Yodingizda bo`lsa gazetamizning 29-sonida aktrisa Gulchehra EShONQULOVA bilan bo`lgan suhbat chop etilgandi. Muloqot jarayonida aktrisa shaxsiy hayoti haqida ham to`xtalib, “Shu yil to`y ekan-da?” degan savolimizga “Buni vaqt ko`rsatadi”, deya javob bergandi.
Gazeta sotuvga chiqqanidan besh kun o`tib, internet tarmog`ida aktrisa Gulchehra Eshonqulova va asl kasbi sartarosh bo`lgan debyutant aktyor Sharof Sharapovning 30 mayda rasmiylashtirilgan nikohi va ikki oy ham o`tmay ajrashishga qaror qilishgani haqidagi ma`lumotlar tarqaldi. Demak, aktrisa “Darakchi” gazetasiga yolg`on intervyu bergan. Qiziq, bundan maqsad nima edi?! Aytmoqchi, Gulchehra bilan aprel oyida qo`ng`iroqlashganimizda, may oyida suhbat qilishimizni so`rab “hayotimda katta yangilik bo`ladi”, degan. Aktrisa balki shaxsiy hayotidagi o`zgarishni nazarda tutgan-u, biroq intervyuda nima sababdandir aytishga botinolmagan ko`rinadi. Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida aktrisa bilan bog`lanishga urindik, biroq u na telefon qo`ng`iroqlari-yu va na “sms”larimizga javob berdi. So`ng “tanganing ikkinchi tarafi”ni ham unutmagan holda Sharof Sharapovning onasi Ozoda opa bilan bog`landik...
— Ozoda opa, o`g`lingiz bilan Gulchehra Eshonqulovaning orasidagi munosabatdan xabardormidingiz?
— Yo`q, o`g`lim xayit kuni uyga — Samarqandga kelganida uzr so`rab, xato qilganini aytib qoldi. Unga qadar hech nimadan xabarim bo`lmagan. Yodingizda bo`lsa, “instagram”da ikkisi ham birga tushgan rasmlarini joylay boshlashgandi. O`shanda hamkasbi-ku, deb e`tibor qilmagandim. Chunki o`g`limning aktrisa Zarina Nizomiddinova bilan ham xuddi shunday rasmlari bor edi-da. Yaqinda Gulchehra bilan uyimizga kelishdi, o`g`lim “Samarqandni ziyorat qilmoqchi ekan”, dedi. O`shanda Gulchehrani oldimga olib, “O`g`lim hali yosh, yomon yo`lga kirib ketmasinyo xolasi qatori ekansiz, ko`z-quloq bo`lib turing”, deb iltimos qilgandim. Biroq, Gulchehra allaqachon uning rafiqasi bo`lib olgani xayolimga ham kelmagan ekan.
— O`g`lingizning qilmishiga munosabatingiz qanday bo`ldi?
— Ochig`i, bor haqiqatni bilgach, tobim qochib, uch kun shifoxonada yotdim. O`g`lim xatosini tushunibdi-ku, deb unga hammasini yana bir marta og`ir-bosiqlik bilan tushuntirdim. Sharof Samarqandda Arxitektura va qurilish institutining ikkinchi bosqichida tahsil olardi. Bilsam, Gulchehrani deb o`qishni tashlab ketgan ekan. Endigina 21 yoshga to`lganini, o`qishi, kelajagini o`ylashi kerakligini uqtirdim.
— Biroq internetda “Gulchehra va Sharof yana birga, muhabbatlari uchun kurashishmoqchi”, degan mazmundagi yangi xabarlar tarqaldi-ku?!
— Bu bo`lmagan gap! Boisi Sharof hozir Samarqandda, poytaxtga qaytish niyati yo`q, agar Gulchehra boshqacha yo`l tutmasa... Lekin Sharof nikoh tuzilgani haqidagi guvoxnomani menga bergan va o`zi ajrashishni rasmiylashtirish uchun advokat yollagan. Gulchehra uyimizga kelib, Sharof bilan gaplashib olmoqchiligini aytdi. O`g`lim esa guvohlar oldida Gulchehraning javobini berdi. Unga qadar uning ota-onasi bilan uchrashishga borgandim, ular Gulchehraning qarori bilan ish ko`rishar ekan. Shu sabab u meni uyidan quvib soldi. Meni ajablantirgani, nega kattalar bu haqda menga bir og`iz aytishmadi ekan?
— Bu nikohga oilaviy qarshi bo`lganinglar uchun o`g`lingiz ajrashmoqchimi yoki o`z xohishi bilanmi?
— O`z istagi bilan. Gulchehra ham “viber”dan “to`g`ri aytibsiz, biz bir-birimizga mos emasmiz. O`g`lingiz pasportini yo`qotib qo`ydi, Sharofni Samarqandga yuboryapman. Uni yosh qizga uylantiravering, ajrashish uchun sudga ariza berdim”, deb “sms” yozdi.
