AsosiyShou-biznes

Sardor RAHIMXON SAN`ATNI TARK ETIShI, HAMKASBLARINING OChIQ IQRORI VA BOShLOVChILIKKA QAYTGANI HAQIDA…

Bu xonanda o`n yillik ijodiy faoliyati mobaynida xuddi shaxmat yo`lakchalariniki singari oq va qora yo`llarni bosib o`tdi. Gohida shaxmat donasidek chetga chiqdi, biroq “o`yin” qayta boshlandi va u yana talabgir “figura”lardan biriga aylandi. Sahifaning galdagi mehmoni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Sardor RAHIMXON. Xonanda “Pioninaning oq va qora donachalari ketma-ket bosilgandagina ajoyib musiqa jarang sochadi. Hayotimdagi yaxshi-yomon voqealar ham xuddi shu singari”, deydi...

— Sanjar aka, “Oyning o`n beshi qorong`u bo`lsa, o`n beshi yorug` bo`ladi”, degan naqlga ishonib yashaysizmi yo taqdirga tan beradiganlar toifasidanmisiz?

— “Oyning o`n beshi qorong`u bo`lsa, o`n beshi yorug` bo`ladi”, degan naqlga ishonaman. Chunki sinov kelsa, albatta, mukofoti borligini ko`nglim sezadi. Shu sabab tushkunlikka tushib, o`zimni yo`qotib qo`ymayman. Nimaiki bo`lmasin bari yaxshilikka! So`nggi uch yil shu xulosaga kelishimga sabab bo`ldi.

— Ko`pchilik “Sardor Rahimxon sindi, endi avvalgidek mashhurligini tiklolmaydi”, degan fikrda edi...

— Muxlislar va hatto ba`zi hamkasblarim ham o`zimga ochiq aytishdi. Avvaliga ikki yil ruhan cho`kib qolgandim. O`zimga nisbatan talabchan bo`lganim bois fikrlarni to`g`ri qabul qilib, xatoni o`zimdan izladim. Bu tabiatimga xos xislat. So`ng ichki ishonch, onam, yaqinlarimning duosi bilan tushkunlikdan chiqib ketdim. Bilasizmi, shunday fikrlar odamga kuch berar, irodani mustahkamlab, oyoqqa turishga imkon yaratarkan. O`sha salbiy fikrlar mening foydamga xizmat qildi, buning uchun shu fikrni bildirganlarga tashakkur aytaman!

— Omadsiz “yurish”laringiz nazaringizda qaysi hamkasblaringizga imkoniyat bo`ldi?

— Hech qachon birorta san`atkorni o`zimga raqobatchi sanamaganman. Ko`pchilik Ulug`bek Rahmatullaev, Alisher Fayz, Shohruxxonni menga raqobatchi qilib ko`rsatishadi. Ular bilan do`stman! Hamma peshonasiga yozilgan taqdirdan qochib qutulolmaydi. Va har kim rizqiga yarasha nasibasini oladi, hech kim birovning o`rnini bosolmaydi. Ishonsangiz, berilgan sinovlardan xursand bo`ldim, chunki ko`zim ochildi, toblandim. Bu “dars” bo`layotgan voqealarni boricha qabul qilishni o`rgatdi.  

— Uch yillik ijodiy tanaffusingiz mobaynida san`atsiz yashay olish yo olmasligingiz haqida o`ylab ko`rgandirsiz?

— Yo`q, o`ylamadim. To`g`ri, biznes qilmoqchi bo`lib, pul tikdim-u qarzga botib chuv tushib qoldim. O`shanda ikkita “quyon”ning ortidan quvib, ikkisidan ham quruq qolgandan, bitta ishni mukammal bajarishim kerakligini tushundim. Biroq, san`atsiz yashay olaman, bunga tayyorman. Ijodim zo`r ketayotgan bir vaqtda san`atni tark etishni dilimga tugib qo`yganman. Biroq hali yuragimdagi aytar so`zlarimni qo`shiqqa jo qilib bo`lganimcha yo`q. San`atni tark etishimga biroz vaqt bor.

