Tailandda matematika fani bo`yicha o`quvchilar o`rtasida o`tkazilgan 56-jahon fan olimpiadasida mamlakatimiz terma jamoasi a`zolari – Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-Qorako`l akademik liseyi o`quvchilari Jamshid Yaxshiev va Abbos Muhamedov bronza medaliga sazovor bo`ldi, deya xabar beradi O`zA.
Tailandda bo`lib o`tgan matematika bo`yicha fan olimpiadasida dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlari vakillari o`rtasida yoshlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Sovrindorlar safidan o`rin olgan bu yoshlar mamlakatimizdagi oliy o`quv yurtlaridan biriga matematika yo`nalishi bo`yicha imtiyozli asosda qabul qilinadi.
Jamshid Yaxshiev joriy yil boshida Qozog`istonda o`tkazilgan xalqaro fan olimpiadasida kumush medal bilan taqdirlangan edi.
DARVOQE, 2009 yilda maktab-internat negizida tashkil etilgan 3-Qorako`l akademik liseyi mamlakatimizda ta`lim sohasida yuqori natijalarga erishayotgan o`quv dargohlaridan. Akademik lisey direktori, O`zbekiston xalq o`qituvchisi To`xtamurod Jumaevning ta`kidlashicha, ta`lim maskani tarbiyalanuvchilari turli fan yo`nalishlari bo`yicha bir necha marta xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Ular hisobidagi xalqaro medallar soni 33 taga etdi.





