SOXTA TABIBU, FIRIBGAR “AMAL”ChI VA FOLBINLARDAN KIM MANFAATDOR?
“Qashqadaryolik soxta tabib faoliyati fosh qilindi”, “Ommag`onlik “Kichkina tabib”ning katta nayranglari”... O`tgan haftada ayni shu kabi sarlavhalar ostida OAVda bir nechta ma`lumotlar va maqolalar chop etildi. Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi Ommag`on qishlog`ida “Kichkina tabib” nomi bilan tanilgan Sanaev Miraziz Ahad o`g`li go`yoki mo``jizakor xatti-harakatlari bilan odamlarni davolayotgan ekan. Uning bu “iqtidori”dan xabar topgan borki, shifo topish maqsadida umid bilan uning huzuriga oshiqqan. Ammo ma`lumotlarda qayd etilishicha, “uddaburon tabib” huzuriga shifo topish ilinjida borgan insult, “Gepatit S” xastaligi bilan og`rigan bemorlardan kimdir shifoxonda yotgan bo`lsa, yana boshqa birov hamon xastalikdan aziyat chekib yurgani ma`lum bo`lgan. Bugungi kunda esa viloyat IIB va DSI xodimlari bilan hamkorlikda folbinlik hamda norasmiy tabiblik faoliyati bilan shug`ullanib kelayotgan Shahrisabz tumani, “Ommag`on” qishlog`ida yashovchi Sanaev Miraziz Ahad o`g`li va uning firibgar sheriklari faoliyatiga chek qo`yilgan, so`rov surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Keyingi sonlarda mazkur jinoiy harakatning to`liq tafsilotlarini Ichki ishlar vazirligi va Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda taqdim etamiz. Ammo bugungi sahifada ana shu firibgarlik, soxtakorlik yuzasidan tug`ilgan savollarga javob topishga urinamiz. Keling, avval mavzuga doir yana bir voqeani yodga olsak...
Ommag`onlik “kichkina tabib” kirdikorlari haqida o`qib bir voqea yodga tushdi: bundan chamasi ikki-uch yil oldin “Navoiyda bir tabib chiqqanmish, hatto befarzandlarning farzandli bo`lishi uchun foydasi tegayotganmish”, degan gaplar tarqalgandi. Bunday gaplarga ishonib, o`sha “kashfiyot”chi tabibga borganlar orasida mening ham tanishlarim bor edi. Ularning bunday yondashuviga “ehtimol ixlos xalosdir” degan gaplar ana shu tabib va ularga ishongan davo istovchilarning munosabatlarida namoyon bo`lar, deb o`ylagandim. Ammo umid bilan borib kelganlar, ma`lum vaqt tabibning muolajasini olganlardan “hatto bachadoni yo`q ayollar ham homilador bo`layotgan ekan” degan gaplarni eshitib lol bo`lgandim. Ol-a, nahotki inson shunchalik qobiliyatga ega bo`lish mumkin, deb ishonmagandim. Oradan vaqt o`tdi, uning ham kirdikorlari ochila boshlagandi. Allaqanday duo o`qib yoki suyuqlik ichirib, ayollarning qornini shishirarkan, uning muolajalarini olganlar tibbiyotga murojaat qilmasligi kerak ekan, deganlarni eshitdim. Ma`lum muddatgacha qorni shishganidan quvonib, homilador bo`ldim, degan bechora umidvor ayollar oxir-oqibat aldanib qolishganini bilishgan. Ayni shunday chuv tushganlar huquq tartibot organlariga ham murojaat qilishgandi, o`shanda. Ammo bu kirdikorlarning natijasi qanday jazo bilan yakunlanganidan xabarim yo`q. Lekin bu gaplarni yozishimga sabab har nima bo`lganda ham har qanday tabibning ko`z ko`rib, quloq eshitmagan “kashfiyotlar”iga ko`r-ko`rona ishonish to`g`ri emas. Bu voqealarni eshitib o`ylab qolasan kishi: axir yurtimizda tabiblar faoliyat yuritishini ro`yxatga oluvchi O`zbekiston Xalq tabobati akademiyasi tashkil etilgan-ku. Shunday ekan, har bitta tabiblik salohiyatiga ega kishi avval mazkur akademiyaning nazoratiga olinib, belgilangan tartiblar doirasida ro`yxatdan o`tib, keyin faoliyat boshlamaydimi? Agar shunday bo`lsa, bunday soxta tabiblar nega yomg`irdan keyingi qo`ziqorindek kun sayin potirlab chiqyapti? Xo`sh, qashqadaryolik “kichkina tabib” kabi firibgarlarning ildiz otishiga kim va nima zamin yaratyapti? Ularning ortida kimlar turibdi? Aslida kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, deganlar haq gap. Shunday ekan, xastalikni davolagandan ko`ra uning oldini olish afzal, deganlaridek, bugungi kunda ommag`onlik “kichkina tabib” kirdikorlari fosh etildi, so`rov-surishtiruv boshlandi. Ammo shu jinoiy faoliyat ildiz otgunga qadar buning oldini olish mumkin emasmidi?
