AsosiyShou-biznes

Munisa RIZAEVA: “Shaxsiy hayotim haqida gapirib tilim kuygan”

Munisa Rizaeva juda hushchaqchaq, xushmuomila, hamma til topishib keta oladi. Estrada olamida o`z o`rniga ega bu xonanda o`ziga xos, hech kimnikiga o`xshamas musiqiy yo`nalishi bilan muxlislar e`tiborini tortdi. Estrada olamida o`tgan yillar esa uning fe`l- atvorini charxladi desak adashmaymiz. U bugun avvalgidek emas. Ehtiyotkorlikni hamma narsadan ustun qo`yadi. Ichki dunyosining o`zgarishi bilan bir qatorda bu xonandaning tashqi go`zaligi ham o`zgarib borayotganini sezish qiyin emas. Suhbat davomida turli mavzularda gaplashib, siz uchun xonandaning ichki dunyosini ochishga harakat qildik. O`ylaymizki, suhbat sizni befarq qoldirmaydi. 

— Doimgidek go`zalsiz!

— Tashakkur!

 — Nazarimda tashqi ko`rinishingiz ilgarigidek emas...

— (kulib) Agar plastik jarrohlikni nazarda tutayotgan bo`lsangiz, ha, gapingiz to`g`ri. Burnimning ustki qismidagi bo`rtib chiqqan suyak ekranda va suratlarda biroz xunuk ko`rinar edi. Ilgari klip va konsertlarni tasvirga olish ishlarida tasvirchilarimiz, montaj ustalari kerakli rakursda ishlay olmay juda qiynalishardi.  Qolaversa, o`zim ham ba`zida bundan biroz uyalardim. Bu noqulaylikdan biryo`la qutilish uchun plastik jarrohlik qilishga ahd qildim. Bolaligimdan orzu qilgan ishimni amalga oshirdim. Menimcha endi burnimning ko`rinishi chakki emas.

— Fikrimcha, plastik jarrohlik biroz qaltis ish. Hech kim bu ish omadli bo`lishini kafolatlamaydi...

— Gapingizga yuz foiz qo`shilaman. Ochig`i, bu narsadan o`zim foydalangan bo`lsam ham boshqalarga maslahat bermayman. Chunki inson salomatligi bilan hazillashib bo`lmaydi. Men esa san`atkorman. Bir kunda kerak bo`lsa 24 soat kamera qarshisida ishlayman. O`ylashimcha, muxlislarimiz bizni doim go`zal va maftunkor holatda ko`rishi kerak. Ammo nima bo`lishidan qat`iy nazar tabiiylik doim urfda. Men ham tabiiylik tarafdoriman.

— Eshitishimcha, bir marta plastik jarrohlik operasiyasi o`tkazgan kishi keyin o`zini tiyishi qiyin bo`larkan. Ya`ni bir marta o`zini “go`zallashtirgan” ayol tashqi ko`rinishiga yana qandaydir o`zgartirish kiritgisi kelaverar ekan...

— Juda to`g`ri! Men ham siz aytgandek o`zini tiyolmay go`zal husniga salbiy o`zgartirish kiritib qo`ylanlarga guvoh bo`lganman. Menimcha ayol irodali bo`lishi kerak. O`zining ichki meni bilan kurashib, o`ziga o`zi “bo`ldi, to`xta” deya olishi lozim.

— Siz-chi, o`zingizga “to`xta” deyishga kuchingiz etadimi?

— Albatta. Men bu ishga birinchi va oxirgi marta qo`l urdim. Tashqi ko`rinishimga esa sport bilan ham o`zgartirish kirita olaman.

— Konsert kunlarini e`lon qildingiz. Tayyorgarlik avjida ekanligiga ishonamiz. Bizni nimalar kutyapti?

