AsosiyShou-biznes

“Sharq taronalari” festivalida 66 mamlakatidan 370 dan ortiq vakillar ishtirok etadi

Samarqandda bu yil o`ninchi bor tashkil etilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini yuksak saviyada o`tkazishga har tomonlama puxta hozirlik ko`rilmoqda, deya xabar bermoqda O`zA. 

Festivalga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha tuzilgan guruhlar tomonidan ishtirokchilarni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, ovqatlantirish, transport xizmati ko`rsatish, gid-tarjimonlar bilan ta`minlash, viloyat bo`ylab sayohatlar uyushtirish, ilmiy-nazariy konferensiya o`tkazish, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish, tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 
Samarqand davlat chet tillar institutida festival matbuot markazi tashkil etilib, jurnalistlarning samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratildi. 
– Bu yilgi festivalni 200 dan ortiq xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari yoritishi kutilmoqda, – deydi matbuot markazi xodimi, Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi direktori o`rinbosari Dilmurod Ismatov. – Ularni mehmonxonalarga joylashtirish, tadbirlarda ishtirokini ta`minlash, ma`lumot olishi va tezkor uzatishi uchun zarur chora-tadbirlar ko`rildi. Markaz zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta`minlandi. Internet aloqasi, “Wi-Fi” tizimi yo`lga qo`yildi. Festival tarixi haqida videoroliklar, fotolavhalar, ma`lumotlar bazasi yaratilgan. Ommaviy axborot vositalari xodimlariga qulaylik yaratish maqsadida Registon maydonida, “Orient star Ko`ksaroy” mehmonxonasida intervyu olish joylari tashkil etildi. Ayni paytda matbuot markazi xodimlarining navbatchiligi yo`lga qo`yilib, festival bilan bog`liq kundalik ma`lumotlar to`planmoqda va ommaviy axborot vositalariga etkazilayotir. 
Festivalga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida jurnalistlarga ma`lumot berish maqsadida matbuot markazida mas`ul xodimlar ishtirokida matbuot anjumanlari va brifinglar o`tkazilmoqda. Tashkil etilgan navbatdagi tadbirda festivalga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha viloyat ishchi guruhi a`zosi, “O`zbekturizm” milliy kompaniyasi Samarqand viloyati bo`limi raisi Ilhom Suvonov ma`lumot berdi. 
So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, bu galgi festivalda dunyoning 66 mamlakatidan 370 dan ortiq vakillar ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida Butan, Portugaliya, Komor orollari, Kosta-Rika, Mavrikiya, Mavritaniya, Peru, Sloveniya, Ekvador davlatlari san`atkorlari ilk bor mazkur san`at anjumani qatnashchilari bo`ladi. Festival ishtirokchilari va mehmonlar uchun “Orient star Ko`ksaroy”, “Registon plaza”, “Regal palas” mehmonxonalarida joylar hozirlandi. . 
Festival doirasida “Registon plaza” mehmonxonasida o`tkaziladigan “Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi” mavzusidagi ilmiy-nazariy konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan. Anjuman davomida xorijlik va mahalliy san`atshunos olimlar tomonidan bir qator taqdimotlar, yoshlar uchun mahorat mashg`ulotlari o`tkazish rejalashtirilgan. 
Festival kunlari Samarqand hunarmandlar markazi va Tillakori madrasasida xalq amaliy san`ati asarlari va hunarmandlik mahsulotlari ko`rgazmalari, “Chorsu” galereyasida samarqandlik rassomlarning asarlari namoyishi o`tkaziladi. 

    Boshqa yangiliklar