Milliy matbuot markazida oftalmologiya sohasida erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalarga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari olimlari, shifokorlar, yosh tadqiqotchilar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Ko`z kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan oftalmologiya va uning zamonaviy yo`nalishi – ko`z mikroxirurgiyasi sohasi shunday tarmoqlardan biri. Bugungi kunda poytaxtimiz va viloyatlarda mazkur sohaga ixtisoslashgan oltmishga yaqin tibbiyot muassasasi aholiga xizmat ko`rsatmoqda. Ushbu maskanlarda bir ming ikki yuz nafarga yaqin oftalmolog vrach faoliyat yuritmoqda, deya xabar bermoqda O`zA.
Oftalmologiyada ko`zni mikroskop usulida ko`rish va davolash amaliyoti yaratilishi natijasida ilgari davolash imkoni bo`lmagan ko`plab bemorlarni mutlaqo sog`lomlashtirishga erishilmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan ko`z mikroxirurgiyasi markazida aholiga yuksak texnologiyalar vositasida tibbiy yordam ko`rsatilmoqda. Zamonaviy andozalar darajasida barpo etilgan markazda kuniga 150 qatnovga mo`ljallangan maslahat-tashxis poliklinikasi, ellik o`rinli stasionar, jarrohlik, zamonaviy laboratoriya va markazlashgan sterilizasiya bo`limlari mavjud.
Markazda ko`z kasalliklarini erta aniqlash va samarali davolash borasida taraqqiy etgan mamlakatlarda qo`llanilayotgan yuksak texnologiyalar amaliyotga keng tatbiq etilmoqda. Jumladan, katarakta, miopiya kasalligini davolashda qo`llanilayotgan lazer jarrohligi usuli, glaukoma va neovaskulyar glaukomani davolashda qo`llanilayotgan ksenokollagen drenaj implantasiyasi, shishasimon tana va to`r pardaning og`ir xastaliklarini davolashda qo`llanilayotgan vitreoretinal jarrohlik amaliyotlari bunga misoldir.
Olimlar va shifokorlar bu yo`nalishdagi ilmiy-amaliy ishlarni rivojlantirish, aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish sifatini yanada yuksaltirish maqsadida jahon tibbiyotining dolzarb masalalari bo`yicha keng ko`lamli ilmiy izlanishlarni olib bormoqda. Tibbiy-profilaktika tadbirlarini rivojlantirishga ham alohida e`tibor qaratilayotir. Shu maqsadda qishloq vrachlik punktlarida tashkil etilayotgan salomatlik kunlarida oftalmolog va ko`z mikrojarrohligi sohasi shifokorlari faol ishtirok etayotir.
Diagnostika va davolashning yangi usullarini keng yoyish, zamonaviy tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida joylarda etuk olimlar, malakali shifokorlar ishtirokida muntazam ravishda mahorat darslari tashkil etilmoqda. Bunday chora-tadbirlar kasalliklarni kamaytirish, xalqimizning salomatlik ko`rsatkichini oshirishda o`z samaralarini berayotir.
Matbuot anjumanida oftalmologiya va ko`z mikrojarrohligi sohasida tibbiyotimiz va ilm-fanimiz erishayotgan yutuqlar, jahon tibbiyotining ilg`or uslublarini o`zlashtirish va undan amaliyotda foydalanish samaralari, xalqaro hamkorlik loyihalari va istiqboldagi ustuvor vazifalar haqida so`z yuritildi. Jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.





