AsosiyJamiyat

Toshkentdagi Inxa universitetida yangi yo`nalish ish boshlaydi

Axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasi uchun mutaxassis  kadrlar tayyorlaydigan Toshkent shahridagi Inxa universitetida 2016 yilning sentyabr oyidan yangi yo`nalish – logistika fakulteti ish boshlaydi.

O`zbekiston aloqa tarixi muzeyida Toshkent shahridagi Inxa universiteti rahbariyati va Inxa universiteti (Janubiy Koreya) delegasiyasi vakillari ishtirokida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida shu haqda ma`lum qilindi, deya xabar beradi O`zA.

Tadbirda talabalar uchun universitetda yaratilgan sharoitlar, joriy yilgi kirish imtihonlari natijalari, iqtidorli yoshlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar tizimi xususida so`z yuritildi.

Oliy o`quv yurti vakillarining fikriga ko`ra, kirish imtihonlarida qayd etilgan a`lo natijalar ko`p jihatdan universitetda abiturientlar uchun maxsus tayyorlov kurslari tashkil etilgani bilan bog`liq. Shunisi e`tiborliki, eng yaxshi natija ko`rsatgan tinglovchilar kursni tamomlagach,  imtihon topshirmasdan o`qishga qabul qilindi.

Matbuot anjumanida Inxa universiteti delegasiyasi a`zolarining O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligida o`tkazgan muzokaralari xususida so`z yuritildi. Uchrashuvda axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida ta`lim berish, Toshkent shahridagi Inxa universitetini rivojlantirish borasida hamkorlik masalalari muhokama etildi.

    Boshqa yangiliklar