“Darakchi” gazetasida berib boriladigan turli g`aroyib voqelar haqida o`qib, men ham yon-atrofimda ro`y berayotgan sirli hodisalarga e`tibor beradigan bo`lib qoldim. To`g`rirog`i, avval ahamiyat bermagan ekanman”, deydi bizga qo`ng`iroq qilgan muxlisamiz Nafisaxon. Ular so`zlab bergan voqeani eshitgach esa, bu dunyoda bizdan boshqa ham qandaydir kuchlar borligiga ishona boshlaysiz.
Inson yashagani sari turli ajoyibotlarga guvoh bo`laverar ekan. Men ham ba`zan bir voqea haqida o`ylab tushuna olmay qolaman. Shunday tuyilayaptimi yoki haqiqatmi bu, degan savolga javob topa olmayman.
Bir kun endigina uy yumushlarini qilib, hovli, uylarni supurib bo`lgandim. Shu payt ketimdan xazon yoyib chiqayotgan o`g`limni ko`rib asabiylashgandan asabiylashdim. O`shanda Jaloliddin chamamda olti yosh edi. Vajohatimni bosa olmay, avvaliga baqirdim. Keyin bir tarsaki tushirmoqchi bo`lib qo`l ko`targandim, kimdir qo`limni kuch bilan ushlab qoldi. Xayolimda “Dadasi bo`lsa kerak”, deb o`yladim. “Qo`yvoring qo`limni”, deyishimni bilaman, qarshimda turgan turmush o`rtog`imni ko`rib, shart orqamga o`girildim. Ne ko`z bilan ko`rayki, hech kim yo`q. O`g`lim esa allaqachon shataloq otib, ko`chaga chiqib ketgandi. Mening yuzimdagi hayratomuz holatni ko`rgan xo`jayinim “Ha nima bo`ldi, tinchlikmi?”, deb so`radi. Ularga qanday tushuntirish bilmay indamadim.
Shu kundan boshlab yuragimni qandaydir hadik chulg`ab oldi. Nazarimda kimdir men bilan yonma-yon yurgandek bo`laverardi. Ayniqsa, yolg`iz qolgan damlarimda qo`rqa boshlardim.
Yana bir kuni ko`chadan o`tib borayotgansam, yo`l chetida yotgan besh ming so`mlik pulga ko`zim tushib qoldi. “Topgan topaloqda”, deb pulni olib kissamga urmoqchi edim. Etib borib egilishimni bilaman, yana kimdir, menimcha o`shalar, etagimdan shunaqa kuch bilan tortishdiki, hatto orqaga tisarilib o`tirib qoldim. Shu voqeadan keyin haqiqatan ham nimadir bo`layotganiga ishona boshladim. Kimdir meni kuzatib yurardi.
Ularning menga kuch bilan ta`sir ko`rsatishlari xavotirga sola boshladi. Endi o`zimni o`zim boshqarishga qaror qildim. Biror ishga qo`l urishdan avval buning yaxshi yoki yomonligini o`ylab olib, keyin boshlaydigan bo`ldim. Shundan keyin ular biroz tinchib qolishdi. Chamamda yarim yilcha vaqt o`tdi. Uydagilar ham “Nega bunchalik o`zgarib qolding, bolalarga ham juda yumshoq gapiradigan bo`lib qolibsanmi?”, deya hayratlanishardi. Ularga bu haqda tushuntirib o`tirish juda mushkulligini bilganim uchun ham “Yo`q, nega. Hali ham o`sha o`shaman”, derdim.
Biz baribir xom sut emgan bandalarmiz-da, berilgan o`gitlarni tezda yodimizdan chiqarib yuboramiz. Asta-sekin men ham bu voqea haqida unuta boshladim.
Kichik qizim juda sho`x. Tinim bilmaydi. Bir kuni do`konga chiqib ketsam, kelgunimcha mehmonxonaga kirib, biror shirinlik axtarganmi, bilmadim, obdon hamma yog`ni ag`dar-to`ntar qilibdi. Bu ham etmaganidek, eng sevimli vazamni sindiribdi. Nima qilarimni bilmay rosa jahlim chiqdi. Bunday vaqtlarda urmaslikning sira iloji yo`q. Lekin xuddi o`g`lim bilan bo`lgan voqea yana takrorlandi. Ular qo`limni ko`targanim hamon mahkam etagimdan tortib to`xtatishdi.
Bu voqeadan so`ng ularni sira unutmaydigan bo`ldim. Bolalarimning himoya farishtasimi yoki yomon ishlardan asrovchi ilohiy kuchmi bilmadim-ku, lekin kim bo`lgan taqdirda ham meni hamisha yaxshi ishlar sari undashadi.
Shahnoza RAHIMXO`JAEVA yozib oldi.