— Yakkaxon konsertim davomida syurprizlarim ko`p. Ammo ularning barini amalga oshirish uchun hozircha imkoniyat biroz kamroq. O`zim istagan barcha zamonaviy uskunalarni O`zbekistonga olib kirishning iloji bo`lmayapti. Shuning uchun ham 2015 yilgi konsertda rejalarimizning bir qisminigina amalga oshiramiz. Ammo aynan mana shu aytilayotgan qismning o`zida ham muxlislar bir olam quvonch olishadi deb o`ylayman. O`tgan yilgi konsertim men uchun katta bir sinov edi. Bu sinov oldi meni sinaganlar ham, hafsalamni pir qilganlar ham, ustimdan kulib qochganlar ham bo`ldi. Har bir ishning birinchisida o`ziga yarasha qiyinchiliklar bo`ladi. Birinchi yakkaxon konsertim bo`lgani uchun yo`l qo`ygan xatolarimga ko`z yumildi. Ikkinchisida bunday bo`lmasligini bilaman.  Bu gal hammasi o`zgacha. Hech qanday xatolarsiz, o`zim istagan shou dasturni taqdim etishga harakat qilaman.

— Har bir yakkaxon konsert oldidan xonandalarning barchasi “unutilmas shou konsert”, “bunaqasi hali hech kimda bo`lmagan” kabi gaplar bilan reklama qilishadi. Ko`pincha bu shunchaki gap bo`lib qolaveradi...

  • Bilasizmi, men birovlarni yomonlab o`zimni maqtashdan yiroqman. Ammo konsertning muvaffaqiyati uchun allaqachon harakat boshlangan. Katta va`dalar bermayman. Biroq Munisa Rizaevaning konsertida kutilayotgan syurprizlarning bari amalga oshadi. Konsertimda bitta sahna qurilishi bilan kifoyalanish niyatim yo`q. Dekorasiya tinimsiz o`zgarib turadi. Raqslar bo`ycha chet ellik xoreograflar bilan ishlayapman. Balki Rayhonning konsert dasturlarida ko`rishga odatlanganimiz — haqiqiy shou darajasida ishlay olmasmiz, lekin dugonamning konsertidagi shouning hech bo`lmaganda o`n foizini ko`rsatib berishni istardim. Chunki men uchun shou-dastur deganda Rayhonning konsertlaridan a`losi yo`q.
  • O`tgan yilgi konsertingizdagi liboslaringizni tomoshabinlar tushunarsiz deya tanqid qilishgandi...

— O`zim aslida shunaqa tushunarsizman. Mening liboslarimni hamma ham tushunishi qiyin. Shuning uchun konsertda o`z dunyoimdan kelib chiqqan holda liboslar tanladim. Bu yilgi konsertda professionallar bilan ishlashga qaror qildim. Endi stilist dizayner Hilola Sher bilan ishlayapmiz. Sakson foiz liboslarimning muallifi u.

  • Internetda “Munisa jonli ijroda konsert bermoqchi edi, lekin konsert bannerlarida fonogrammadan foydalaniladi deb yozibdi” degan gap-so`zlar ko`paydi.
  • Qonunda ko`rsatilishicha, konsertda hatto kichik musiqiy ovozda ham fonogrammadan foydalangan san`atkor bu haqda bannerda yozishi shart. Bilasizki, mening qo`shiqlarimda  musiqaga kuchli sayqal beriladi. Deyarli barcha qo`shiqlarimda zamonaviy kompyuter imkoniyatlaridan foydalangan holda bezak beramiz. Bu musiqalarni esa jonli ijro etishning iloji yo`q. Lekin konsertda 100 foiz jonli tarzda qo`shiq kuylayman. Biror qo`shig`imda ovozim fonogramma orqali yangramaydi.

— Bugun Munisani haddan ziyod ko`p ko`ryapmiz. Reklamada, ijtimoiy roliklarda, kliplarda, ko`rsatuvlarda... Odamlarning me`dasiga tegib qolishidan ko`rqmaysizmi?

— Reklamaning zarari yo`q. Qancha ko`p ko`rinsam ham muxlislar mendan yangilik kutishadi. Doim yangi qo`shiq so`rashadi. Shuning uchun ham reklamaning ortiqchasi bo`lmaydi deb hisoblayman. Ayniqsa bizning sohada.

