AsosiyJamiyat

Saxovat va ezgulik timsoli

Hotami Toyi haqida eshitganmisiz?  Ko`pincha, saxovatli, qo`li  ochiq kishilarga nisbatan ana shu ismning sal qisqargan shakli - "hotamtoy" iborasi ishlatiladi. Har bir  so`zning o`ziga yarasha tarixi bo`lganidek, bu atama ham o`z-o`zidan  paydo bo`lmagan, albatta.  Muruvvatpeshaligi bilan shuhrat qozongan  Hotami Toyidan qolgan nom bora-bora sifatga aylanib ketgan. 

Manbalarda nomi afsonalarga yo`g`rilib ketgan bu shaxsning asl ismi Abu Safona Hotam ibn Abdulloh binni Sa`d bo`lib, milodiy VI-VII asrlarda yashab o`tgan. Arablarning Toy qabilasi boshlig`i bo`lgan. Ma`lumotlarga ko`ra, bizgacha uning she`rlari ham etib kelgan.

Sharq adabiyotida Hotam saxiylikning eng oliy timsoli  sanaladi. Sharqning ko`plab mutafakkirlari Hotam nomini hurmat  bilan yodga oladilar. Alishar Navoiyning "Hayrat ul abror"  dostonida ham u haqda ibratli hikoyat keltiriladi.

Emishki, Hotamdan "o`zingizdan ko`ra himmati baland odamni  ko`rganmisiz?" deb so`rashganida, u oddiy bir o`tinchi cholni aytadi. "Bir paytlar butun sahro ahlini chaqirib katta ziyofat bergandim. Yuzta tuya, minglab qo`y-qo`zilarni so`yib, qozonlar osildi, avji  ziyofat paytida ko`nglim tanholikni tusab, sahroga chiqdim. Qarasam  bir chol beli bukilib, o`tin orqalab ketyapti. "Ey, benavo, Hotam  butun sahro alini chorlab katta bazm berayotir, sen ham elkangdagi  tikanni tashla, borib, kayf-safo qilsang-chi?" Shunda chol menga  qarab, ey tama`gir inson, sen mehnat bilan topilgan non lazzatini bilmaysan. Mashaqqat chekib topilgan bir-ikki diram pul, Hotam bergan xazinadan ham ko`ra a`loroqdir, degandi. Uning  himmati menikidan kura yuqori edi"

Rivoyatlarga ko`ra, u umrini odamlarga yaxshilik qilishga  bag`ishlaydi.  Butun boyligini xayr-ehson yo`lida xarjlasa-da, uning davlati borgan sari ortib boravergan. Aytishlaricha, uning  qasrida etmish ikki darvoza bo`lib, hojattalab kishi ularning  barchasiga birma-bir kirib o`tsa-da, hech biridan quruq chiqmas  ekan. Hotam dunyodan o`tgach, uning o`rnini egiz birodari egallamoqchi bo`ladi.  Onasi bunga e`tiroz bildiradi:

     - O`g`lim, Hotam bitta edi. U endi kaytib kelmaydi. Sen esa, hech qachon Hotamchalik saxiy bo`lolmaysan.

O`g`li onaizorning gapiga quloq solmaydi va Xotamning  hujrasiga  borib o`ltiradi-da, el aro o`zini ikkinchi Xotam deb e`lon qiladi. Uning matonatini sinab ko`rmokchi bo`lgan onasi, faqir tilanchi kiyimida haligi eshiklarning biridan sadaqa so`rab  keladi. Hotamning ukasi uni tanimaydi va unga katta in`om-ehson  berib kuzatadi. Keyin ikkinchi, uchinchi... xullas etmish ikkita  darvozadan kirib sadaqa so`rayveradi. "Ikkinchi Xotam” esa,  akasinng odatiga amal qilib, uni siylab kuzataveradi. 

Onasi barcha darvozalardan bir-bir kirib chiqqach, yana qaytib  birinchi darvozaga qaytadi. Buni ko`rgan o`g`il g`azabdan xayqirib  yuboradi:

 - Insofing bormi, etmish ikki eshigimdan kirib, qo`ni-qo`njingni to`ldrib chiqding. Etar endi!

Onasi shunda o`zini tanitib, egnidagi ro`dapolarni echib tashlaydi.