— Turmush o`rtog`ingiz bu voqeaga qanday munosabat bildirdi?
— U kishi Amerikada ishlaydi. Rosti, bu xabarni yashirgandim, biroq xabar topgach Sharofdan ranjidi.
— Erkak kishi sifatida o`g`lingiz jiddiy qadam bosishdan avval oqibatlari haqida o`ylashi kerak edi. Kattalarning roziligisiz nikohdan o`tish kurakda turmaydigan ish. Biroq g`isht qolipdan ko`chib bo`lgan. Har qalay yosh tafovuti katta bo`lsa-da, baxtli yashayotgan san`atkorlar ham borligini inkor etib bo`lmaydi...
— Fikringizga qo`shilmayman. Yosh jihatdan oralarida o`n uch yil farq bo`lmaganida ham ularning nikohiga rozi bo`lardim. Qolaversa, Sharof endigina 21 yoshga kirgan talaba-ku, oilasini qanday ta`minlaydi? Bundan tashqari, Gulchehra asl yuzini ko`rsatib bo`ldi. Menga po`pisa qiladigan, hurmat-izzatni bilmaydigan, o`g`lim haqida qayg`urmaydigan kelin kerak emas!
— Hamma aybni Gulchehraning gardaniga ortish noto`g`ri. Sharofning ham xatosi kattaligini tan olish kerak.
— Albatta! Sharofning xatosi shundaki, men va otasi bilan maslahat qilmay o`zboshimchalik qilgan. Bilasizmi, ular orasida hech qanday muhabbat yo`q. Balkim, o`g`limning nomida uy-joy bo`lgani, qo`lida otasi yuborgan puli bo`lgani uchungina Gulchehraga kerak bo`lgandir? O`z vaqtida uy-joyni o`z nomimga rasmiylashtirib oldim. Otasi ham pul bermay qo`ydi. Natijani esa o`zingiz ko`ryapsiz: hech narsasi yo`q Sharof Gulchehraga kerak bo`lmay qoldi.
ALOHIDA RAMKADA
Albatta, bu faqat bir tomonning fikri, xolos. Uni ham ma`lum sabablarga ko`ra, ancha-muncha “tarashlagan” holda hukmingizga havola etdik. Albatta, bir tarafga quloq tutish bilan mutlaq haqiqatni aniqlashning imkoni yo`q. Bu borada Gulchehra Eshonqulovaning qanday fikrda ekanligi hozircha qorong`i. Faqat birgina savol ochiq qolmoqda. Nima uchun Gulchehra gazetamizda chop etilgan suhbatida o`n minglab o`quvchilardan asl haqiqatni sir tutdi ekan? Axir oyni etak bilan yopib bo`lmaydi-ku?
Darvoqe, Sharof bilan ham bog`lanishning imkoni bo`lmadi. Boisi onasiga “men o`zimga kelib olaman, xavotir olmang”, deya “sms” yozgancha uyiga bormayotgan ekan. Biroq sayyod.com saytiga bergan intervyusida “Hozir Samarqanddaman va o`z xatoimni tushunib etdim. Ota-onamni tanladim, ularni hech qachon qaytarib bo`lmaydi, xotinni esa hamisha topsa bo`ladi. Nikoh bo`lgani rost, lekin turmushimiz bo`lmadi... Ochig`i, ko`zlarim ko`r edi, bilmayman nega. Xamma narsadan voz kechgandim, ota-onamdan xam. Ammo hammasini tushunib etdim va uyimga qaytdim”, degan edi. Taajjub...
P/S: Oila – muqaddas dargoh. Shu bois, hukumatimiz tomonidan oilalar mustahg`kamligini ta`minlash masalasiga katta e`tibor qaratilmoqda. Chunki, oila jamiyatning asosi demakdir. Shu bois, oila muhabbat, tenglik va o`zaro ishonch poydevori ustida qurilmog`i lozim. Bu masalada nafaqat ikki yoshning kelishuvi, balki ota-onalarning ham roziligi, oq fotihasi kerak bo`ladi.
Katta hayot yo`liga qadam bosgan yoshlar ham oila muqaddas ekanini chuqur anglab etishi darkor. Bu haqiqatni ayrim yosh san`atkorlarimiz ham tushunib etishi lozim: Turmush “xontaxta” filmdagi rol emaski, bugun oila qurib, ertaga ajrashish mumkin bo`lsa? Axir juda ko`p yoshlarimiz mashhur san`atkorlarga havas qiladi, intiladi, taqlid qiladi. Shu bois bunday “yulduzlarimiz” o`z zimmasidagi mas`uliyatni his etib, san`atimiz rivojiga munosib hissa qo`shish haqida qayg`urishi maqsadga muvofiqdir.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.