— Yosh xonandalardan biri Saida (Sobiq “A`lo” guruhi a`zosi) sizga yozilgan qo`shiqni kuylagani uchun o`rtangizda kelishmovchilik  yuzaga kelibdi...

— Ha, u kuylab chiqqan “Love” qo`shig`ini birinchi bo`lib menga eshitirishgandi. Ammo menga maqul bo`lmadi. Men uchun bundan ham yaxshirog`i kerak degandim. Oradan biroz vaqt o`tgach o`sha qo`shiqni Saida kuylabdi. Avvaliga hayron bo`ldim. Keyin demak shunday bo`lishi kerak ekan degan to`xtamga keldim. Ammo hammaning o`z yo`li va yo`nalishi bo`lishi kerak deb hisoblayman. Shu voqeadan keyin Saida bilan gaplashib olganmiz. Men uni ilgaridan Svetlana (Saidaning asli ismi Svetlana) deb taniganman, munosabatlarimiz ham xuddi oldingidek saqlanib qolgan. Biz hamkasbmiz xolos.

— Ko`p yillik hamkoringiz Eldor Qayumov bilan ham ancha vaqtdan buyon gaplashmay qo`yganingizdan xabarimiz bor...

— Ba`zi kelishmovchiliklar tufayli hamkorlikka ham, do`stona munosabatlarga ham chek qo`ygandik. Bir yil bir- birimiz bilan umuman gaplashmadik. Ammo bugun munosabatlar tiklandi. Kelishmovchiliklarning oldi olindi. Tez kunlarda Eldor Qayumov muallifligida yozilgan “Sakramento” deb nomlangan qo`shiq kuylayman.

— Xonanda Manzura bilan ham munosabatlaringiz buzilibdi...

— Ochig`ini aytsam, Manzura bilan munosabatlarimizga nima bo`ldi — o`zim ham hayronman. Balki bilib-bilmay xafa qilgandirman. Ammo nima bo`lganda ham men bu xonandani juda hurmat qilaman. Qo`shiqlarining haqiqiy muxlisiman.

— So`nggi kliplaringizdan birida qishloq kelini obrazida chiqdingiz...

  • Aynan mana shu obrazda namoyon bo`lishimni hech kim kutmagan edi. Shuning uchun ham bu klipim muvaffaqiyatli chiqdi deb hisoblayman. Men hech kimning tasavvuriga sig`magan narsani ko`rsatib bera oldim.
  • Hayotda ham qishloqqa kelin bo`lishingiz mumkinmi?

— Albatta...

— Biroz oshirib yubormadingizmi? Hayot kino va klipdagi voqealardan ancha uzoq. Kelin bo`lsangiz istaysizmi-yo`qmi kasbingizni biroz cheklashingizga to`g`ri keladi.

— Ayni kunlarda oilamizda bo`layotgan gap-so`zlardan xabardordek gapirdingiz. To`g`ri, hamma ishni bir varakayiga olib borish qiyin. Uyimizga kelgan sovchilar kasbim borasida o`z talablarini bildirishyapti. Balki oila qurganimdan keyin ishimda o`zgarishlar bo`lar. Balki faqat qo`shiq kuylab, kliplarim bilan muxlislarimni xushnud etarman, ya`ni to`ylarga chiqmasman...

— Ishonch bilan gapirishingizga qaraganda to`yga oz qolgan shekilli...

(Munisa savolga javob bermay shunchaki jilmayib qo`ydi).

— Demak, to`yga  oz qoldi...

— Aytmayman.

— Nega?

— Chunki shaxsiy hayotim haqidagi gaplarni aytaverib bir necha bora og`zim kuydi. Endi bu borada juda ehtiyotkorman.

— Tushunarli. Mazmunli suhbat uchun tashakkur. Ijodingizda omad. Shaxsiy hayotingizda esa faqatgina baxtga to`la quvonchli o`zgarishlar bo`lishini tilaymiz.

Aliya TULEMBAEVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar