O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi bo`lib o`tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari ko`rib chiqildi hamda qabul qilingan 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o`zgartirish va diversifikasiyalash dasturlarini amalga oshirish ishlarini tizimli tashkil etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Birinchi yarim yillik yakunlari bo`yicha yalpi ichki mahsulotning o`sishi 8,1 foizni tashkil etdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi ham 8,1 foizga o`sdi. Eksport hajmlarining 7,4 foizga o`sishi va tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi ta`minlandi. Davlat byudjeti profisit bilan ijro etildi. Inflyasiya darajasi prognoz parametrlardan ortiq bo`lmadi.
Aholi bandligi masalalarini hal etish bo`yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli 2015 yilning birinchi yarim yilligida 441,8 mingta yangi ish o`rni, ulardan 274,9 ming ish o`rni yoki 62,2 foizi qishloq joylarda tashkil etildi.





