AsosiyJamiyat

Eng yaxshi kitobxon o`quvchilar aniqlandi

Eng yaxshi kitobxon o`quvchilar aniqlandi Xalq ta`limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi kitobxon o`quvchi” tanlovining g`oliblari aniqlandi.

Barcha ta`lim muassasalarida hozirgi zamon yoshlarini kitob mutolaasiga bo`lgan qiziqishini yanada oshirish, kitob orqali bolalarimizning dunyoqarashini kengaytirish, o`quvchilarni ko`proq kutubxonalarga jalb qilish, ma`naviy tushunchalarni boyitib borish, adabiy merosga bo`lgan mehrni shakllantirish maqsadadida har yili o`tkaziladigan mazkur tanlovning ilk bosqichida 250 mingga yaqin o`quvchilar ishtirok etdi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Tanlov uch bosqichda 5-9 sinf o`quvchilari o`rtasida tashkil etildi. Dastlabki maktab bosqichidan tumanga va undan yakuniy viloyat bosqichiga chiqqan o`quvchilar o`zlarining mutolaa qilgan kitoblari ro`yxatini tuzib chiqdilar.

Tanlov shartlariga binoan o`quvchilar tahsil olayotgan ta`lim muassasasidagi kutubxona haqida so`zlab berish barobarida hakamlarning o`zbek adabiyotiga oid savollariga javob berdilar. Kitobxonlar o`zlari o`qigan asarlarda ilgari surilgan g`oyaning dolzarbligi, mazmun-mohiyati va o`quvchi-yoshlarning tarbiyasidagi o`rni haqida gapirib berdilar. Shuningdek, ular bolalar qalbida kitobga nisbatan mehr va muhabbat uyg`otish uchun nimalar qilish kerakligi xususida o`z konsepsiyalarini ko`rsatib berdi.

Yakunda 1-2-3-o`rinlarni egallagan o`quvchilar “Eng yaxshi kitobxon o`quvchi” tanlovi g`olibi deb topildi va tashkilotchilarning esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.

    Boshqa yangiliklar