Shu kabi savollarimiz bilan O`zbekiston Xalq tabobati akademiyasiga murojaat qildik. Xo`sh, ular bu “kichkina tabib”ning firibgarligini qanday izohlaydi?
TABIBLARNI KIM RO`YXATGA OLADI? ULARNING FAOLIYaTI QANDAY TARTIBGA SOLINADI?
Muhammadjon Hamroev, O`zbekiston Xalq tabobati akademiyasi raisi:
- Qashqadaryoning Ommag`on qishlog`idagi “soxta tabib” faoliyati yangilik emas. Aynan shu viloyatning Qamashi tumanida ham bundan bir necha yil oldin bir ayolning xuddi shunday soxta tabibligi fosh qilingandi. Unda go`yoki o`sha “tabib” ayol vafot etgan, uni qabristonga ko`mib kelishgan. Ammo uyga qaytishganda o`lgan ayol uyda o`tirarmish va u birdaniga o`zida tabiblik iqtidori bilan yana hayotga qaytgan emish. U “tabib”lik faoliyatida esa kelgan mijozlarning xastaligini bir-ikki silash bilan davolagan bo`lib, “bo`ldi, sizlar tuzaldinglar, endi ko`chadagi do`kondan uylaringga, bolalaringga biror narsa xarid qilib olib boringlar”, deb tavsiya berarmish. Mijozlar esa o`z navbatida uning nayrangiga uchib, u tavsiya qilgan do`kondan 500 so`mlik mahsulotni 5000 so`m qiymatida sotib olishga majbur bo`lishgan. Bu holat ham huquq-tartibot organlari tomonidan fosh etilib, o`z vaqtida chek qo`yilgan. Shahrisabzning Ommag`on qishlog`idagi “kichkina tabib” faoliyati ham xuddi shunaqa. “Kichkina tabib”ligiga izoh beradigan bo`lsak, uning yoshi 14 da. Sog`ligi ham talab darajasida emas. Bu jinoiy harakatlar ortida ana shu 14 yoshli o`smirning salomatligi talab darajasida emasligini bilganlar turibdi. Ular o`z manfaati yo`lida bu boladan foydalanishyapti. Biz bu ma`lumotdan xabar topgan zahoti asl vaziyatni o`rganish uchun o`zimizning vakillarimizni yubordik. Ularning kuzatishicha, ular qishloqdagi bir tog`li hududdagi xonadonda faoliyat yuritishadi. Eshik oldida 4-5 nafar chollar o`tirib, kelgan mijozlarga “kichkina tabib”ning “iqtidori” haqida ma`lumot berib turishadi, ya`ni uning faoliyati ishonchli ekanligini targ`ib qilishadi. Bizning vakillar ham mijozlar qatori “kichkina tabib” huzuriga kirishgan. Bugungi kunda jinoyat ishi qo`zg`atilgan jinoiy ishning bosh ob`ekti sifatida tilga olinayotgan “kichkina tabib” 14 yoshli o`smir bola, atrofida 15-20 nafar yigitlar. “Muolaja”ga kirgan mijozlarning ko`zlarini bog`lashadi, keyin xonadondagi o`sha 15-20 nafar yigitlar bir aylanib, ulardan davo istab kelganlarning bir chetdan boshini silab, elkasiga urib chiqadi. Keyin ma`lum vaqt yigitlar dam olishadi, bu orada ular hatto tamaki chekib olishga ham ulgurishadi. Ma`lum vaqt o`tgach, xuddi shu “muolaja” yigitlar tomonidan takrorlanadi. “Kichkina tabib” — 14 yoshli o`smir o`zi bilan o`zi ovora, u bu harakatlarni hatto to`la anglolmaydi. Lekin atrofdagilar undan moddiy ob`ekt sifatida foydalanishyapti. Hatto vaziyat bilan tanishgani borgan vakillarimiz tomonidan to`plangan manbalarga ko`ra, kechki payt — mijozlarni qabul qilish to`xtaganda bir salobatli kishi kelib ular bilan kunlik hisob-kitobni qilib, hammaga o`z ulushini bergan. Vakilimiz qishloqdagi qo`shni xonadonlar ham “kichkina tabib”ning mijozlari uchun to`lov evaziga boshpana berish xizmatini o`tayotganining ham guvohi bo`lgan. Bu holat boshlanganiga ikki yil bo`lib qoldi. Biz bu vaqt ichida jim turganimiz yo`q: Ma`lumotlar to`plangach, qo`limizda to`plangan manbalar asosida Ommag`on qishlog`ida firibgarlar xalqni aldayotgani, sanitariya-gigiena