ancha go`zallashdi... Yo avval e`tibor qilmagan ekanmanmi?
Mendan hech bunaqa gapni kutmagan xotinim g`alati qarash qildi. Lekin hech narsa o`zgarmadi. Menam bo`sh kelmadim. Dasturxon ustida Hilolaning o`ziga dedim:
- Boja sizni ko`rsa, qaytadan sevib qoladi. Ochilib ketyapsiz. Har ko`rganda tanimay qolyapman. Avval ham go`zal edingiz, endi yanayam...
Xotinimning gezarib qolganini bildim. Dam olgani chiqishim bilan orqamdan ergashdi:
- Ha-a-a, ikki kundan buyon dugonam ko`zingizga chiroyli ko`rinib qoldimi?
- Chiroylini chiroyli deydi-da! — parvo qilmadim.
Ishonasizmi, kechki payt quloqlarimga ishonmadim. Pod`ezdimizgi etganda to`xtab quloq tutdim, uyimizga. Tinch. Eshikni taqillatishim bilan ayolim gul-gul yashnab kutib oldi:
- Yaxshi keldingizmi, dadasi? Ovqat tayyor! Sizam charchab ketdingiz. Ovqatlangandan yotib uxlang. O`zi bo`ladimi, kechayu kunduz ishlashning. Hilola ham ja befarosat chiqdi. Amallab dumini tugdim. Tavba, borishga boshqa joy quriganmi, unga? Arazlaguncha, eringning ko`ngliga qara! O`ting, dadasi...
Kulgim qistaganidanmi, xursandligimdanmi lab-lunjimni yig`ishtira olmay qoldim...
KAMINA





