20 avgust kuni «Istiqlol» saroyida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yosh iste`dodlar uchun “Nihol” mukofotini topshirishga bag`ishlangan tantanali tadbir va gala-konsert bo`lib o`tdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta`sis etilgan «Nihol» mukofoti bilan estrada, musiqa, mumtoz qo`shiq, raqs va opera san`ati ijrochiligi sohasida yurtdoshlarimiz yuragiga etib boradigan, yoshlarni ezgulikka chorlaydigan asarlar yaratishda faollik ko`rsatayotgan 17 yoshdan 25 yoshgacha bo`lgan iqtidorli yoshlar taqdirlanmoqda.
«Nihol» mukofotiga saralash uch bosqichli tizimda o`tkazilmoqda. Bundan ko`zlangan maqsad chekka hududlarda yashab, ijod qilayotgan iste`dod egalarining ijodini targ`ib etishdan iboratdir.
Bu yilgi tanlov ham yuqori saviyada, bayramona ruhda tashkil etildi. Tanlovni o`tkazish uchun taniqli rejissyor va prodyuserlar, shoir va bastakorlar, musiqashunoslar, xoreograflar, san`at ustalari keng jalb etilgani yoshlarning salohiyati va qobiliyatini to`la o`rganish imkonini berdi.
Tanlovning mamlakat bosqichi yurtimiz yosh iste`dodlarga nechog`li boy ekanini namoyish etdi. Mazkur mukofot sohiblari o`z yo`nalishlari bo`yicha oliy o`quv yurtiga imtihon va test sinovlarisiz davlat granti asosida o`qishga kirish imkoniyati, «Nihol»ning maxsus statuetkasi va eng kam oylik ish haqining 70 barobari miqdorida pul mukofotiga ega bo`ladi, deya xabar beradi O`zA.
«Nihol» mukofotining 2015 yilgi sovrindorlari: estrada san`ati yo`nalishi bo`yicha Shahzodbek Sobirjonov (Andijon viloyati), Shiraz Tursinboev (Qoraqalpog`iston Respublikasi), Bekzod Bahromov (Namangan viloyati), Farangiz Shamsieva (Samarqand viloyati), Dilmurod Sultonov (Xorazm viloyati), mumtoz qo`shiq yo`nalishi bo`yicha Sayyod Jo`raev (Buxoro viloyati), Bahodir Sayidov (Navoiy viloyati), Alisher Ahmedov (Toshkent shahri), musiqa ijrochiligi bo`yicha Shahzod Asatullaev (Qashqadaryo viloyati), Dostonjon Mirzokarimov (Sirdaryo viloyati), opera ijrochiligi bo`yicha Zarnigorxon Umarova, Dildora Mirsodiqova (Toshkent shahri), Iqboljon Rahmatov (Farg`ona viloyati), Aminzoda Jumaniyozov (Xorazm viloyati), raqs san`ati yo`nalishi bo`yicha Sehriyo Mirzaeva (Toshkent shahri) mazkur mukofotga loyiq topildi. Ularga diplom va mukofotlar tantanali tarzda topshirildi.





