Xalqimizda “Bir kun tuz egan joyingga qirq kun salom ber” degan naql bor. Odam tuz totgan joyini qadrlashi lozim. Biroq, izzat-ikrom ko`rgan xonadon moliga ko`z olaytirish, yulg`uchlik qilish insoniylikka xos emas, qolaversa, hech bir xalq mentalitetiga ham to`g`ri kelmaydi.
O`zbek xalqi bag`rikeng xalq, mehmonga bag`rini ochadi, dasturxon yozadi. Ammo, bunday mehmondo`stlikning qadriga etmay, nafsi uchun ham o`zining ham o`z Vatanining, xalqining sha`niga dog` tushirayotgan “mehmon” lar ham yo`q emas. Ular respublikamiz tartib-qoidalarini mensimagan holda, foyda ilinijida qing`ir ishlarga qo`l urishmoqda.
E`tibor qiling, amaldagi tartiblarga muvofiq norezidentlar ya`ni O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lmagan, shuningdek O`zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo`lmagan chet ellik fuqarolarga O`zbekistonga kirib kelish vaqtida bojxonaga taqdim etilgan deklarasiyaga muvofiq respublikaga olib kirgan valyutasi miqdoridagi naqd xorijiy valyutani bojxona bayonnomasida yozma qayd etish sharti bilan olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.
Norezident tomonidan yo`lovchi bojxona deklarasiyasida (olib kirish paytida to`ldirilgan va bojxona organining xodimi tomonidan tasdiqlangan) yoki TS-28 guvohnomasida (5 ming AQSh dollariga ekvivalent miqdordan oshadigan hajmda naqd chet el valyutasi olib kirilishi paytida bojxona organi tomonidan berilgan) ko`rsatilgan summadan ortiqcha naqd chet el valyutasini olib chiqish uchun faqatgina O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki xorijiy valyuta bilan operasiyalarni o`tkazishga asosiy lisenziyasi bo`lgan vakolatli banklar tomonidan beriladigan ruxsatnoma asos bo`lib hisoblanadi.
Ammo, qozog`istonlik Sh.Kalmuratov (maqoladagi barcha ism-shariflar o`zgartirilgan) mazkur qoidalarni mensimadi. U poytaxtimizdan turib, Seulga parvoz qilish oldidan yo`lovchi bojxona bayonnomasida va bojxona xodimlarining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilmasdan turib, 2 ming AQSh dollarini olib chiqishga uringan paytda to`xtatib qolindi.
Kievga parvoz oldidan ukrainalik L.Djumaeva qo`l sumkasiga ko`z yugurtirdi. Chiptalar, pasport, valyuta – hammasi joyida! Ammo, baribir u xotirjam bo`lolmadi. Pullari orasidan 3300 dollarini sanab, sumkaning ko`z ilg`amas cho`ntagiga yashirdi va tavakkal qilgancha, bojxona nazorati hududiga kirib keldi. Aslida, bu pul bojxona bayonnomasida qayd qilinmagan, sodda qilib aytganda yashirincha olib chiqishga ko`zlangan pullar edi!
Chin yurti desa ko`z oldimizda mehnatkash va behalovat xitoyliklar gavdalanadi. Bizdagi kabi halollik va to`g`rilik bu diyorda ham yuksak qadrlanadi. Ammo, yurtimizdan o`z shahriga qaytayotgan urumchilik A.Godun qing`ir xatti-harakatlari bilan o`zaro ishonch tushunchasiga xiyonat qildi. U 2200 AQSh dollari va 4200 xitoy yuanini qo`l yuklariga yashirgancha olib chiqishga uringan paytda fosh qilindi.
Uning vatandoshi A.Venyan ham Urumchiga parvoz qildi. Faqat yashirincha olib o`tishga uringan 3100 AQSh dollaridan mahrum bo`lgan holda! Chunki, u mazkur valyutalarni yo`lovchi bojxona bayonnomasida ataylab qayd qilmagan edi.
Mokvaga parvoz oldidan rossiyalik Z.Ravilovning bezovtalanishi ham bejiz emas ekan. Buni payqagan bojxonachilar tomonidan ushbu shaxs bojxona ko`rigidan o`tkazilganda hammasi oydinlashdi. Ravilovga yuklari orasiga 3200 AQSh dollarini yashirgan holda havo kemasiga chiqnsh nasib qilmadi!
“Toshkent-Irkutsk” reysi bo`yicha parvozga shaylangan K.Sergeyga esa o`zi tashrif buyurgan mamlakat tartiblarini mensimagani qimmatga tushdi! Natijada, u ona shahriga parvoz oldidan yashirincha olib chiqishga uringan 3650 AQSh dollari bilan “xayrlashishi”ga to`g`ri keldi.
Nijniy Novgorodlik T.Liliyaga bojxona nazoratidan bekitgan holda olib chiqib ketish uchun 3760 AQSh dollarini qo`l sumkasi va yuklari orasiga yashirish ishonchsizroq usuldek tuyuldi. Go`yoki, ishning ko`zini biladigan bu ayol naqd xorijiy valyutalarni egnidagi ichki kiyimlari orasiga yashirdi. Ammo, shaxsiy ko`rik davomida bojxonachilar uning qonunga zid harakatlariga nuqta qo`yishdi.
Bojxonachilar turkiyalik Demir Hasanga ham Istambulga parvozi oldidan oq yo`l tilashlari mumkin edi. Ammo, “Toshkent” xalqaro aeroportida “mehmon”ning izzati bitdi! Aniqlanishicha, u 6750 evro va 250 funt-sterling miqdoridagi naqd xorijiy valyutalarni yo`lovchi bojxona bayonnomasida va bojxona xodimining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilmasdan turib, olib chiqishga uringai ekan.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda. Bu haqda “Toshkent-Aero” IBK Axborot xizmati katta inspektori Husen Tangriev xabar berdi.





