“Gazetaning avvalgi sonlarida Toshkentda vaqtincha yashash uchun xostellar mavjudligi haqida o`qigan edim. Biroq hamma ham ular haqida bilmaydi. Ularni qaerdan topish mumkinligi haqida batafsil ma`lumot bersangiz. Ular aeroport va vokzallar qoshida ham mavjudmi? Xizmat narxlari qanday? Yana qaerda tunab qolsa bo`ladi? Ushbu ma`lumot chekka hududlardan poytaxtga tashrif buyuruvchilar uchun ayni muddao...”
F.Mag`dieva, Buxoro sh.
Yoz – poytaxtga dam olish, sayohat va xaridlarni amalga oshirish uchun yurtimizning barcha hududlaridan mehmonlar keladigan mavsum... Kimlardir dam olishga, yana kimlardir davolanishga va shaxsiy masalalarni hal etish uchun keladi. Bir so`z bilan aytganda, sabablar ko`p, kelganda esa muammo bitta – qaerda to`xtash? Ham hamyonbop, ham qulay bo`lsin...
MEHMONXONA VA MEHMONXONA UYLARI
Bu vaqtinchalik yashashning u qadar arzon bo`lmagan, ammo g`am-tashvishdan xoli usuli. Mehmonxonadagi xonadan tashqari mehmon nonushta va bepul Wi-Fi’ga ega bo`lishi mumkin. Bundan tashqari poytaxtda 5 kun turadiganlar uchun vaqtinchalik ro`yxatdan o`tish ham ta`minlanadi.
O`rtacha narxlar
Ikkita yulduzli mehmonxonalarda narxlar sutkasiga 80-100 u.e. (O`zbekiston fuqarolaridan to`lov Markaziy bank kursi bo`yicha so`mda qabul qilinadi) tashkil qiladi. Mehmonxonalarning bir o`rinli ekonom klass nomeriiga joylashish ham doim qimmat bo`ladi, shu sababli 3-4 kishi bo`lib tashrif buyurgan mehmonlar ko`p kishili xonalarni band qilishsa, to`lov kishi boshiga hisoblanib, arzonroqqa tushadi.
Tejamkor variantlarni u qadar katta bo`lmagan xususiy mehmonxona va mehmonxona uylari ham taklif qilishmoqda. Ularning ba`zilarida bir kishi uchun sutkasiga 10 u.e. to`lab joylashsa bo`ladi.
Yashash uchun o`z varintlarini xostellar ham taklif etishmoqda – bu esa byudjet va umumiy turar joy orasida oltin o`rtalik sanaladi. Bular faqat bir kecha tunashni maqsad qilgan mehmonlar uchun juda qo`l keladi. Toshkentda ilk bor paydo bo`lgan xostellarning manzillarini internetdan topish mumkin.
Biroq ulardagi narxlar pulini tejab qolmoqchi bo`lganlar uchun u qadar to`g`ri kelmaydi.
Bizning tahlil bunday muassasalarda bitta joyning narxi 10 u.e.dan kam emasligini ko`rsatdi.
Darvoqe, surishtiruv davomida vokzal va aeroportlar qoshida ham hech qanday mehmonxona va yotoq uchun joylar yo`qligini aniqladik.
|
Muassasa nomi |
Joyi |
Taklif |
|
“Hayot Xostel” |
Mirobod tumani |
Bir o`rinli xonada joy narxi 75 ming so`m |
|
“Tapchan-Xostel” |
Mirobod tumani |
Bitta joy narxi 30 ming so`m |
|
“Art-xostel” |
Yakkasaroy tumani |
Bitta joy narxi 60 ming so`m |
|
“Art-trevel” |
Yunusobod tumani |
Bir o`rinli xonada joy narxi 50 ming so`m |
|
“Xosilot” |
Yakkasaroy tumani |
Bir o`rinli xonada joy narxi 35 ming so`m |
|
“Safar” |
Yakkasaroy tumani |
Bir o`rinli xonada joy narxi 40 ming so`mdan |
|
“Mirzo” |
Shayxontohur tumani |
To`rt o`rinli xonada joy narxi 65 ming so`m |
|
“Suvchi” |
Shayxontohur tumani |
Bitta joy narxi 20 ming so`m |
Qaerdan topish mumkin?
Ko`p mehmonxonalarning o`z saytlari mavjud, ularni qidiruv tizimlarini ishga solib topish mumkin. Toshkentda joylashgan bunday muassasalar to`g`risidagi ma`lumotni O`zbekiston sayyohlik sohasiga yo`naltirilgan– http://welcomeuzbekistan.uz/ portalidan olish mumkin.
