AsosiyJamiyat

“O`ZBEKISTON BU LOYIHANI QO`LLAB-QUVVATLAMAYDI”

Joriy yilning 22 iyul kuni Tojikiston Respublikasi  energetika va suv resurslari vaziri Usmonali Usmonzoda Rog`un GESi loyihasi bo`yicha xalqaro ekspertlar bildirgan baholash natijalariga O`zbekiston Respublikasi tomonidan hech qanday e`tiroz yo`qligini ma`lum qildi. Biroq, vazir qanday manbalarga tayanib, bunday fikr bildirgani ma`lum emas.

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi shu munosabat bilan ma`lum qiladiki, mamlakatimiz hukumati o`tgan yilning 14-18 iyul kunlari Almati shahrida Jahon bankining Rog`un GESining taqdim etilgan loyihasi xususidagi ma`ruzasi hamda transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalariga bag`ishlangan Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumat vakillari uchrashuvida bu masalaga yakdil munosabatini  bildirib o`tgan.

Eslatib o`tamiz: ushbu uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirning birinchi o`rinbosari, Moliya vaziri R.Azimov o`z ma`ruzasi bilan ishtirok etgan edi. Mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi o`zining mfa.uz rasmiy saytida ushbu ma`ruzaning to`liq matnini e`lon qilgan.

                            “Xalqaro me`yorlarga to`g`ri kelmaydi”

Mamlakatimiz vakili  mazkur uchrashuvdagi  nutqida ta`kidlaganidek, O`zbekiston bugunga qadar Rog`un GESi qurilishi loyihasining “ekspertizasi” tashabbusi ilgari surilgan yig`ilishlarda ishtirok etmagan. “Chunki, mazkur ekspertizasi yakuniy natijalarini belgilashi mumkin bo`lgan muhim parametrlar xalqaro miqyosda e`tirof etilgan me`yorlarga to`g`ri kelmaydi”.

Mazkur ekspertiza jarayonida Rog`un GESi barpo etilayotgan hududagi mavjud shart-sharoit, mintaqadagi boshqa davlatlarning manfaatlari, mazkur qurilish yuzaga keltirishi mumkin bo`lgan muqarra xavf-xatar, traschegaraviy daryolardan foydalanish borasidagi xalqaro huquq me`yorlari  e`tiborga olinmagan. Holbuki, ushbu yirik gidroinshoot qurilishi mintaqadagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatga qanchalik salbiy ta`sir ko`rsatishini anglash uchun ortiq mehnat va mashaqqat talab etilmaydi.

                            45 yil avvalgi loyiha

Aytib o`tilganidek, mazkur GES loyihasi bundan 45 yil muqaddam sobiq tuzum davrida, mintaqadagi xalqlarning mushtarak manfaatlari va mavjud jo`g`rofiy va ekologik vaziyatni hisobga olmagan holda ishlab chiqilgan. Biroq bugungi kunda Tojikiston hukumati har tomonlama eskirgan loyihani qayta tiklashga urinmoqda. Jahon bankining moliyaviy ko`magida o`tkazilgan ushbu “ekspertiza” xulosalarini tayyorlashda yuqoridagi holatlar e`tiborga olinmagani achinarlidir.

Iqlim o`zgarishlari, global isish singari muammolar dolzarb bo`lib turgan bugungi kunda ushbu yirik loyihaning amalga oshirilishi mintaqada qanchadan-qancha muammolarni keltirib chiqarishi hech kimga sir emas. Xususan, Amudaryoning yuqori oqimida mazkur inshootning barpo etilishi qurib borayotgan Orol dengizi va Orolbo`yi xalqlari taqdiriga halokatli ta`sir ko`rsatishi muqarrar.

Qolaversa, GES seysmik jihatdan o`ta faol hududda qurilayotgani ham ortiqcha isbot talab etmaydi. AQSh Geologiya xizmati ma`lumotlariga ko`ra, bu hududda 2013 yilda 250 marotaba 4 balldan yuqori, 12 marotaba 6 balldan yuqori zilzila qayd etilgan. Tekshirishlar natijasiga ko`ra, bu erda 9 bal va undan yuqori magnitudali zilzilalar ham yuz berishi ehtimoli yuqori.

                                      Sunami ham hech gap emas

1911 yilda yuz bergan 9 balli zilzila natijasida hududda paydo bo`lgan Usoy darasi va Sarez ko`li fikrimiz dalilidir. 335 metr balandlikka bo`lgan GES to`g`onining bunday zilzilalarga bardosh berishi qiyin. Bu esa, yuz minglab insonlar halokatiga sabab bo`ladigan ulkan toshqinni yuzaga keltiradiki, uning oldida 2011 yil martda Yaponiyada yuz bergan sunami hech narsa bo`lmay qoladi.

To`g`onni suv bilan to`ldirish asnosida mintaqada yuzaga keladigan qurg`oqchilik 500 ming gektargacha  qishloq xo`jaligi erlarini yaroqsiz holga keltirishi mumkin. Bu esa 1,5 million kishining  daromad manbalaridan mahrum bo`lishi demakdir. Mazkur GES qurilishi O`zbekiston uchun birgina qishloq xo`jaligi sohasida 600 million dollar miqdorida zarar etkazishi kutilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Tojikiston hukumatining Rog`un GESi qurilishini davom ettirishi nafaqat ushbu mamlakatning o`zi, balki butun mintaqa uchun ham jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishi muqarrar.

Shu sababli O`zbekiston hukumati mazkur “ekspertiza” xulosalari va hisobotlarini qoniqarsiz deb hisoblaydi hamda muammoning muqobil  variantlarini ko`rib chiqishni tavsiya etadi. “O`zbekiston Respublikasi hech qachon va hech qanday holatda ushbu loyihani qo`llab-quvvatlamaydi” deyiladi ma`ruza yakunida.

                                                        Manba: mfa.uz   

    Boshqa yangiliklar