2015 yilning 9 iyun kuni mobil aloqa operatorlarining dilerlik tarmoqlari faoliyatini tartibga solish hamda lisenziya kelishuvlar shartlari va yuridik shaxslar bilan dilerlik xizmatlarini ko`rsatish uchun shartnomalar tuzishda o`rnatilgan talablarni bajarilishini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi hududida mobil aloqa xizmatlarini ko`rsatuvchi operatorlar uchrashuv tashkil etildi.
Bu haqda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo`yicha davlat inspeksiyasi xabar beradi.
Ushbu tadbirda operatorlarning mas`ul mansabdor shaxslari va mutaxassislari, shu bilan birga Inspeksiyaning taklifiga binoan O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi vakili ishtirok etdilar.
Uchrashuvda har bir operatorning dilerlik tarmog`idagi mavjud kamchiliklar, jumladan operatorlar tomonidan dilerlar faoliyati ustidan nazorat ishlari etarlicha amalga oshirilmasligi, mijozlarga sifatli xizmat ko`rsatish bo`yicha dilerlar bilan tushuntirish ishlari olib borilmasligi, dilerlik punktlarining oddiy estetik talablarga javob bermasligi kabi kamchiliklar va ularning bartaraf etish yo`llari muhokama qilindi.
Tadbirda aytib o`tilgan barcha kamchilik va takliflar atroflicha muhokama qilindi va natijalari yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.