Ammo afsuski ulardagi sharoitlar, aloqa va narxlar to`g`risidagi ma`lumotlarni o`z ichiga olgan O`znetda yagona baza hali mavjud emas. Ushbu sohada eng keng ma`lumotlarni o`z ichiga olgan bepul elektron ma`lumotnomalar mavjud.
TOShKENTDA UYNI IJARAGA OLISh NARXLARI
O`zingizga vaqtinchalik yashash joyini izlar ekansiz, bunda eng avvalo, o`zingiz uchun qanday sharoit to`g`ri kelishini aniqlab olishingiz lozim: faqat tunab qolish uchun joy kerakmi; xonada boshqa shaxslar bilan qo`shni bo`lib yashashga tayyormisiz; barcha sharoitlari bor alohida xona kerakmi; egasi bilan birga tursa ham arzonroq bir yotoq bo`lsa basmi? Ijara narxlari ana shu omillarning barchasiga bog`liq bo`ladi.
O`rtacha narxlar
Quyida keltirilgan jadvalda eng minimal narxlar keltirilgan. Ularni shakllantirishda inobatga olingan omillarda xonalarning soni, ta`mir holati, jihozlarning sifati, maishiy texnikaning mavjudligi inobatga olingan.
|
Uy-joy turi |
Oylik ijara narxi |
|
Yotoq joyi |
50 000 so`mdan |
|
Alohida xona |
100 000 so`mdan |
|
Alohida xonadon |
400 000 so`mdan |
|
Bir qavatli uy |
500 000 so`mdan |
Qaerdan topish mumkin
Bunday takliflar e`lon qilinadigan maydonlar sifatida elektron doskalar va gazeta sahifalarini ko`rsatish mumkin.
Ular orasida eng mashhurlari Olx.uz (sobiq Torg.uz), Arka.uz, Zor.uz, Vse.vsem.uz, bosma nashrlar orasida esa “Darakchi-Biznes market” va boshqalar bor.
Uzoq muddatli ijara uchun uylarni agentliklar yoki alohida rieltorlar ko`magida ham topish mumkin. E`tiborli bo`ling: rieltorlarga murojaat qila turib, ularning hujjatlarini tekshirishni unutmang.
Poytaxtda ro`yxatdan o`tish
O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to`g`risidagi Yo`riqnomaga ko`ra besh kundan olti oygacha davrdagi vaqtincha qayd etish fuqaroni doimiy istiqomat joyidagi ro`yxatdan chiqarmasdan amalga oshiriladi. Toshkentda 5 kundan ko`p vaqt turmagan fuqarolar ro`yxatdan o`tishlari shart emas.
Fuqaroning poytaxtda necha kun turish muddatini uchastka noziri surishtirib aniqlashi mumkin.
Pasport tizimi qoidalarini buzsangiz
Hisobda turmasdan yashasa...
Pasporti bo`lishi shart bo`lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo`lmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo`yicha hisobda turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi, shuningdek pasportni beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportning yo`qolishi — eng kam ish haqining 1 dan 3 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Hisobda turmasdan yashashga yo`l qo`yilsa
Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas`ul bo`lgan shaxslarning fuqarolarning pasportsiz yoki haqiqiy bo`lmagan pasport bilan yoxud vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo`yicha hisobda turmasdan yashashiga yo`l qo`yishi, xuddi shuningdek fuqarolarning o`z turar joylarida pasportsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo`yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo`l qo`yishi — eng kam ish haqining 3 dan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Mehmonlarga eslatma
Yuqoridagi usullardan foydalanmoqchi bo`lgan fuqarolar uchun ayrim tavsiyalarni bermoqchimiz:
- Yashash joyingiz haqida poytaxtga kelmasdan avval o`ylab olganingiz ma`qul. Mehmonxona va xostellarning telefon raqamlariga, shuningdek e`londagi ijaraga beruvchi xonadon egalariga qo`ng`iroq qiling hamda joyni oldindan buyurtma qilib qo`ying.
- Sayyohlarning kelishi va barcha mehmonxonalar buyurtma qilinish mavsumini inobatga oling. Bu davr mart oyining o`rtalaridan may oyi o`rtalarigacha hamda avgust oyi ohiridan oktyabr oyining so`nggini kunlarini o`z ichiga oladi.
- Agar siz poytaxtga besh sutkadan ko`proq muddatga kelgan bo`lsangiz, vaqtinchalik yashash joyingizga vaqtinchalik ro`yhatga turing.
Ushbu maqola reklama hisoblanmaydi, material ushbu sohada aholi uchun zarur bo`lgan barcha ma`lumotlarni etkazish maqsadida tayyorlangan. Tanlash huquqi mushtariylarga qoldi.
S.Almaeva,
R.Jalyaeva
tayyorladi





