“O`zbeknavo” estrada birlashmasida Milliy estrada san`atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashining joriy yil olti oyi yakunlari bo`yicha hisobot yig`ilishi bo`lib o`tdi, deya xabar beradi birlashma matbuot xixmati. Unda Kengash a`zolari, Birlashma xodimlari, Estrada san`atini rivojlantirish jamg`armasi vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Dastlab Milliy estrada san`atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi raisi Iqbol Mirzoning yig`ilish kun tartibidan o`rin olgan masalalarga o`tishdan avval Prezidentimizning “O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to`rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida”gi qarorida belgilangan dolzarb vazifalarga e`tibor qaratdi. Ushbu qarordan kelib chiqib Kengash hamda uning ijrochi organi hisoblangan “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan amalga oshirilishi zarur bo`lgan ishlarni ta`kidlab o`tdi.
Ma`lumki, mamlakatimizdagi tele va radiokanallarda efirga uzatilayotgan, kafe va restoranlarda monitorlar orqali namoyish etilayotgan, milliy mentalitetimizga to`g`ri kelmaydigan, ma`naviyatimizga zid bo`lgan kliplar, ko`rsatuvlar va eshittirishlarni bartaraf etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil 15 iyunda maxsus Harakat dasturi tasdiqlangan. Ushbu Harakat dasturida Milliy estrada san`atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi huzurida yagona Badiiy kengash tuzish vazifasi belgilangan bo`lib, yig`ilishda mazkur Badiiy kengash Nizomi tasdiqlandi va Vazirlar Mahkamasiga yuborishga kelishildi.
Bundan tashqari “Istiqlol” san`at saroyida o`tkaziladigan konsert dasturlaridagi qo`shiqlarning kamida 60 foizi jonli ijro etilishini ko`zda tutuvchi me`yoriy-huquqiy hujjatni ishlab chiqish taklifi ham Milliy estrada san`atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi a`zolari tomonidan bir ovozdan ma`qullandi.
Kengash hamda “O`zbeknavo” estrada birlashmasining 2015 yilning o`tgan olti oyidagi faoliyati qoniqarli deb topildi.





