AsosiyJamiyat

“Tashabbus-2015”: Yilning eng yaxshi tadbirkor, fermer va hunarmandi aniqlandi

11 iyun kuni “Turkiston” saroyida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2015” ko`rik-tanlovining respublika bosqichi bo`lib o`tdi

Joriy yilda mamlakatimizning barcha hududlarida o`tkazilgan an`anaviy ko`rik-tanlovda 6,2 mingdan ziyod tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etdi. Ko`rik-tanlovning tuman, shahar va viloyat bosqichlarida g`olib bo`lgan 41 ishtirokchi  mamlakat bosqichiga yo`llanma oldi.

Tadbir O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi, “Hunarmand”  uyushmasi tomonidan tegishli vazirlik hamda idoralar hamkorligi va ko`magida tashkil etildi. 

G`oliblar tanlovning “Yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri” va “Yilning eng yaxshi hunarmandi” asosiy yo`nalishlari, shuningdek, “Yilning eng yosh tadbirkori”, “Keksa tadbirkor – “Tashabbus” e`zozida”, “Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi innovasion loyihasi”, “Yoshlar uchun eng ko`p ish o`rinlarini tashkil etgan tadbirkor”, “Mening Vatanim – mening faxrim”, “Yilning eng yaxshi mahsuloti” va boshqa qo`shimcha nominasiyalar bo`yicha aniqlandi.

“Yilning eng yaxshi tadbirkori” yo`nalishi bo`yicha Toshkent viloyatidagi “Takro Osiyo” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Kamoliddin G`iyosov g`olib bo`ldi. U rahbarlik qilayotgan korxona mato to`qish va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda eksport qilish bilan shug`ullanadi.

Namangan viloyatilik Ilyosjon Botirov “Yilning eng yaxshi fermeri” deb topildi. “Rais-Sang” ko`p tarmoqli fermer xo`jaligida paxta va g`alla, issiqxona mahsulotlari etishtiriladi, chorvachilik bilan shug`ullaniladi.

Xorazm viloyatilik Allazar Sa`dullaev “Yilning eng yaxshi hunarmandi”, deb e`lon qilindi. Xalq hunarmandi tarixiy yodgorliklar va ziyoratgohlarni ta`mirlash bo`yicha ishlari bilan mashhur.

“Tashabbus – 2015” ko`rik-tanlovi g`oliblariga Prezidentimiz sovrini – “Spark” avtomobillari kaliti, ikkinchi va uchinchi o`rin sohiblariga pul mukofotlari, maxsus nominasiyalar sovrindorlariga qimmatbaho sovg`alar  topshirildi. 

    Boshqa yangiliklar