O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta`lim, madaniyat va sport masalalari qo`mitasida Prezidentimizning “Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosi yuzasidan xalq ta`limi vazirining axboroti eshitildi.
Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o`rinbosari N.Umarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta`lim, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi A.Shodmonov, O`zbekiston Respublikasi xalq ta`limi vaziri U.Inoyatov va boshqalar ishtirok etishdi, deya xabar beradi Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati.
Qaror ijrosini ta`minlash maqsadida uzluksiz ta`lim tizimi uchun chet tillardan yangi Davlat ta`lim standartlari, yangi o`quv qo`llanmalari hamda darslik majmualari yaratildi. 2013-2014 o`quv yilidan boshlab barcha umumta`lim maktablarining 1-sinf o`quvchilari uchun chet tillarini o`qitish boshlandi.
So`nggi 3 yilda 5 milliondan ortiq nusxada darsliklar chop etildi. Shu bilan birga, 17 ming 222 ta chet tili kabinetlari uchun qo`shimcha adabiyotlar, lug`atlar ham davlat byudjeti hisobidan etkazib berildi. Ularni zamonaviy multimedia va axborot-kommunikasiya texnologiyalari bilan jihozlash bo`yicha ham qator ishlar bajarildi. Bundan tashqari, turli elektron axborot-ta`lim resurslari, videodarslar, videoqo`llanmalar, interaktiv o`yinlar kabi 50 dan ortiq resurslar yaratildi.
Kadrlar ta`minoti va pedagog kadrlarning qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish yo`nalishida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. O`tgan davrda 18 ming nafarga yaqin chet tili o`qituvchilarining malakasi oshirildi.
Maktabgacha ta`lim muassasalari va maktabdan tashqari ta`lim muassasalarida ham bu borada muayyan ishlar olib borilayapti, to`garaklar faoliyat yuritmoqda.
Yig`ilishda tizimda mavjud imkoniyatlardan, o`quv dargohlariga etkazib berilgan jihozlar, axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda mutaxassislarga bo`lgan ehtiyojni puxta o`rganish kabi masalalar dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta`kidlandi.
Eshituv yakunida qo`mitaning tegishli qarori qabul qilindi.





