2015 yil 8 avgust kuni Xorazm viloyatining Urganch shahridagi “Yoshlar ko`li” madaniyat va istirohat bog`ida kechki konsert vaqtida ko`prik ustida ko`p odam to`planganligi tufayli ko`prik yon panjaralarining bir qismi buzilib tushgan. Oqibatda ayrim tomoshabinlar ko`lga tushib ketgan. Halok bo`lganlar bor, deya xabar beradi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning topshirig`iga binoan sodir bo`lgan favqulodda hodisaning sabablarini puxta o`rganish va aniqlash, oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko`rish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzildi.
Hukumat komissiyasi tomonidan bevosita voqea joyiga borib, halok bo`lganlar oilalariga va jabrlangan shaxslarga ijtimoiy – moddiy yordam ko`rsatish, shuningdek, voqea tafsilotlari va sabablarini har tomonlama aniqlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.