— Odatda, oldimizdan oqqan suvning qadriga etmaymiz. Shu ma`noda shukronalik hissini qay vaqt ko`proq his etdingiz — ijodiy tanaffus mobaynidami yo avvalgidek talabgir xonandalar safiga qo`shilganingizdami?

— Otamni yo`qotgach, oldimizda oqqan suvning qadri yo`qligini tushundim. Oilali bo`lgach, turmush, karera tashvishlari bilan ovora bo`lib, baribir ota-ona bilan bog`liq yurakni emiradigan armonlar qolarkan. Qo`ng`iroq qilganimda otamning “allo”, deb go`shakka javob berishlari, “yaxshi keldingimi?” deb hol-ahvol so`rashlari, dakki berishlarini sog`indim. San`atda hamma narsa o`tkinchiligini tushunib etdim va kibr, e`tibordan havolanishim yo`qoldi. Hozir davralarda fayz olsam, darhol shukr aytib, “bu meniki emas”, deyman. Bir vaqtlar mashhurlik, omad meni sira tark etmaydigandek “hali oilam, yaqinlarimning ko`nglini olishga ulguraman”, degan fikr bo`lgan-da. Shukr, qayta oyoqqa turdim, endi aql bilan ish tutyapman. “Gullagan” vaqtimda omadim, davlatimni atrofdagilarga bo`lishganimdan afsuslanaman. Chunki mushkul vaqtda ulardan munosib javob ololmadim.

— Bunday vaziyatlarga juda ko`p guvoh bo`lganman. O`sha hamkasblaringizga qayta imkon berasizmi?

— Dilxiralik bilan yuzko`rmas bo`lishdan osoni yo`q. Biroq yaqin odamlarni oldimizda saqlab qolishga harakat qilish kerak. Boisi hamma ham xato qiladi. To`g`ri, o`sha vaqtda jahlim chiqadi, lekin tez unutaman. Tabiatan kechiruvchanman.   

— Yangi qo`shiq chiqqanidan boshlab, eskirishga qadam bosadi. Shu jihatdan qarasak, ketma-ket qo`shiqlar taqdim etishingiz, qo`shiqlaringiz shunchaki qabul qilinmayotganidan ilhomlanayotganingiz bilan bog`liqmi yo “oshig`i olchi” xonandalar reytingidan tushib qolmaslik qayg`usi sababmi?   

— Dilimdagi kechinmalarni so`z bilan tushuntirolmayman. Uch yillik ijodiy tanaffus mobaynida aytar gaplarim yig`ilib qolgani uchun yuragimdagilarni qo`shiq orqali taqdim etishga ulgurib qolay, degan maqsadda shoshyapman. Hozir kutish menga og`ir. Balki tez orada san`atdan ketishimni his qilayotgandirman, yana kim bilsin... Chunki ular dilim tubidagi kechinmalarim bo`lgan,  “Otajon”, “Do`st”, “Habibim, holim yomon” qo`shiqlari reyting uchun yozilgan emas, biroq ommalashdi.

— Yurakdan chiqqani albatta, yurakka etib boradi-da! Yaxshigina ommalashgan “Malikam, endi qara” qo`shig`i ham hayotiy vaqea asosida yozilgan ekan-a?

— Ha, bir do`stimning iltimosiga ko`ra, sevgilisi Malikaning xotirasiga atab kuylangan qo`shiq. Og`ir xastalik sabab, vafot etgan... “Eslatar seni qushlar, qaytarmas seni tushlar” misrasini eslang-a...

— Sardor Rahimxon “E`tirof” taqdimotida g`olib bo`lishi uchun ovoz bergan do`sti Ulug`bek Rahmatullaev bilan duet kuylayotganmish...

(Kuladi) Yo`q, unday emas.

— O`zbek san`ati va shou-biznesini kimsiz tasavvur eta olmaysiz?

— Bunday san`atkorning o`zi yo`q. Lekin to`g`ri, hammaning o`z o`rni bor. San`at haqidagi tushuncham juda yuqori, u darajada hech kim ijod qilmayapti.

— Sardor Rahimxon hammi?

— Ha.

— So`nggi vaqtlarda milliy estrada yo`nalishidan chekinib, yoshlarbop qo`shiqlar taqdim etayotganingizga nima sabab?