holatlariga, tabiblik faoliyatining tartiblariga zid ravishda faoliyat yuritilayotganligi, bunday yondashuv aholi salomatligi uchun xavfli ekanligi, bu holat yuzasidan tegishli chora ko`rilishi lozimligi xususida 2014 yilning 24 aprelida 51/7-sonli xat bilan Shahrisabz tumani sog`liqni saqlash birlashmasi boshlig`i Dilorom Nazarova Negmatovna nomiga rasmiy xat bilan murojaat qilganmiz. Holat yuzasidan ko`rilgan choralarga qiziqdik. Gapning ochig`ini aytganda bu shaxs ochiqdan-ochiq “kichkina tabib” faoliyatidan manfaatdor ekanligini namoyon qildi. Hatto tuman hokimligiga ham bu borada murojaat qilganmiz. Shaxsan hokim bilan bog`lanishimizning imkoni bo`lmagan-u, ammo hokim yordamchisi murojaatimiz maqsadini bilgach, ha, odamlar davolanyapti-ku, deya go`shakni qo`ydi. Endi o`ylab ko`ring: tuman mas`ullari o`zining hududidagi qallobligu firibgarlikka shunday beparvo bo`lgach, kimni aybdor qilasiz? Shahrisabzda qonunni nazorat qiladigan prokuror yo`qmidi? 14 yoshli o`smirning orqasida kimlar turibdi? Ana shu beparvo mas`ullar ham bundan manfaatdor emasmikan? Albatta manfaatdor, hududdagi mas`ullarning hammasi manfaatdor bo`lgan. O`sha qishloqda “kichkina tabib” “muolajasi” uchun har kuni yuzlab odam to`plansa-yu, nega to`planyapsizlar, deb so`raydigan inson bo`lmasa... Huquq-tartibot organlari nahotki buni bilishmadi? Bilishgan, bilishgan, juda bilishgan. Hatto borib xabar ham olib turishgan. Ammo bu jinoiy harakatga chek qo`yilmagan. Mana, ikki yil o`tsa-da, jinoiy ish ochildi. Lekin ikki yil hamma manfaatdorlar tomoshabin bo`lib turishdi. Nega o`z vaqtida nazoratga olinmadi, “yara yayrab ketmasidan” bu jinoyatga chek qo`yilmadi? Nega chek qo`yilishi kerak, cho`ntak qappayib turganda! Qanchadan-qancha insonlar bu firibgarlardan aziyat chekkani bilan hech kimning ishi bo`lmadi.
- Muhammadjon aka, ayting-chi, O`zbekiston Xalq tabobati akademiyasi ro`yxatidan o`tmagan yana qancha soxta tabiblardan xabardorsiz?
- Birgina Toshkentning o`zida ham 800 nafardan ziyod folbinu soxta tabiblar bor. Namanganning Uchqo`rg`onida esa bu ko`rsatkich bizning ma`lumotlarga ko`ra, 16 nafarni tashkil etadi. Surxondaryoda 276 nafari aniqlangan. Toshkentning o`zida “amal olaman” degani-yu, “bir shisha kerosin bilan hamma kasalni davolayman” deb odamlarni aldayotgan tabibu folbinlar bugun anchagina. Chilonzor tumani “amalchi”larning makoni bo`lib ketgan. Huquq tartibot idoralari bu holatni ko`rmayotgan bo`lishsa kerakda. “Sizga mozorning tuprog`i bilan amal qilishgan” deb hatto odamlarni mozorma-mozor etaklab, qabrlarni kavlab, tuproq ichidan chiqayotgan (ko`z boyloqchilik hunarlari mevasi) allanarsalarni ana shu “amal”ga qiyoslab, “mana sizni xalos etdim” deb aldayotganlar-ku keyingi paytlarda juda ko`payib ketdi. Toshkentning “Dendropark” dahasida “mozorchi folbin”ning shuhrati etti aravaga yuk bo`ladi. Bu mozorchi oldiga kelganlarning hammasini bir mozorga etaklab duch kelgan qabrdan kalla suyagidan tortib mixgacha, singan taqadan tortib qo`g`irchoqqacha topib berarmish. Keyin o`sha mijozga “sening o`liming uchun dushmanlaring mixga o`qib mozorga ko`mishibdi“, “mana men topib berdim, endi mixni suvga tashla, menga esa ikki ming dollar ber”, deb yuziga fotiha tortarkan. Mana shunday firibgarlarga chuv tushayotgan qanchadan-qancha soddadillar pulidan ajralib, chirqirab qolayotgani bilan hech kimning ishi yo`q. Toshkent halqa yo`li yonida joylashgan Xonobod aholi yashash hududidagi “amalchi” ayolning “og`zingizdan qurt tushdi”, “ilonning bolasi tushdi”, deb og`zingizga yaqin tutgan suvli piyolani sizga ko`rsatmasdan “sizning ko`rishingiz mumkin emas, 100 dollar bering” deb ko`rsatayotgan nayrangiga uchrayotgan soddadillar qanchadan-qancha! Biz qaysi hududdan qanday soxta tabibu folbin haqida eshitsak, albatta hudud mas`ullarini bu holatni o`rganish, tekshirish, chora ko`rish uchun jalb qilamiz. O`sha hududdagi mahalla fuqarolar yig`iniga xabar beramiz. Mahalla faollarining loqaydligi o`sha firibgar bilan apoq-chapoq ekanliklari judayam ajablanarli. Endi o`ylab ko`ring: Qashqadaryoning Qamashi tumanidagi ayol “tabib”, Shahrisabzning Ommag`on qishlog`idagi “kichkina tabib” yoki Surxondaryodan chiqayotgan soxta tabiblarning yoki biz yuqorida keltirgan mozorchiyu xonobodlik ilonchining ortida kimlar turibdi? Bularning barchasi bir manfaatdor shaxsning “tadbirkorlik” ob`ekti ekanligiga, boz ustiga, manfaatdorlarni qo`llab-quvvatlovchi yana manfaatdorlar borligiga shak-shubha yo`q... Bu bilan nega huquq-tartibot nazoratchilari, tumanlarning prokuraturalari shug`ullanishmaydi? Bunday soxta tabiblarning faoliyatiga befarqlik qanchadan-qancha jinoyatlarni keltirib chiqarmoqda.
- Bugun yurtimizda qancha tabib faoliyat yurityapti? Ularni tabiblikka tayyorlash jarayonlari qanday? Alohida tayyorgarliklardan yoki sinovlardan o`tish talab etiladimi?
- Ahvol deyarli yaxshi emas. 1926 yilda mustabid sho`ro “sovnarkom”i O`zbekistonda xalq tabobatini zimdan tugatish haqidagi mash`um bir hujjatni qabul qilgan. Undan keyin xalq tabobatiga oid biror bir me`yoriy hujjat qabul qilinmadi. Xalq tabobati akademiyasi tashkil topganidan keyin mamlakatimiz prezidenti bu sohani rivojlantirish to`g`risida akademiyaga maktub yo`lladi. Biz O`zbeksitonda Xalq tabobatini qayta tiklash va uni rivojlantirish ustida qadamba-qadam juda qiyin bir sharoitda faoliyat yurityapmiz. Shunga qaramay, albatta ma`lumoti bor, xalq tabobatidan xabardor tabiblar attestasiyadan o`tgandan keyin biz tuzgan mamlakat tabiblar reestriga kiritiladi. Ammo bular barmoq bilan sanarli darajada. Haqiqiy tabib bizning akademiyaga keladi. Firibgar yoki nayrangchi bo`lsa, albatta kelmaydi. Chunki bizda juda jiddiy talablar qo`yilgan. Men tayyorlangan rasmiy hujjatda yozilgan tabib mutaxassisligiga berilgan ta`rifni hukmingizga havola etmoqchiman.
Tabib — xalq tabobati sohasida faoliyat yuritish huquqini beruvchi hujjatga, tabiblik salohiyati hay`ati tavsiyasiga va rasmiy faoliyat huquqi lisenziyasiga muvofiq xalq tabobatining usul va vositalari asosida salomatlikni asrash, tashhis qo`yish va kasallikni davolash sohasida xizmat ko`rsatuvchi shaxs. Savolga to`liq javob berildi, deb o`ylayman.
- Soxta tabiblarga chuv tushmaslik uchun aholiga qanday tavsiyalar berasiz? Tabibning soxta yoki haqiqiyligini qanday aniqlasa bo`ladi?
- Soddadil insonlar har qanday tabibdan, hujjati bor-yo`qligi bilan qiziqsalar bo`lardi. Yolg`on qancha katta bo`lsa, shuncha ishonarli bo`ladi, degan gapni ma`nosini o`ylab ko`rish kerak. Firibgarlardan xalos bo`lishning birdan bir yo`li shu. Shuningdek, Akademiyaning ishonch telefonlari hududlarda faoliyat yuritayotgan tabiblarning firibgar yoki firibgar emasligiga aniqlik kiritishda yordam beradi: +99871 221-31-16, 221-86-92.





