“O`zavtoyo`l” DAK tizimidagi Avtomobil yo`llari ilmiy-tadqiqot institutida bugungi kunda ko`plab ilmiy ixtirolar va tadqiqotlar ustida ish olib borilmoqda. Shulardan biri – yaqinda sinovdan o`tgan yo`llardagi yaxmalakka qarshi ekologik xavfsiz kimyoviy reagentlardir, bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar beradi.
“Maksam-Chirchiq” AJ bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yaxmalakka qarshi reagent, 2014 yilda Avtomobil yo`llari ilmiy-tadqiqot institutida labolratoriya tekshiruvlaridan o`tkazildi. Bevosita amaliy tekshiruv sinovlari esa 2015 yilning 21 fevral va 10 mart kunlari Qamchiq dovonida, ya`ni A-373 «Toshkent-O`sh» avtomobil yo`lida olib borildi.
Institut direktori O.Ziyaevning ma`lumot berishicha, yaxmalakka qarshi reagentni Respublikamiz avtomobil yo`llarida qo`llash uchun institut tomonidan “Metodik qo`llanmalar” ishlab chiqilgan.
Reagentning kimyoviy tarkibi karbamid, kaltsiy nitrati va magniydan iborat. U ekologik jihatdan xavfsiz bo`lib, yo`llardagi beton qoplamalar va to`siqlarni emirmaydi, shuningdek, qishgi sharoitlarda harakat xavfsizligini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.





