AsosiyJamiyat

Pillakorlar 26 ming tonnadan ziyod pilla bilan yillik shartnoma majburiyatini ado etishdi

O`zbekiston Qishloq va suv xo`jaligi vazirligidan ma`lum qilishlaricha, bu yil pillakorlarimiz “Ipakchi-1”, “Ipakchi-2”, “O`zbekiston-5”, “O`zbekiston-6” kabi serhosil, iqlim sharoitimizga mos, kasalliklarga chidamli mahalliy navlardan iborat 454 ming 600 qutidan ziyod ipak qurti urug`i parvarishlab, har qutidan o`rtacha 57,6 kilogrammdan hosil oldi.

Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Farg`ona, Namangan, Navoiy viloyatlari pillakorlari birinchilar qatorida pilla etishtirish bo`yicha shartnomaviy rejani oshirib bajardi. Kattaqo`rg`on, Kasbi, Jarqo`rg`on, Qorako`l, Beshariq, Norin, Xatirchi tumanlarida har quti ipak qurtidan 60-67 kilogrammdan hosil olishga erishildi. Yakkabog` tumanidagi “Hidoyatov Tog`ay Hidoyatovich” fermer xo`jaligida har quti urug`dan 92, Kattaqo`rg`on tumanidagi “Bekzod” fermer xo`jaligida 74, Jondor tumanidagi “Sharif Qurbon” fermer xo`jaligida 72, Furqat tumanidagi “Qudratullo” fermer xo`jaligida 70, Jalaquduq tumanidagi “Zokirobod niyati” fermer xo`jaligida 68, Paxtakor tumanidagi “No``mon ota”fermer xo`jaligida 67 kilogrammgacha sifatli “kumush tola” olindi. Joriy yilda “O`zpaxtasanoat” uyushmasi tizimidagi paxta qabul qilish punktlari qoshida tashkil etilgan 196 ixtisoslashgan pillaxonada ham 22 ming 700 quti ipak qurti boqildi. Mamlakatimiz pillakorlarining bu muvaffaqiyatida davlatimiz rahbari tomonidan pillaning yangi navlarini yaratish hamda ipak tolasining sifatini xalqaro standartlar talablari darajasiga olib chiqish, uni zamonaviy bozor tamoyillari asosida sotish, qayta ishlash jarayonini isloh qilish ustuvor vazifa etib belgilangani muhim omil bo`ldi. Shu bilan birga, keyingi yillarda mavjud tutzorlar maydonining kengayishi, ozuqa bazasi mustahkamlangani, mavsumga malakali mutaxassislar jalb etilib, pillakorlar uchun zarur moddiy-texnik resurslar hamda jihozlar o`z vaqtida to`liq etkazib berilgani sohadagi yutuqlarda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, bu qimmatbaho xomashyo shahar va qishloqlarimiz obodligi, sanoatimiz taraqqiyotida o`ziga xos o`rin tutadi. Bir tonna pilladan 350 kilogramm ipak, 20 ming metr adras, 13 ming metr atlas, o`nlab boshqa turdagi mahsulot tayyorlanishini e`tiborga olsak, erishilgan yutuq iqtisodiyotimizning yanada yuksalishiga xizmat qilishi ayon bo`ladi. Pilla qabul qilish punktlarida ish qizg`in bormoqda. Keyingi yil pilla hosiliga tayyorgarlik ko`rish, mavjud tutzorlarga ishlov berish, ularni zararkunandalardan asrash ishlari ham davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar