Filmlarning noqonuniy savdosi va namoyishi bilan shug`ullanayotgan shaxslar va saytlarga nisbatan choralar ko`rilmoqda.
Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan suratga olingan, shuningdek, xususiy kinostudiyalar tomonidan ishlab chiqarilgan filmlarning noqonuniy savdosi va namoyishini oldini olish bo`yicha tegishli idoralar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Toshkent shahar hokimligi Ishchi guruhi bilan hamkorlikda gavjum joylar, bozorlar, savdo komplekslari va shoxobchalarda «Sotqin» badiiy filmining noqonuniy savdosi bo`yicha monitoring o`tkazib, 33ta qonun buzilishi holatini aniqladi.
Bundan tashqari, milliy UZ zonasida faoliyat olib borayotgan bir qator nodavlat saytlarda, xalqaro domen zonalaridagi resurslarda «Sotqin» filmining noqonuniy namoyishi tashkil etilayotgani ma`lum bo`ldi.
Shu bilan birga, Buxoro viloyati G`ijduvon tumanida faoliyat yuritayotgan «G‘ijduvon oynai jaxoni» MChJ muassisligidagi «G`ijduvon-TV» telekanali tomonidan 2015 yil 12 aprel kuni soat 20:46dan 23:18gacha «O`zbekkino» Milliy agentligi huquq egasi bo`lgan, davlat byudjeti mablag`lariga yaratilgan «Sotqin» badiiy filmi huquq egalarining ruxsatisiz efirga uzatilgan. Bu kabi holatlar nafaqat davlat filmlari, balki nodavlat kinostudiyalar tomonidan suratga olingan filmlar bilan ham uchrab turibdi.
O`zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi ma`lumotiga ko`ra, mazkur holat O`zbekiston Respublikasi «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida»gi Qonunining 62-moddasiga asosan (huquq egasi bilan shartnoma tuzmasdan asarlardan foydalanish) mualliflik huquqining buzilishi hisoblanadi va Qonunning 65-moddasiga asosan huquq egasi huquqbuzardan, jumladan, huquq buzilishi natijasida boy berilgan foydani qoplashni talab qilishga haqli.
Mazkur holatlar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qonuniy choralar ko`rilishi uchun tegishli ma`lumotnomalar taqdim etildi.
O`z navbatida «O`zbekkino» Milliy agentligi davlat byudjeti mablag`lariga, shuningdek, nodavlat kinostudiyalar tomonidan suratga olingan filmlarning noqonuniy savdosi va namoyishi bilan shug`ullanayotgan shaxslar hamda internet resurslariga yana bir bor murojaat qilib, ularni belgilangan qonun talablari doirasida faoliyat olib borishga chaqiradi, shuningdek, qonunbuzarlarga nisbatan aniq ta`sirchan choralar ko`rilishini ma`lum qiladi.





