Rossiyalik qo`shiqchi va aktrisa Janna Friske 40 yoshida uzoq muddatli onkologik kasallik bilan kurashdan so`ng vafot etdi.
Bu haqda 15 iyun kuni RIA Novostiga uning otasi Vladimir Borisovich xabar berdi: "Janna vafot etdi, bu haqiqat. Bu hodisa kechki payt soat 10 da ro`y berdi".
Bu xabar uni sevgan barcha uchun kutilmagan yangilik bo`ldi.
Janna Friske 1974 yilning 8 iyul kuni Moskvada tavallud topgan. 1996 yilda u «Blestyashie» guruhi tarkibida sahnaga chiqqan, 2003 yilda yakkaxon xonanda sifatida faoliyat yurita boshlagan. Kinodagi debyut rolini u 2004 yilda Timur Bekmambetovning «Nochnoy dozor» filmida ijro etgan, 2005 yilda esa «Dnevnoy dozor»da suratga tushgan.
Friske «Sirkda yulduzlar bilan», «Afrika yuragi», «Imperiya», «Muzlik davri 2» teleloyihalarida ishtirok etgan. Kino va shou-biznesdagi faoliyati uchun Friske bir qator mukofotlar bilan taqdirlangan.
2013 yilda aktrisaning bosh miyasida o`simta aniqlangan va unga yordam uchun o`nlab million rubl yordam puli yig`ilgan edi, biroq davolash besamar kechdi.