 - O`g`lim, agar akang bo`lganida, bunaqa qilmasdi. Chunki, uning hotamtoyligi chaqaloqligidan ma`lum edi. Har gal men ikkingizni emizayotganimdayoq buni payqaganman. Akang to seni emizmagunmcha, sutimni emmasdi. Sen esa, bir siynamni so`rayotib, ikkinchisini ham changallab olarding...

    ... Hotamdan so`rashibdi: "Buncha xayru saxovatni, ochiqqo`llikni  kimdan o`rgandingiz?" U javob beribdi: "G`ishtdan. Chunki, g`ishtni  qo`lma-qo`l uzatayotganda qo`lingdagini uzatsang, o`rniga boshqasi kelib tushadi. Xuddi shuning kabi, sen boringni birovga bersang, o`rnini Yaratganning o`zi to`ldiradi."

Abdurahmon Jomiyning "Bahoriston" asarida ham u haqda  ibratli bir rivoyat keltiriladi: Emishki, Hotamdan so`rashibdi:

     -Sen o`zingdan ham saxiyroq insonni ko`rganmisan?

     -Ha. - javob beribdi u.-  Bir kuni sahroda ov qo`ilib yurib  adashib qoldim. Bir badaviyning uyida tunab qolishimga to`g`ri  keldi. U o`sha kuni qurasidagi bir quyni so`yib go`shtini pishirib  keldi. Menga qo`yning bir a`zosi yoqib qoldi va maqtay-maqtay  edim. Oradan ko`p o`tmay, qo`y go`shtining aynan men maqtagan qismini pishirib keltirdi. Men uning uyida ikki kun mehmon  bo`ldim. Ikki kun ichida u mening oldimga fakat menga manzur  bo`lgan taomni pishirib kelaverdi.

Nihoyat uchinchi kuni uyga qaytishga ruxsat oldim. Tashkariga  chiksam, hovli qonga to`lib ketibdi. Hayron bo`lib buning boisini  so`radim. Ma`lum bo`lishicha, uning bisotida o`nta qo`yi bo`lib, ikki  kun ichida  hamma qo`ylarini so`ygan va go`shtning menga manzur  qismidan emak tayyorlagan ekan.  Men uning bu qilmishi uchun qattiq  koyidim. Shu kuniyoq uyimga qaytib, unga besh yuzta tuya hadya qildim.  Undagi saxovat meni tamoman lol qoldirgan edi.

     -Ey Hotam, axir uning o`nta quyi qayoqdayu sen bergan tuyalar  qayoqda. Sen uning himmatini bir necha yuz barobar qaytaribsan-ku?

     -Yo`k, - javob beribdi Hotam. - U men uchun bor-yo`k  davlatini sarfladi. Men esa, boyligimning arzimasgina qismini unga berdim, xolos.

Hotamning nomi afsonalarga yo`g`rilib ketgan. Uning hayoti, faoliyati, qilgan ezgu amallari haqida ko`plab rivoyatlar, dostonlar, qissalar to`qilgan. Yurtimizda  19 asrda yashab o`tgan noma`lum bir muallifning «Hotamnoma» nomli qissasi bizgacha etib kelgan bo`lib, unda Hotami Toyi nafaqat saxiy va bag`rikeng inson, balki afsonaviy qahramon, yovuz kuchlarni engishga qodir sehrli kuch-qudrat sohibi sifatida gavdalanadi.

O`zbek xalq ertaklarida ham Xotam obraziga duch kelish mumkin. «Muqbil Toshotar» ertagi yodingizdami? Podshoh Muqbilga qizini bermaslik uchun bahona qilib, Xotamning boshini kesib, uning minib yurgan otini olib kelishni buyuradi. Muqbil uning shartini bajarish uchun safarga otlanadi.

Ittifoqo bir shaharda bir odamning  uyiga mehmon bo`lib tushadi. Uy egasi Muqbilni izzat-hurmat bilan kutib oladi, mehmon qiladi va safarining boisini so`raydi. Muqbil butun sarguzashtini hikoya qilib, Hotamning otini va boshini keltirish uchun yo`lga chiqqanini aytadi. Shunda uy egasi, ta`zim qilib, «Hotam men bo`laman, boshim kerak bo`lsa, kesib oling, ammo otni endi berolmayman, chunki, sizni mehmon qilish uchun uni so`ygan edim» deydi. Bundan bag`oyat ta`sirlangan Muqbil uning oyog`iga yiqilib, uzr so`raydi va niyatidan qaytadi...