— Muxlislarimni yoshartiryapman. Ochig`i, milliy estrada yo`nalishidan ko`ra, estradada ijod qilish yoqadi. Lekin yaqin orada sho`x qo`shiqlar qatori Jasur Javharnazarov bilan hamkorlikda milliy uslubdagi juda ta`sirli, ko`zga yosh keltiradigan qo`shig`imni taqdim etaman.   

— Instagram tarmog`ida “Malikam, endi qara” qo`shig`ingiz singari “Sanamjon” qo`shig`i ham yaxshigina shov-shuv qilindi...

— Bu qo`shiqning she`rini uch kishi: shoirlar Bobur Bobomurod, Xushnud Darvesh va o`zim yozganmiz. Bu qo`shiqqa yuragimni “joylaganman”... Oldindan aytaman, afg`on milliy xalq kuyidan foydalanganmiz. Xonandalar Ahmad Zohir, Jo`rabek Murodov, Farhod va Shirin ham bu kuydan foydalanishgan.

— Konsert dasturingiz nega qoldirildi?

— Mavjud qoliplarni buzib, 10 yillik sarhisob konsert dasturi taqdim etishni istamadim. Aslida tug`ilgan kun, yubileylarni yoqtirmayman... Hali yubiley konserti beradigan darajada ijod qilganim yo`q. Balki 50 yillik sarhisob konsertini o`tkazish nasib etar. Ayni damdagi rejam bahorda konsert berish.  

— Muxlislar erkaligini ko`tarasizmi?

— Albatta, lekin shaxsiy hayotimga daxldor bo`lgan erkaliklar bundan mustasno! Tug`ilgan kuniga borib tabriklash, sovg`a ulashish, telefonda gaplashish kabi erkaliklarini ko`taraman.

— Xastalikka chalingan odamlar dardi va ular nimalarni his etishini sizchalik tushunadigan san`atkorlar sanoqli bo`lsa kerak. Buni ishonch bilan ta`kidlashimning boisi kasallikka chalinganlarga muntazam ravishda moddiy yordam qo`lini cho`zishingizdan xabardorman. Kuni kecha Surxandaryodan Olim aka ismli kishi tahririyatimizga qayta-qayta qo`ng`iroq qilib, xasta o`g`liga ko`rsatgan beminnat yordamingiz uchun rahmatini etkazib qo`yishimizni iltimos qildi. Aslida bunday savob ishlar ommaga oshkor etilishi shart emas. Meni maqsadim esa mushtariyimizning iltimosini bajarish va sizdek saxiy insonlar ko`payishi tarafdoriman!

— O`g`li tuzalib ketsin! Bunday muxlislarimizning murojaatiga javob berish, qo`shiq aytib ketish men uchun qahramonlik emas. Kimningdir ko`nglini ko`tarish uchun qo`limdan keladigan ishni nega amalga oshirmasligim kerak? Qiyinchilik ko`rib katta bo`lganim uchun ham ularning ko`nglidagi kechinmalarini his qilaman. Og`ir damlarda berilgan yordamning ahamiyati qay darajada yuqoriligini yoshligimdagi holatim misolida ko`z oldimga keltiraman.

— Muxlislar radiodagi Sanjar Rahimov, Ja`far taxallusi bilan efir olib boradigan radioboshlovchini sog`inishgan...

— Gapingizni bo`laman, tez kunlarda “Mening yurtim” telekanali orqali har yakshanba tongida yangi loyiha orqali boshlovchiligimni sog`ingan muxlislarim bilan g`oyibona uchrashamiz.

— Tobora yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami muborak! Bayram arafasi xonandalarimiz to`yga to`yona sifatida qo`shiq hozirlashadi. Siz ham Vatan, deganda yuragingizdan o`tadigan hislarni qo`shiqqa joylayapsizmi?

— Shoirimiz Muhammad Yusufning “Elim” nomli she`rini qo`shiq qilganman. Lekin hozir ketma-ket premera qilinayotgan shu mavzudagi qo`shiqlar bilan taqdim etishni istamayapman. Shu bois Konstitusiya bayramimizda klipi bilan muxlislarga havola qilishni niyat qildim. Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etaman. Oilalaridan fayz, halovat, quvonch arimasin!    

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi

 

 

    Boshqa yangiliklar