Biz yashaydigan mahallada aksariyat oilalar kabel televideniesiga ulangan, ba`zi hollarda pul to`lashga imkoniyatimiz bo`lmay qolgan yoki unutgan paytlarimizda bizga xizmat ko`rsatuvchi provayder tomonidan o`zimizning “Bolajon”, “Navo” va “Kinoteatr” kabi 12 ta davlat telekanallari ham uzatilishdan to`xtaydi. Bunga provayderning haqqi bormi, bu kanallar bepul ko`rsatilishi kerak emasmi?
Sh.Mansurova, Toshkent sh.
Bugungi kunda amaldagi qonunchilikka muvofiq O`zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasining zimmasiga iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonunchilik talablarini bajarilishi ustidan nazorat olib borish vazifasi yuklatilgan. Shu ma`noda yuqoridagi kabi iste`molchilar e`tirozi ham mazkur qo`mita tomonidan o`rganildi va natijalar haqida rasmiy saytda e`lon qilindi.
O`ChIRIShGA YO`L QO`YILMAYDI
Qo`mita taqdim etgan o`rganish natijalariga ko`ra, ko`pgina raqamli televidenie xizmatlarini ko`rsatuvchi provayderlar ko`rsatgan xizmatlari uchun iste`molchilar tomonidan haq to`lanmagan hollarda, 12 ta bepul retranslyasiya qiluvchi milliy telekanallarni ham o`chirish holatlariga yo`l qo`yganlar.
Qo`mitaning ma`lum qilishicha, “Uzdigital TV” MChJ abonentlarining hisob raqamlarida pul bo`lmagan hollarda, provayder faqat pullik kanallarni o`chirishi, qolgan 12 ta bepul namoyish etiladigan ijtimoiy telekanallar retranslyasiyasini davom ettirishi shart.
Xususan, "O`zbekiston", "Yoshlar", "Toshkent", "Srort", "Oilaviy", "Bolajon", "Navo", "Madaniyat va ma`rifat", "Diyor", "Dunyo bo`lab", "Kinoteatr" va "Mahalla" ijtimoy telekanallari raqamli televideniedan foydalanuvchilar uchun bepul retranslyasiya qilinadi.
Amaldagi hujjatlarga muvofiq, O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “DVB-T” raqamli formatda retranslyasiya qiluvchi 12 ta milliy telekanallari taqamli televideniedan foydalanuvchilar uchun ochiq bo`lishi shart!
Vazirlikka murojaat
Shu munosabat bilan, shuningdek iste`molchilarning huquqlarni himoya qilish maqsadida Davlat raqobat qo`mitasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga, ko`rsatilgan xizmat uchun vaqtida haq to`lanmagan hollarda, pullik telekanallar bilan bir qatorda bepul ijtimoiy telekanallarni ham o`chirib qo`yish holatlari bo`yicha ma`lumot taqdim etish to`g`risida xat bilan murojaat qilindi. Biz ana shu o`rganish natijalari yuzasidan tegishli vazirlik olib borgan chora-tadbirlarga qiziqdik.
Shuhrat SATTOROV, O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo`yicha mutaxassisi:
- Mazkur holat bo`yicha, O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi “O`zbektelekom” AK, “Uzdigital TV” MChJ, “Maks Layn” va “O`zbekiston Kabel Televideniyasi”ga ko`rsatilgan xizmatlar uchun iste`molchi tomonidan haq to`lanmagan hollarda, yuqorida ko`rsatilgan 12 ta ijtimoiy telekanalni retranslyasiya qilishni davom ettirishi shartligi to`g`risida xat yuborildi.
Axborot faoliyati va ma`lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo`yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasining tegishli bayonlariga muvofiq raqamli televidenie tarmog`i orqali telesignallarni uzatish bilan shug`ullanuvchi provayderlardan abonent to`lovi amalga oshirilmagan taqdirda ham, Respublika hududida tarqatiladigan ijtimoiy telekanallarning tarqatilishini ta`minlashlari so`ralgan.
QAERGA MUROJAAT QILISh MUMKIN?
Agar siz xizmatlaridan foydalanayotgan provayder tomonidan ana shunday holatlarga yo`l qo`yilsa, O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining 237-01-11 ishonch telefonlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Laylo RUSTAMOVA tayyorladi