Yana bir afsonada aytilishicha. Hotam nainki tirikligida, hatto o`lganidan keyin ham insonlarga muruvvat ko`rsatishda davom etgan. Arab xalq afsonalaridan birida aytilishicha, kunlarning birida bir karvon ahli Hotami Toyi dafn etilgan vodiyda to`xtab dam olmoqchi bo`ladi. Tabiiyki, karvonboshi ham Hotamning saxovati  haqidagi uzunquloq gaplardan boxabar edi. Shunda u Xotam qabrini ziyorat qilarkan, hazillashib, «Ey saxiylarning podshohi, sening bag`rikengliging, sahovating haqida ko`p eshitganmiz, qani shu gaplar rost bo`lsa, bizni bir mehmon qilmaysanmi, uzoq yo`l bosib charchab kelyapmiz» deya xitob qiladi.

Albatta bu gaplar shunchaki hamrohlarini kuldirish uchun hazil tariqasida aytilgan edi. Savdogarlar biroz kulib olishgach, bu mutoyiba ham darrov ularning xotirasidan ko`tarildi.

Keyin o`sha vodiyda chodir tikilib, yo`lovchilar uyquga ketdilar. Haligi karvonboshining tushida oq soqolli bir chol kirib, hassa bilan  uning tuyasini turtkiladi: «Tur o`rningdan va tuyangdan xabar ol, u jon talvasasida, harom qotmasidan bo`g`ziga pichoq tort» deya qichqiprdi. Karvonboshi sapchib uyg`ondi. Qarasa, tuyasi chindan ham tipirchilab yotibdi. Darrov xanjarini chiqarib, tuyani halollab oldi va safardoshlarini uyg`otdi va ularni voqeadan xabardor qildi.

«Endi bu tuyaning go`shti uvol ketmasin, biz bu erda ko`pchilikmiz, hoziroq olov yoqib go`shtni qozonga solaylik va to`yguncha go`shtxo`rlik qilaylik. Manzilga etib borganingizdan so`ng pul to`plab birorta tuya olib berarsizlar!».

Chindan ham yaxshigina ziyofat bo`ldi. Go`shtning qolgan qismini yo`lda eyish uchun tuzlab, meshlarga ortishdi va yo`lga tushishdi. Kun tikkaga kelganda, qarama tarafdan oq tuya etaklagan, o`zi ham bir tuyaga minib olgan bir badaviy arab ularning oldidan chiqdi.

«Men Hotami Toyining o`g`li bo`laman, - dedi haligi badaviy karvon ahli bilan salom-alik qilgach. -  Kecha otamning qabrini ziyorat qilgan ekansizlar. Qay biringiz otamdan ziyofat qilishni so`radingiz?»

Hamma hayratdan don qotgan edi. Karvonboshi qo`rqa-pisa oldinga chiqarkan bazo`r «men» deya oldi xolos.

«Otam kecha tushimga kirdi, - dedi haligi arab. - Bugun bir karvon ahli mening mehmonim bo`lib turibdi. Ularni mehmon qilishim kerak edi. Dasturxon yozishning ilojini qilolmadim. Shu bois, mendan mehmon qilishni so`ragan kishining tuyasini so`ydirib, ularga ziyofat beryapman. Ertalab turib, suruvdan eng baquvvat tuyani olginu, kun botar tomonga yur, karvonning qarshisidan chiqasan, men ulardan qarzdor bo`lib qolmay, tuyani egasiga topshir degan edi. Mana tuyangizning o`rniga o`rindosh, salomat bo`ling» dedi-da, tuyaning jilovini karvonboshiga tutqazib ortiga qaytdi. Karvon ahli hangu-mang bo`lgancha qotib qolishdi...

Hotami Toyi Islomdan avval yashab o`tgan. Rivoyatlarga ko`ra  uning ta`rifu tavsifi payg`ambarimiz (s.a.v)ga ham etib borgan va Hotamga  bo`lgan hurmatlari bois uning qabiladoshlariga alohida g`amxo`rlik  ko`rsatgan ekanlar. Zero, hadislarda xam saxiylik, himmat va  karam ko`p bora tilga olingan.

                                                                                              

 

    Boshqa yangiliklar