Sanoqli kunlardan so`ng respublikamizdagi oliy ta`lim muassasalariga hujjatlar qabul qilish boshlanadi. Xo`sh, bu yilgi imtihonlar qanday o`tadi? Tizimga o`zgartirishlar kiritildimi? Imtiyozlar kimlarga beriladi? Maktabni o`zbek tilida bitirganlar oliy o`quv yurtining rus guruhida o`qishlari mumkinmi? Mana shunday savollar bilan tahririyatimizga bugunga qadar farzandi oliy o`quv yurtiga kirish arafasida turgan ota-onalar yoki ularning o`zlari ko`p marotaba murojaat qilishdi. Ko`p sonli mushtariylarimizni qiziqtirayotgan mazkur savollarga Davlat test markazi direktori Jahongir Ismoilovdan javob oldik.
HARBIY IMTIYoZDAN NEChA MAROTABA FOYDALANISh MUMKIN?
O`g`limning harbiy imtiyozi bor, ammo ikki yildan buyon o`qishga kira olmayapti uning harbiy imtiyozi bu yilga ham o`tadimi?
Barno Sulaymonova,
Toshkent viloyati
- O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 31 maydagi “O`zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o`tab bo`lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-1765-son qarorining 1-bandiga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o`tab bo`lgan fuqarolarga harbiy qismlarning qo`mondonligi tomonidan oliy ta`lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.
O`ZBEK TILIDA O`QIGANLAR INSTITUTNING RUS GURUHIGA QABUL QILINADIMI?
Maktab yoki kollejni o`zbek tili guruhlarida tugatganlar universitet yoki institutlarning rus guruhlariga o`qishga kira oladimi
Lola Boltaeva,
Navoiy viloyati
- Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta`lim muassasalarining bakalavriyatiga talabalarni qabul qilish tartibi to`g`risida Nizom”ning 4-bandiga ko`ra abiturient test sinovlarini oliy ta`lim muassasasida o`qiydigan tilda topshiradi. Bundan kelib chiqadiki, maktab va kollejni o`zbek guruhlarida tugatganlar oliy ta`lim muassasasining rus guruhlariga hujjat topshirishi va o`qishi mumkin.
BU YILGI IMTIHONLARGA O`ZGARTIRIShLAR KIRITILDIMI?
Imtiyozli diplomlilarga imtiyoz bormi?
2015-2016 yilgi davlat test imtihonlariiga o`zgartirish yoki qo`shimchalar kiritilganmi? Imtiyozli diplom bilan akademik lisey yoki kasb hunar kollejini tugatgan abiturientlarga imtiyozlar mavjudmi?
Gulnora Saidova
Jizzax viloyati
- Oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish uchun test sinovlari O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 8 iyulda 2242-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan “O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda test sinovlarini o`tkazish to`g`risida”gi Nizom asosida o`tkaziladi. Mazkur Nizomga 2014 yil 15 avgustda 2242-1-son bilan o`zgartirish kiritilgan. Jumladan, javoblar varaqasiga ayrim o`zgartirishlar kiritildi. Javoblar varaqasida abiturient titul varaqasidan ko`chirishi lozim bo`lgan ta`lim muassasasi kodi, tanlov kodi olib tashlandi va faqat maxsus kod qoldirildi. Bundan tashqari fan bloklari olib tashlanib, ketma-ket 1 dan 108 gacha raqamlandi(savollar kitobida ham 1 dan 108 gacha raqamlanadi). Abiturient haqidagi ma`lumotlar(familiyasi, ismi, otasining ismi, ta`lim muassasasi, ixtisoslik, imzo) 1-betga ko`chirildi.
Sevara NIShONOVA tayyorladi





